Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi|🇺🇿 Rasmiy
61.9K subscribers
27.9K photos
2.62K videos
91 files
9K links
Boshqarmaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari:

Web-site: https://surxonedu.uz/uz.html

Instagram: https://www.instagram.com/sv_mmtb/

Facebook :https://www.facebook.com/groups/surxondaryo.mmtb

Murojaat uchun: @SurxonMMTB_murojaat_bot
Download Telegram
#Hikoya

O‘quvchini o‘zgartira olgan o‘qituvchi

Nafaqaga chiqqan o‘qituvchining o‘rniga boshqa muallima sinfga kirdi. Dars o‘tishni boshladi. O‘quvchilarning biriga savol bergandi, sinfdagi boshqa barcha o‘quvchilar kulib yuborishdi. O‘qituvchi hayron bo‘ldi. O‘quvchilardan so‘rab, o‘rinsiz kulguning siriga yetdi. Sabab: sinfda hamma aqlan zaif, savodsiz deb hisoblaydigan o‘quvchiga savol bergani ekan.

Dars tugagandan so‘ng o‘qituvchi o‘sha o‘quvchini yonida olib qoldi va unga ikki qator baytni berib:

- Buni ismingni yodlagandek yodlab kel va hech kimga aytma, - dedi.

Keyingi darsda muallima o‘sha ikki qator she'rni yozuv taxtasiga yozib, uning ma'nosini tushuntirdi va o‘chirdi. Shundan so‘ng o‘quvchilarga yuzlanib:

- Kim hozirgi she'rni yodlab qoldi, - deb so‘radi. Hech kim churq etmadi.

Faqat o‘sha "ikkichi" o‘quvchi ming hayajon, ikkilanish bilan qo‘l ko‘tardi va she‘rni yoddan aytib berdi.

Ustoz uni ko‘p maqtadi, boshqalar o‘rnak olishini aytdi. O‘quvchilar bu holatdan hayratga tushar, kimdir kecha kulgani uchun xijolat bo‘lar edi. Bu hol hafta mobaynida davom etdi. O‘quvchilarning bu o‘quvchi borasidagi fikrlari o‘zgarib bordi. Bolaning ruhiy holati ham ijobiy tomonga burilish yasadi. O‘quvchida o‘ziga bo‘lgan ishonch uyg‘ondi. Avvalgi o‘qituvchi hisoblagandek axmoq emasligini angladi. O‘quvchilar bilan ilmda musobaqa qila olishini, o‘z ustida ishlasa a'lochi bo‘la olishini tushundi. Shundan so‘ng nafaqat ushbu fandan, boshqalaridan ham yaxshi baholar ola boshladi. Maktabni yaxshi natijalar bilan bitirib, oliygohga kirdi, so‘ng magistraturani bitirdi.

Har kuni o‘zining sevimli ishiga otlanarkan unga ishonch bergan o‘sha o‘qituvchini eslab, uni ich-ichidan duo qilardi.

✍🏻 Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi matbuot xizmati.

Telegram | Facebook | Instagram | You tube
#Hikoya

Ilm o'rganish hikmati

Keksa otaxon nabirasi bilan tog'li hududda, daryo bo'yida yashardi. Nabira har tong bobosining kitob o'qib o'tirganini ko'rar va sekin yoniga borib cho'kkalab o'tirar, quloq solar edi. Asta-asta o'zi ham o'qishni o'rgandi. Bir kuni u:

- Bobo, men ham sizdek o'qiyman, ammo ma'nosini tushunmayman. O'qigan joylarim tezda yodimdan chiqib ketadi, bunday o'qishdan nima foyda, - dedi.

Bobo savatdagi ko'mirni pechga solib, nabirasiga yuzlandi:

- Mana bu savatni olda, daryodan bir savat suv keltir, - dedi.

Nabira bobosi aytganidek qildi. Ammo, uyiga qaytgunicha hamma suv savatdan oqib ketdi. Bobosi kulib:

- Kayingi safar tezroq yurishingga to'g'ri keladi, - dedi va nabirasini yana daryoga yubordi.

Bola daryodan suvni oliboq uyga yugurdi. Lekin bu safar ham hamma suv oqib ketdi. Bola hansirab kelib, bobosiga savatda suv olib kelish imkonsiz ekanligini aytdi va qo'liga chelak oldi. Shunda bobosi:

- Menga chelak bilan emas, shu savat bilan suv keltir. Sen yetarlicha harakat qilmayapsan, - dedi.

Bola savatda suv keltirib bo'lmasligini, qancha urinmasin, suv savatdan oqib ketaverishini bobosiga ko'rsatgisi keldi va yana savatni daryoga tashladi. Uni olib bor kuchi bilan yugurdi. Bobosining yoniga yetib kelganida savatda bir tomchi ham suv qolmagan edi. Bolakay hansiragancha:

- Bobo, savatda suv keltirib bo'lmaydi, - dedi.

- Harakatim behuda ketdi deb o'yladingmi? Bolam, savatga bir qaragin, - dedi bobo nabirasiga. Bolakay savatga qaradi. Ko'mir solinadigan qop-qora, kir va eski savat top-toza bo'lib qolganini ko'rdi. Shunda bobosi unga:

- Bolajonim, sen kitob o'qiganingda ham shunday hol yuz beradi. Sen hech narsa tushunmasligining yoki eslab qolmasliging mumkin, lekin uni uqqaningda ichki, tashqi tomondan o'zgarasan, tozalanasan, qalbingga ziyo kiradi, - dedi.

✍🏻 Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi matbuot xizmati.

Telegram | Facebook | Instagram | You tube
#Hikoya

Insoniylik

O'qituvchi sinfga kirishi bilan bolalar shovqini tindi. O'qituvchi doskaga 1 raqamini yozib:

– Qaranglar! – dedi, - bu insoniylik. Insoniylik hayot bizga berishi mumkin bo‘lgan eng qimmatbaho narsa. Keyin «1» ning yoniga 0 raqamini yozdi:

– Bu muvaffaqiyat. Insoniylik muvaffaqiyat bilan birga bo‘lsa, «1» ni «10» ga aylantiradi, – dedi ustoz va doskadagi raqam yoniga yana bir «0» qo‘shdi.

– Bu esa tajriba. «10» bo‘lsangiz «100» ga aylanasiz. Nollarni istaganingizcha qo‘shing: malaka, qobiliyat, intizom, sevgi va hokazo. Qo‘shilib borayotgan har bir nol insoniylikni 10 barobar kuchli qiladi. Keyin qo‘liga lattani olib, qator boshida turgan «1» ni o‘chirib tashladi. Doskada bir talay «0» lar qoldi. Ustoz sukunatni buzib, dedi:

– Insoniylik bo‘lmasa, boshqasi bekor!!! Sinfda tag‘in jimjitlik hukm surdi.

✍🏻 Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi matbuot xizmati.

Telegram | Facebook | Instagram | You tube