Elektron kitoblar
26.3K subscribers
198 photos
950 files
600 links
Elektron kitoblarni bepul yuklab oling va mutolaa qiling.

Reklama xizmati: t.iss.one/reklama_servis/139

📩 @kitobxonrobot
Download Telegram
#Mutolaa

Motivatsiya)

📚 @kitoblar_pdf
#Mutolaa

Qanday mutolaa qilish kerak?

Ko‘p o‘qishni istaymiz-u, lekin uning uddasidan hamisha ham chiqavermaymiz... Bu hayron qolarli holat emas. Chunki juda ko‘pimiz mutolaa masalasida muammolarga duch kelamiz. Bunday damda mutaxassislarning tavsiyalarga quloq tutish foydadan xoli emas. Mutolaa ko‘nikmasini puxta egallab olish kishiga umr bo‘yi asqatadi. Buning uchun esa:

1. To‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rganing. So‘z tovushlardan tashkil topadi. Birinchi o‘rinda alifbo harflari ifodalaydigan barcha tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rganishingiz zarur. Ba’zi tovushlarning aytilishi qiyin bo‘ladi. Mashq qiling, o‘rganing. Hatto tovush chiqarmay o‘qiyotganda ham, ichingizda tovushlarni ovozsiz aytib turasiz. Agar biror tovush talaffuzida qiynalsangiz, o‘qishda ham mashaqqatga uchraysiz.

2. O‘qish uchun qiziqarli biror narsa toping. Bu badiiy kitob, gazeta-jurnal yoki internetdagi maqola bo‘lishi mumkin. O‘qiyotgan narsangiz siz uchun qiziqarli bo‘lmasa, mazmuni ko‘p o‘tmay yodingizdan ko‘tariladi.

3. O‘qish uchun tinch joy kerak. Chunki diqqat jamlanmasa, kitobni ko‘ngildagidek o‘qiyolmaysiz, uning mazmunini ham to‘la-to‘kis anglolmaysiz. Mutolaa oldidan xotirjam bo‘lish va chuqur nafas olish yaxshi foyda beradi.

4. Agar matn surat va rasmlar bilan bezatilgan bo‘lsa, oldin ularga e’tibor bering. Shunda nima o‘qiyotganingizni, umumiy mazmunni yengilroq tushunasiz.

5. Sabringiz yetguncha o‘qing. Zeriksangiz, charchasangiz yoki nafas rostlashga ehtiyoj sezsangiz, o‘sha zahotiyoq tanaffus qilib oling. Mutolaa sizga lazzat bag‘ishlashi kerak. O‘zingizni zo‘riqtirmang. Tanaffusdan so‘ng to‘xtagan joyingizdan davom ettiring.

6. Matnni qayta o‘qing. Agar biror xatboshi yoki sahifadagi fikrni, voqeani to‘la tushunmagan bo‘lsangiz, yana qayta o‘qing. Bu tabiiy holat. Jahllanmang, erinmang. Chunki boshida biror jumla yoki fikrni yaxshi anglolmay qolsangiz, keyin u sizga qayta-qayta pand beraveradi. Ovoz chiqarib o‘qing. Bu ham anglashni osonlashtiradi. Shunda ham tushunishga qiynalsangiz, yaqinlaringizdan yordam so‘rang.

7. Har bir sahifani sinchiklab, e’tibor bilan o‘qing. Shoshmang. Ba’zi odamlar tez o‘qib ham yaxshi natijaga erishish mumkin deb o‘ylaydi. Lekin aksariyat hollarda kutilgan maqsad hosil bo‘lmaydi. Barmoqlaringizdan ko‘rsatkich o‘rnida foydalanishingiz mumkin. Bu usul diqqatingizni jamlashga yordam beradi.

8. Tushunarsiz so‘z, ibora va atamalar ma’nosini aniqlashtirib oling. Ko‘pincha ularga kitobning o‘zida izohlar beriladi. Agar bunday tushuntirishlar bo‘lmasa, lug‘atdan foydalaning. Ma’nosini yaxshi anglamasangiz, mutolaadan juda kam foyda topasiz.

9. Diqqatni jamlang.
Divanda chalqancha yotib kitob o‘qish tanangizni bo‘shashtiradi, ko‘p o‘tmay uxlab qolasiz. Yetarli darajadagi axborotni gavdani to‘g‘ri tutib o‘qigandagina olishingiz mumkin. Masalan, stolga risoladagiday joylashib, oyoqlarni yerga qo‘yib mutolaaga kirishsangiz, e’tiboringiz sezilarli darajada oshadi. Ba’zilar turib o‘qishni yoqtiradi, ba’zilar esa u yoqdan bu yoqqa yurgancha o‘qishni afzal biladi. Mutolaa nafaqat ko‘ngilga, balki tanaga ham zavq berishi kerak. O‘zingizga ma’qul usulni tanlang.

10. Kompyuter, planshet yoki telefon ekranidan o‘qiyotganda qoidalarga amal qiling.
Siz turgan joy yoki xona yaxshi yoritilgan bo‘lishi shart. Aks holda ko‘zingizga jiddiy zarar yetkazasiz. Maxsus ko‘zoynaklardan ham foydalanishingiz mumkin. Ular ko‘zingizni tez toliqishdan asraydi. Matn shriftini kattartirib, oson ko‘rinadigan qilib oling. Har yarim soatda ko‘zga dam bering. Ko‘zlaringizni ko‘proq yumib-oching, mashqlar qildiring. Yotgan holatda o‘qimang.

11. O‘qishni davom ettiring.
Bo‘sh vaqtlaringizda iloji boricha ko‘proq mutolaa qilish harakatida bo‘ling. Ko‘p o‘qish nafaqat lug‘at boyligingizni, balki dunyoqarashingizni ham boyitadi. Odamlar sizga boshqacha ko‘z bilan qaray boshlaydi.

Orifjon Madvaliyev tayyorladi.

📚 @kitoblar_pdf