DAVLAT TILINI RIVOJLANTIRISH DEPARTAMENTI
3.63K subscribers
9.7K photos
2.25K videos
10 files
6.1K links
Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rasmiy sahifasi
Download Telegram
​​#Tilbilimdan_bir_chimdim

CHIVINMI YO PASHSHAMI?

✔️Bir hasharotni O‘zbekistonning yarmi – pashsha, ikkinchi yarmi – chivin deydi va aksincha.

✔️Maʼlumki, Farg‘ona, Toshkent hududlarida “chivin” deganda – kichkina, qon so‘radigan hasharot, “pashsha” deganda – qora, kattaroq hasharot tushuniladi, boshqa hududlarda esa buning teskarisi.

✔️Tabiiyki, adabiy tilda har ikki hasharotni ikkala nomda ham atab bo‘lmaydi, pashsha va chivin biz uchun arzimas bo‘lib tuyulsada, lekin fanda ular mutlaqo boshqa-boshqa mavjudotlar, ularning aniq nomi bo‘lishi kerak, deylik, sigirni fil, filni sigir deyolmaymiz.

✔️Izohli lug‘atga ko‘ra, PASHSHA yozda juda ko‘payib ketadigan, turli suyuq organik moddalar bilan oziqlanadigan qo‘sh parda qanotli hasharot.

✔️CHIVIN esa ikki qanotli, uzun mo‘ylovli qon so‘ruvchi mayda hasharot.

✔️“Chivin” so‘zining eng qadimgi ko‘rinishlari: “chibin”, “chigun” shakllarida bo‘lib, X-XI asr obidalari: “Oltin Yoruq” yodgorligi, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari orqali bizgacha yetib kelgan. Ikkala manbada ham bu nom hozirgi adabiy tildagi chivin (kichigi) maʼnosida emas, balki viloyatlardagi so‘zlashuv tiliga oid deb qaraladigan “chivin” (katta) maʼnosida ishlatilgan (Jorї turmatї bir čїgünkä alїn – Bir chivinga kuchi yetmadi. “Qutadg‘u Bilig”).

✔️Navoiy bobomiz ham “chibin” deganda hozirgi adabiy tilimizdagi chivinni emas, balki olis o‘tmishda ajdodlarimiz bu nom bilan qaysi hasharotni atashgan bo‘lsa, xuddi o‘shani tushungan. Xususan, “Saddi Iskandariy” dostonida Navoiy aylanuvchi falak, yaʼni osmonni tegirmon uyiga, Zuhal (Saturn) sayyorasini o‘sha uydagi qora chivinga o‘xshatadi:

“Qaro yuz bila charxi gardunnishin,
Nechukkim, xaros uyi ichra chibin”.

✔️Shu o‘rinda bu hasharot (kattasi) qardosh tillarda qanday atalishiga eʼtibor bersak: qozoqcha: shыbыn; turkmancha: ҫybyn, uyg‘urcha: chivin (“چىۋىن”), qirgizcha: chыmыn; tatarcha: cheben, boshqirdcha seben. Yaʼni, aksariyat turkiy xalqlar “chivin” deb ataydigan hasharot faqat o‘zbek adabiy tilida “pashsha”ga aylanib qolgan.

✔️“Pashsha” esa fors tilidan o‘zlashgan bo‘lib, Shavkat Rahmatullayev o‘zining “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati” III tomida unga shunday izoh beradi: “Pashsha forscha, tojikcha lug‘atlarda: “qo‘sh parda qanotli, uzun mo‘ylovli, tanasi ingichka, qon so‘ruvchi mayda hasharot (chivin)” maʼnosini anglatishi aytilgan.

✔️O‘zbek tiliga bu ot tojikcha shaklida olinib, “qo‘sh parda qanotli, tanasi dumaloq, asosan ovqat qoldiqlarini yeb yashaydigan hasharot” maʼnosini anglatadi.
Hozir ham tojik tilida “pashsha”, “xomӯshak”, fors tilida “pāshe” (“پشه”) deganda o‘sha qon so‘ruvchi mayda hasharot tushuniladi. Qizig‘i shundaki, o‘zbek tilida “pashshaxona”, “pashshaxo‘rda” so‘zlari ham aynan ana shu chaqadigan pashshaga nisbatan ishlatiladi, ammo hasharotning o‘zi "chivin" bo‘lib qolgan.

✔️Alqissa, narsani o‘z nomi bilan atab, "chivin"ni ajdodlarimiz, qardoshlarimiz qaysi hasharotga nisbatan qo‘llasa, shunday qo‘llasak, pashshani ham asliyati maʼnosiga moslasak, tilimiz bir qusurdan qutulgan bo‘lar edi.

Abduvohid Hayit

Kanalga ulanish
👉 https://t.iss.one/dtrdep

Bizning manzil:
Veb-sahifa | Telegram | Facebook