Allaev Uz
14K subscribers
1.55K photos
387 videos
15 files
1.7K links
www.asaxiy.uz internet-do'koni ( @asaxiymarket ) va Asaxiy Books nashriyoti ( @asaxiybooks ) asoschisi, tadbirkor.

Bog'lanish: [email protected]

Anonim murojaat: https://t.iss.one/questianonbot?start=332983-1839_605745778b

Reklama: @asaxiymedia
Download Telegram
Qiziqarli keys, vaqtim yoʻq, vaqtim yetmayapti degan odamning instagramda oʻtkazgan vaqtini tekshirdik. Bir kunda 4 soatu 14 daqiqa. Bu vaqtga YouTube, Facebook va telegram kirmagan.

Vaqtim yoʻq degan odam uyqudan tashqari vaqtining 25-30 foizini Instagram yoki ijtimoiy tarmoqqa sarflab qoʻymoqda. Man televizor koʻrmayman deb faxrlanib ham qoʻyadi. Faol vaqtining uch yoki toʻrtdan birini ijtimoiy tarmoqqa sarflash xudo bergan umrni isrof qilishdir.

Ijtimoiy tarmoqdan foydalanmang demayman, lekin mezon boʻlishi kerak. Ishoning, undan muhimroq, siz vaqt sarflashingiz kerak boʻlgan narsalar hayotimizda juda koʻp.

#mulohaza
@allaevuzb
Bizda kitoblarni kategoriyalashtirishda biznes va psixologiyani adashtirish juda koʻp uchraydi. Shuni farqlab olish muhim.

Biznes kitoblar - bu biznes ochish yoki uni turli sohalarda rivojlantirish haqidagi kitoblar. Bular koʻpincha professional adabiyotlar ham boʻlishi mumkin. Marketing, menejment, biznes moliyasi, HR, liderlik va boshqa sohalar kitoblari biznes kitoblardir.

Psixologik kitoblar - bu insonga psixologik tomondan yordam beradigan, oʻzini yoki atrofdagilarni yaxshi tushunish imkonini beradigan, oʻz xarakteri yoki ruhiyatini yaxshilashga imkon beradigan kitoblar. Masalan, biznikilar yaxshi koʻradigan Karnegining kitoblari koʻproq psixologiya kategoriyaga kiradi. Oʻzi aksar shaxsiy rivojlanishga doir kitoblar, shu jumladan hayotga motivatsiya beradigan kitoblar ham psixologiya kategoriyasiga kiradi, biznes emas.

Tepadagi mantiq treninglarga ham ishlaydi. Biznesga yoʻnalishlar boʻyicha foydali boʻlmagan treninglarni biznes trening emas, motivatsion yoki psixologik trening deb nomlash kerak.


#mulohaza
@allaevuzb
Instapsixolog va psixologik treninglar mani doim xavotirga soladi. Ular insonning mental sog‘ligi bilan o‘ynashadi va ular noto‘g‘ri bergan qarashlar insonlarning ham shaxsiy, ham oilaviy hayotiga ta’sir qiladi.

Shunaqa psevdo psixologlardan birini chiqishini ko‘rib qoldim. U o‘z-o‘ziga ishonch (samootsenka) haqida gapirib, uni mutloq past va balandga bo‘lmoqda. Hech qanaqa chuqur analizsiz past samootsenkani ich-ichidan baxtsizlik sabab deb aytmoqda. Endi uni samootsenkasi bilan muammo bor odam ko‘rish faraz qiling. Samootsenka bilan muammo bo‘lsa hammada bo‘ladi.

Chunki o‘z-o‘ziga ishonch odamda doim shartli bo‘ladi. Bu muhitga, odam o‘sha muhitni qanchalik bilishiga, emotsional intellektga va juda ko‘p narsalarga, ko‘nikmalarga bog‘liq. Hatto kuchli emotsional intellekt ham hamma vaziyatda kuchli samootsenkani kafolatlamaydi. Odam o‘ziga begona bo‘lgan yoki qo‘lidan yaxshi kelmagan biror mavzudagi hududga tushganda o‘z-o‘ziga ishonch aynan o‘sha kontekstda past bo‘ladi, ikkilanadi. Deylik, sport zalga yillar davomida qatnab mushaklarini chiqarib yurgan odamni Navoiyxonlik kechasiga olib borib sahnada qo‘liga mikrofon berib qo‘ysangiz, u o‘sha vaziyatda o‘zini to‘liq ishonch bilan tutolmaydi. Shunga o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonch shartli bo‘ladi.

Keyin, biror sohada o‘z-o'ziga bo‘lgan ishonchni mutlaq qo‘lga kiritib bo‘lmaydi. Masalan, o‘n yillab mashina haydagan tajribali o‘ziga ishonchi oshib ketgan shofyor avariya qilsa, keyingi mashinaga o‘tirishlarida oyog‘i qaltirashi mumkin. Tajribali shifokor bilan ham shunaqa. Munosabatlar bilan ham shunaqa. Samootsenkani ma’lum bir yo‘nalishda oshirishning yo‘li o‘sha yo‘nalishni yaxshiroq o‘rganish, o‘sha muhitga ko‘proq moslashish, o‘sha muhitda ko‘proq mashq qilish deb bilaman. Endi hayotda siz tushadigan 4-5 muhitni yaxshi biladigan odamga aylansangiz, boshqa nostandart vaziyatga tushmaguncha umumiy o‘sha muhitda o‘z-o‘ziga ishonch yaxshi bo‘lsa kerak.

Aytgancha, insta yoki psevdopsixologlarga duch kelganda, doim uning kimligiga, sohada yutuqlariga, olgan diplomlariga qiziqqan ma’qul. Oldingi yillar umrida bir dona biznes yuritmagan odamlar biznes trener bo‘lib olib armiyadan katta auditoriya to‘plagandek, insta psixologlarimizni ham aksari shunchaki 2ta motivatsion kitob va bitta podkast eshitib psixologlik qilayotgan bo‘lishi mumkin.

#mulohaza
@allaevuzb
Pokemon Go esingizdami?

Hatto ota-onalar bolasi bilan qidirib qolgandi. Oʻshanda shimol ta'sirida bir qism odamlar bundan insoniyat sivilizatsiyasiga xavf koʻrgan edi. Trend oʻtgach esdan ham chiqib ketdi.

Har doim nimadir trendlar paydo boʻladi va yoʻqoladi. Oldin ham shundoq boʻlgan, internet asrida ham. Paydo boʻladigan trend insonlar umriga xavf solsa yoki qonunni buzishga undasa, unga qarshi kurashish kerak, bu zarurat. Masalan, siniy kitga qarshi kurashish juda muhim edi.

Boshqacha holatda, yosh bolalar oʻrtasida oddiy trendni jiddiy turib siyosiylashtirish uni endi siyosiy muammoga aylantiradi. Unga qiziqishni ham orttiradi. Ishonchim komil, shunchaki qoʻyilsa, bir yilga bormasdan bugungi aksar trendlar eskiradi va yangilari chiqadi. Dunyo shunaqa ishlaydi.

#mulohaza
@allaevuzb
Insoniyat doim taraqqiyotining keyingi bosqichiga maʼlumot alishish tezlashganda qadam tashlagan. Maʼlumot alishish va unga erishish osonlashgan sari sivilizatsiya keyingi bosqichga chiqavergan. Katta imperiyalar bilan ham shunaqa boʻlgan. Buyuk Ipak Yoʻli ham shunchaki savdodan tashqari katta hudud oʻrtasida maʼlumot alishishni tezlashtirgani uchun sivilizatsiyaga hissasi juda katta. Yoki moʻgʻul imperiyasi juda katta hududda tizimli pochta yaratadi va yagona qonunchilik joriy qiladi. Moʻgʻul imperiyasining ham insoniyat rivoji tarixida oʻrni katta.
Demak, har qanaqa maʼlumot alishishi tezligi va unga erishish osonligi insoniyatni keyingi bosqichga undaydi. Biz internet orqali bu jarayon bir necha marotabaga tezlashgan davrda yashadik. Bu sivilizatsiya uchun misli koʻrilmagan yangi qadamlarni ochdi. Endi esa sunʼiy intellekt davrida yashamoqdamiz va bu maʼlumotni internetning oʻzidan yana kamida 10 marotabaga oson qilib bermoqda. Bu kelajak uchun, insoniyat uchun qanaqa imkoniyatlar ochishini yaqin kelajakda bilib olamiz.

Maʼlumot alishish osonligi insoniyat rivojini tezlashtirgan tarixiy analog sifatida boshqa misol beraman. XV asrning oʻrtalarida Iogann Gutenberg tomonidan ilk bosmaxona kashf etiladi. Bu oʻsha davrda asosiy maʼlumot manbai boʻlgan kitob tayyorlashni bir necha marotabaga tezlashtiradi. Ungacha bir kitobni tayyorlash oylab, bazan yillab vaqt olardi. Shu uchun ham ungacha kitoblar asosan elita uchun foydali diniy kitoblar bilan cheklanardi. Qolgan aksar bilimlar ogʻizdan ogʻizga oʻtib oʻzgarib borardi. Bu oʻsha davrda asosan zodagonlar bolalari uchungina bor boʻlgan taʼlim sifatiga ham zarba berardi.
Bosmaxona paydo boʻlishi yoppasiga maʼlumot ishlab chiqarish imkonini yaratdi va uning narxini ham tushirdi. 1454-yildan 1500-yilgacha Yevropada 12 milliondan ortiq kitob chop etiladi. Ungacha butun insoniyat tarixida tayyorlangan kitoblar umumiy soni 11 millionta atrofida boʻlgan. Kitoblar orqali tizimli maʼlumot oddiy italyan, nemis va fransuz bola qoʻliga yetib boradi. Maʼlumot osonlashib insonlar osonroq va asosli bilim olishidan eng koʻp kim norozi boʻladi? Albatta, katolik cherkovi.

Kitoblar sabab oldinda insoniyat taqdirini oʻzgartiradigan keyingi qadamga oʻsha davrda ikki asrcha kerak boʻladi. Oldinda Yevropani renessans, undan keyin sanoat inqilobi kutardi. Bunisi endi boshqa tarix...

#mulohaza
@allaevuzb
Twitterda fanga qarshi, uning o‘zgarib turishi, xato qilishi haqida yozishganini ko‘rdim.

Faqat muammo shundaki, fanning xato qilishi, xatolar ustiga o‘rganishi va o‘z o‘zini to‘g‘rilash mexanizmi uning ustunligi hisoblanadi. Bu insoniyat taraqqiyotining asosiy drayveri ham hisoblanadi. Fan xato qiladi, xatoni to‘g‘rilaydi va to‘g‘rilangan yechim ham alohida kontekstda xato bo‘lishi mumkin. Uni keyin yana to‘g‘rilaydi va shunaqa qilib u boyib, rivojlanib boradi. Bu ilm-fanning eng muhim fundamenti. Masalan, XIX asrda Nyuton qonuni butun borliqni tushuntiradi deb ishonilsa, XX asrda nisbiylik nazariyasi va kvant fizikasi bu qarashni yana o‘zgartirdi.

Bu jihatdan bizning biologik xususiyatlarimiz fan bilan o‘xshash. Yurishni o‘rganayotgan bola qayta qayta qoqilib, vaqt o‘tgan sari dadilroq qadam tashlaydi. Uning harakatlari xato bilan o‘z o‘zini to‘g‘rilaydi. Fan ham xatolar bilan o‘zini o‘zi to‘g‘rilab boradi.

Fanda xato izlash shunchalik kuchliki, xatoni aniqlagan odam ko‘kka ko‘tariladi, hamma tomonidan e’tirof etiladi. Fan o‘z vakillarini xato izlashga, xato topishga undaydi. Eng zo‘r xatolarni topganlar hatto Nobel olishi mumkin.

Fan o‘zgarmas deb davo qilinadigan joy bo‘lganda, xato topgan vakil mukofotlanmas, aksincha o‘zgarmas deyilgan narsaga xavf solgani uchun la’natlanar, hatto jazolanardi ham.

Fanning o‘z xatolarini aniqlab o‘z o‘zini tuzatishi aslida uning fazilatidir. Fanni o‘zgaruvchan bo‘lganligi, xato qilganligi uchun uni xato deb qarash ahmoqlikdan boshqa narsa emas.

O‘z xatolarini tan olmaslik, o‘zgarmaslikni davo qilish aslida qo‘pol xato va bu taraqqiyotning oyog‘iga urilgan bolta bo‘lishi mumkin.

O‘qishdan, o‘rganishdan va o‘zgarishdan hech qachon charchamaylik.

#mulohaza
@allaevuzb
Muammolar haqida gapirganda, ko‘pchilik o‘zidan kelib chiqib umumiylashtiradi. Bu juda qo‘pol xatodir.

Masalan, Toshkentda Darxonda yashab turib, O‘zbekistonda deyarli svit o‘chmaydi deb xulosa berib bo‘lmaydi. Xuddi shunaqa, siz va sizning atrofingiz Sevara Nazarxonni sevib tinglasa, bu butun O‘zbekiston uchun to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Vodiy Sheralini, Xorazm Og‘abekni ma’qul ko‘rishi ehtimoli katta. Yana sizga Ledi Gaga yoqsa, butun O‘zbekistonga yoqadi degani emas.

Sizning oilangizda ayol e’zozda bo‘lsa, butun O‘zbekistonda ayollar e’zozda degani emas. Sizning hududda odamlar tolerant bo‘lsa, butun O‘zbekistonda tolerant degani emas.

Sizning atrofingizdagilar alkogol ichmasa, O‘zbekistonda alkogolizm yo‘q degani emas.

Sizni krug Ukrainani qo‘llab quvvatlasa, butun O‘zbekiston qo‘llaydi degani emas, katta ehtimol bilan Ros TV miyasini yuvgan omma ko‘proq qism chiqadi.

Keyingi safar muammo ko‘tarilganda o‘z orolchangizdan kelib chiqib muammoni rad etishga shoshilmang. Muammo borki, kimlardir uni norozi bo‘lib olib chiqmoqda.


#mulohaza
@allaevuzb
Bugun Konstitutsiya kuni. Chiroyli tabrik yoki so‘zlar yetarlicha aytildi. Biroz konstitutsiya nimaligi va nimaga kerakligi haqida "palsapa" qilamiz.

Har bir davlat fuqarolarning o‘zaro kelishuviga asoslanadi. Ushbu kelishuv biror joyda qayd etilishi va davlat ichida tartib va taraqqiyot bo‘lishi uchun asos bo‘lib ishlashi kerak. Biz bu kelishuvni XXI asrda “Konstitutsiya” deb ataymiz. Bu hujjat — qog‘ozga yozilgan kelishuv yoki tamoyillar yig‘indisidan ko‘proq narsa. U xalqning “umumiy kelishilgan hayot yo‘li” bo‘lib, har bir fuqaro uning asosida harakat qilish majburiyatini oladi. Yanada aniq aytsa, konstitutsiya mamlakatda hayot qanaqa bo‘lishi haqida o‘sha mamlakatda yashovchi fuqarolarning yoki siyosiy elitaning umumiy kelishuvidir. Konstitutsiya bir mamlakat ichida yaxlit, tartibli va barqaror tizimni yaratish imkonini beradigan asosiy hujjatdir.

Tasavvur qiling, bitta choyxona ochdik. Choyxona qoidasi oddiy: kimdir choy ichadi, kimdir kofe. Lekin birdaniga “choychilar” va “kofechilar” orasida katta janjal chiqib ketsa nima qilamiz? Ana shunda Konstitutsiya kabi qoidalar kelib, hammani tinchlantiradi. U sizga “Har kim istagan ichimligini ichsin, faqat boshqalariga xalaqit bermasligi kerak”, deydi. Konstitutsiya bizning jamiyatdagi katta choyxonaning qoidalar kitobi, xolos. Lekin unda yozilgan narsalar barchamiz uchun muhim va majburiy.

Falsafiy tomondan qarasak, odamlar nafaqat tabiiy instinktlar asosida, balki o‘zlari yaratgan, umumiy jamiyatda tartib va farovonlikni kafolatlaydigan konstruksiyalarga ko‘ra ham yashaydi. Konstitutsiya zamonaviy dunyoda ana shunday konstruksiyalarning asosidir.

Tarixan insoniyat ozodlik va nazorat o‘rtasida muvozanat izlab yashagan. Konstitutsiya bu muvozanatni ta’minlovchi bir hududdagi umumiy hujjatlarning asosidir. U bir tomondan umumiy tartib va taraqqiyot uchun hammaga majburiyat yuklasa, bir tomondan o‘sha jamiyatdagi fuqaroga erkinlik va huquqlarni kafolatlaydi. U hokimiyatning imkoniyatlarini va chegaralarini belgilaydi, shu bilan birga, fuqarolarning ham huquqlarini himoya qiladi, chegaralarini (majburiyatlarini) belgilab beradi.

Konstitutsiya shunday deydi: “Davlat, sen hokimiyatni qachon istasang shunaqa ishlata olmaysan! Fuqaro, sen istagan narsani qilolmaysan, konstitutsiya asosida shakllangan qonunlar senga mana bu majburiyatlarni yuklaydi. U majburiyatlarni sendan davlat talab qiladi!"

Tasavvur qilaylik, bir amaki sizdan so‘radi: “Konstitutsiya oddiy qog‘oz-ku. Nimaga bunchalik ahamiyat beryapsan?". Ha, to‘g‘ri, u oddiy qog‘oz. Lekin bu qog‘ozda yozilgan narsalarga ishonmasak, amal qilmasak nima bo‘ladi? Har kim “qonunlar kerakmas!” desa, sizning choyxonadagi choychilar va kofexo‘rlar tortishuvi jiddiy jangga aylanishi va umuman choyxonaning kelajagiga xavf solishi mumkin.

Konstitutsiya xuddi futbol qoidalari kabi. Agar hech kim qo‘l bilan o‘ynashni taqiqlovchi qoidaga rioya qilmasa, futbol emas, to‘polon bo‘ladi. Odamlar o‘zaro kelishgan qoidalarga ishonishgani uchun o‘yin o‘yinga aylanadi. Konstitutsiya ham shunday: u mamlakat fuqarolari "hayot o‘yini”dagi asosiy qoidalardir.

Konstitutsiyaviy davlatlar har bir fuqaroga teng imkoniyatlarni, undan tashqari turli xil huquqlarni kafolatlashni va’da qiladi.  Bu va’dalar ba’zan ishlaydi, ba’zan ishlamaydi.  Hali amalda ishlab ulgurmagan joyda, konstitutsiya fuqarolarga maqsadga eltuvchi yo‘l yoki "harakatlar strategiyasi" bo‘lib berishi mumkin.  Bu — rivojlanishning asosiy mexanizmidir. Yanada aniqroq aytsak, konstitutsiya mamlakat qanaqaligini emas, o‘sha mamlakat "orzuda" qanaqa bo‘lishini anglatishi mumkin. 
Shu uchun ham "orzudagi O‘zbekiston" "konstitutsiyadagi O‘zbekiston" deb aytish mumkin.

Xullas, Konstitutsiya 8-dekabr kuni eslanadigan oddiy qog‘oz kitob emas. U xalqni birlashtiruvchi “jamoaviy kelishuv”. Ba’zan biz uni tushunamiz, ba’zan esa yo‘q. Lekin u bizning choyxonamiz, davlatimiz va hayotimizni tartibda saqlash uchun asosiy hujjatdir.

#mulohaza
@allaevuzb
Oldingi postning davomi:
Globalizm rivojlanish uchun xom ashyo va bozorga ega bo‘lishning madaniy yo‘li edi. Erkin savdo sanoatlashgan jamiyatlarni rivojlantirish uchun artilleriyadan foydaliroq bo‘lib chiqdi. Bugun aksar sobiq koloniyalar o‘z mustaqilligini urishib qo‘lga kiritmagan, aksincha siyosiy va iqtisodiy paradigma o‘zgarishi ortidan rivojlangan dunyo xom ashyo olish va ularda sotish uchun ularni egallab olish shart emasligini tushunib yetgan.

Bugun O‘zbekiston biror joyni bosib olmasdan, siz o‘z dasturxoningizda dunyoning xohlagan nuqtasidan kelgan mahsulotlarni iste’mol qilasiz. O‘zbekistondan ham mahsulotlar dunyoning xohlagan nuqtasiga yetib borishi mumkin. Keyingi safar Ahmad choydan bir ho‘plab Dubay shokoladini yoki Misr xurmosini yeb turib, jiddiy bashara bilan globalizm "fitna" nazariyasi deyishdan oldin hech bo‘lmasa ozroq o‘qib qo‘ying. Globalizm nima o‘zi u, uni nima bilan qo‘shib yeydi? Uning yaxshi tomoni nimada-yu, yomon tomoni-chi?

#mulohaza
@allaevuzb
Орқасида сиёсат ёки бирор идеология (ғоя) турган ҳаракатлар ёки қарорлар шунчаки ҳаракат эмас, ўша идеология қуролидир. Кўпинча бир жест бир жойда оддий ҳаракатни, бошқа жойда ғоявий ҳаракатни ифодалаши мумкин.
Масалан, 8 май куни ўлган бобосининг расмини Европада кимдир кўтариб чиқса, у шунчаки уни эслаш ҳаракати деб қаралиши мумкин. Худди шу ишни 9 май куни МДҲ ҳудудида руслар қилса, бу Кремль сиёсатини дастаклаш деб қаралади. Бунга сабаб Кремль расмлар билан маршни сиёсий инструментга айлантирганлигидир.
Бунақа нарсалар жуда кўп. Дунёнинг қайсидир мамлакатларида ароқ ичиш шунчаки спиртли ичимликлар истеъмоли бўлса, бошқа бир мамлакатда бу ҳатто сиёсий позиция бўлиши мумкин.
Мен Ўзбекистонда сигирни дўппосласам, нари борса ҳайвонларга нисбатан раҳмсизликда айблашади. Лекин, бу Ҳиндистонда ғоявий позиция бўлади.
Шу учун бирор ундов, ҳаракат ёки фикр бошидан табиий, адекват, фойдали бўлиб кўринсада, эсдан чиқарманг, унинг орқасида идеология ётса, қанчалик яхши бўлишидан қатъий бу инструментдир. Яхши ёки ёмон инструментлиги қайси томондан қарашга боғлиқ, лекин орқада ғоя борми, демак бу ғоянинг қуролидир.

#mulohaza
@allaevuzb
Ayrim fundamental narsalarni eslatib turmasa bo‘lmas ekan:

Biror irq yoki millat boshqasidan ustunligi haqida biror ilmiy asos yo‘q. Biologik tomondan biror bir millat yoki irqning boshqasiga nisbatan ustunligi aniqlanmagan. Hatto insoniyatni turli xil irqlarga bo‘linishini ham bugun biologiya fan sifatida rad etadi. Millatlar o‘rtasida u yoqda tursin, hatto irqlar o‘rtasida ham ilmiy asosli biologik farq isbotlanmagan. Endi, millat, hudud, hatto qishloqqa bo‘lib olib alohida guruh yoki shaxslarni diskriminatsiya qilish axloqsizlik va ahmoqlikdir. Ustun yoki tanlangan na irq, na millat , na urug' bor.

Qolgan hamma bo‘linishlar ijtimoiy, madaniy yoki diniy afsonalardan kelib chiqqan. Deylik, oqlarning boshqalardan ustunligini oq tanli rasistlar Bibliya bilan asoslaydi.

Rasizm, odamni etnik kelib chiqishiga asoslanib kamsitish, diskriminatsiya yaxshilikka olib bormaydigan o‘yin. Bu o‘yinga chuqur kirishganda bugun boshqalarga dars beradigan G‘arbning o‘zi ham 100 millionlab insonlarning o‘limiga, baxtsizligiga sabab bo‘lgan.

Esdan chiqarmang, yomon millat, yomon irq yoki yomon qabila yo‘q. Shunchaki alohida yomonligi ko‘proq, boshqalarga ko‘proq zarari tegadigan insonlar, g'oyalar, guruhlar bo'lishi mumkin. Lekin, ular biologik tegishlilikka asoslanmagan.

#mulohaza
@allaevuzb
Mamlakatda ichki stabillikni ta'minlash uchun ijtimoiy tartib va aholining institutlarga (organlar) bo'lgan ishonchi juda muhim.

Mana shu ikki masaladan biri yomonlashgan holatda mamlakatda vaziyat taranglashadi, hatto natija ayanchli bo'lishi mumkin.

Strategiya tuzganda, gʻoyaviy kurashda, qarorlar yoki qonunlar qabul qilinganda, umuman har qanday vaziyatda mana shu ikkita detal doim esda turishi zarur. Ijtimoiy tartibga xavf soladigan yoki aholining institutlarga bo'lgan ishonchini pasaytiradigan narsalardan ehtiyot bo'lish, bu ikki faktorga yomon ta'sir qilinganda zarari og'riqli bo'lishini doim ko'zda tutish kerak.

Ijtimoiy tartibga yoki davlat institutlariga bo'lgan ishonchga xavf soladigan g'oyalardan ham ehtiyot bo'lish kerak, ularning salbiy natijalarini oldindan tahmin qilib bilish zarur.

Xuddi biznes o'z mijozlariga moslashganidek, davlat institutlari (tashkilotlar) ham o'ziga bo'lgan ishonchni yaxshilash uchun doimiy fuqaroga yaxshiroq xizmat ko'rsatish maqsadida moslashib borishi zarur.

Fuqarolarning institutlarga boʻlgan ishonchini pasaytiradigan harakatdan tiyilish, vaziyatlarda qaror berganda aksincha oʻsha ishonchni oshirish paradigmasidan kelib chiqib qaror berish zarur.

#mulohaza
@allaevuzb
Sun'iy intellekt masalasida xavotirlarni prognoz qilishganda bir narsada adashishdi.

Necha yildan beri sun'iy intellekt ish o'rinlarini olib qo'yishi haqida xavotirlar yangraydi. Bu xavotirlar asosan eng oddiy ishchilar eng birinchi o'z ishlarini yo'qotishlarini aytishadi. Amalda, bugun butunlay boshqa holatni ko'rmoqdamiz. Sun'iy intellekt kuzatuv, ma'lumotlar yig'ish va tavsiya evaziga hamshiradan ko'ra shifokorning ishini olib qo'yishi ehtimoli ko'proq bo'lmoqda. Unga ma'lumotlarni kiritsa, u to'g'ri tashxis qo'yib, dori yozib berishini tizimlashtirish osonroq. Lekin, inson tomiriga igna suqish sun'iy intellekt qilishi qiyin bo'lgan ish.

Xuddi shunaqa, sun'iy intellekt qishlog'imizdagi sartarosh Qo'ldosh akaning emas, Tokio markazidagi stilistning o'rnini olib qo'yish ehtimoli kattaroq bo'lib qolmoqda. Chunki oddiy dasturiy ta'minot yuz va bosh o'lchamlari, soch va terining rangidan, modadan kelib chiqib, sizga mos turmakni stilistdan yaxshiroq tanlab berish ehtimoli oshib bormoqda.

Sun'iy intellekt musiqa bastalashi oddiy darajaga tushib qoldi. Natijada, sun'iy intellekt konservatoriyada dars beradigan professor bastakorning o'rnini egallashi ehtimoli to'ylardagi "Shurik doiradast"ning o'rnini olib qo'yish ehtimolidan katta. Shunchaki, Shurik aka sun'iy intellekt bastalagan musiqani dumirlatib cholaveradi to'yda.


Xullas, yaqin 30-40 yilda demografiya maummosidan qiynalayotgan birinchi dunyoga xizmatlar sohasida juda katta hajmda kadrlar kerak bo'ladi. Til biladigan, tolerant, jamiyat va davlat qonunlarini hurmat qiladigan, boshqalarga muammo yaratmaydigan migrant oltinga teng bo'ladi.

Nima demoqchi ekanligimni tushundingiz.

#mulohaza
@allaevuzb
Hozirda yozilayotgan tweetlarning 20 foizidan ortig‘i sun’iy intellekt tomonidan ya’ni robotlar tomonidan yozilayotgani aytilmoqda. Bu o‘n millionlab soxta profillar borligi, ular boshqalarni inson ekanligiga ishontirib, insondek kontent yaratayotganini anglatadi. Instagramdagi go‘zal qizlarning necha milliontasi hozirda amalda sun’iy intellekt orqali yaratilayotganini hatto bilmaymiz ham.

Buni nimasi yomon dersiz. Bu o‘ta xavfli jarayon. Deylik, siz ijtimoiy tarmoqda kim bilandir bahsga kirishdingiz. Siz argumentlaringiz kuchli bo‘lsa, narigi tomonning fikrini o‘zgartirishingiz, kamida ta’sir o‘tkazishingiz, o‘z fikringizni himoya qilishingiz mumkin. Endi, fikrini o‘zgartirmaydigan sun’iy intellekt bilan bahsga kirishdingiz. U hech qanaqasiga sizning fikringizni qabul qilmaydi, o‘zinikini o‘zgartirmaydi. Uning vazifasi o‘z algoritmlaridan foydalanib sizning fikringizni o‘zgartirish bo‘lishi mumkin. Bu vaziyatga unga sizga qarshi millionlab botlar yordamga kelishi mumkin. Siz qancha bahsga kirishsangiz, u sizni shunchalik tahlil qiladi va shunchalik yaxshiroq biladi. Bu unga sizga ta’sir qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Tarixda birinchi marta insoniyatni ommaviy manipulyatsiya qilish, xohlagan yo‘nalishga burib yuborish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.

Bunga qarshi Daniel Dennetning maqolasini o‘qib qoldim. Bu manga juda qiziqarli tuyuldi. Daniel Dennit sun’iy intellektga qarshi xuddi soxta pulga qarshi kurashgandek kurashadigan qonun taklif qilmoqda. Pul paydo bo‘lgandan beri uni soxtalashtirish imkoniyati texnik tomondan doim mavjud bo‘lgan. Agar bu imkoniyat erkin bo‘lganda, butun boshli moliya tizimi savol ostiga qo‘yilar, insoniyat taraqqiyoti bu kunga yetib kelmagan bo‘lardi. Soxta pullarni taqiqlash va qat’iy jazo evaziga, butun dunyo moliya tizimi ming yillar davomida yashab qoldi. Hozirda bor naqd pul massasining faqatgina bir foizi soxta ekanligi taxmin qilinadi. Shu uchun ham odamlar pulga va moliyaga ishonadi.

Pulni soxtalashtirishga qarshi beayov kurashilganidek, Daniel Dennet insonni soxtalashtirishga qarshi ham beayov kurashish kerakligini aytmoqda. Pulga ishonchni saqlab qolishdi hukumatlar qat’iy bo‘lganidek, insonlarga ishonchni saqlab qolishda ham hukumatlar qat’iy bo‘lishi kerak. Sun’iy intellektdan oldin bir kishi o‘zini boshqa kishining o‘rniga davo qilsa, u qonunan qattiq jazolangan. Endi shu ishni sun’iy intellekt qilsa, hozircha jazo mexanizmi mavjuda emas. Endi sun’iy intellekt o‘zini odam o‘rniga ko‘rsatish imkoni paydo bo‘lgach, u insonlar o‘rtasida ishonchga, shuningdek ijtimoiy tartibga putur yetkazishi mumkin.

Dennerga ko‘ra, hukumatlar soxta insonlarni soxta pulni taqiqlagandek qat’iyat bilan taqiqlashlari kerak. Gap faqat alohida shaxsning deepfake videosini yaratish va tarqatish haqida ketmayapti. Umuman, xohlagan bot yoki robotni o‘zini inson o‘rnida tanitishga taqiq qo‘yish haqida ketmoqda. Qonun qabul qilinsa, texnik tomondan platformalarni bunga majburlash imkoniyati nazariy tomondan mavjud va amalga oshirsa bo‘ladi.

Yangi zamon bizga yangi muammolar taqdim etmoqda.

#mulohaza
@allaevuzb
Ilon Maskning haqiqat haqidagi davolari mani xavotirga soladi. U twitter orqali haqiqatga erishish, haqiqatni topish haqida ko‘p gapiradi. Shuningdek, sun’iy intellekt haqiqat himoyachisi bo‘lishi kerakligi, u haqiqatni topishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidlaydi.

Tarixan, haqiqatga davo qilganlar insoniyat uchun xavf bo‘lgan. Oldin davo haqiqatni topishdan boshlangan, keyin mening yoki bizning haqiqatimiz haqiqiy haqiqat degan davoga o‘tilgan. Yakunda, tanlangan haqiqiy haqiqatni qabul qilmaydiganlar jazolangan, qon oqqan, urushlar bo‘lgan. Gitler ham, Stalin ham yoki boshqa har qanday xavfli g‘oya, ularning boshchilari haqiqatni davo qilishgan. O‘zlarining haqiqatlarini haqiqiy haqiqat deb, ko‘nmaganlarga ozor yetkazishgan.

Haqiqat nisbiy tushuncha, makonga, zamonga, muhitga qarab o‘zgaradi. Bir kishining, bir guruhning, bir millatning, bir g‘oyaning haqiqati boshqasinikidan farq qiladi. Va haqiqatning o‘zi ham zamonga qarab o‘zgarib boradi. Hatto, ilm-fanning haqiqati ham o‘z-o‘zini tuzatish mexanizmi sababli o‘zgarib boradi.

Umumiy, tarixiy voqelikni ko‘rsa, haqiqatni davo qilgan har qanday ideologiya, shaxs yoki guruh mani xavotirga soladi.

Ilon Mask buyuk tadbirkor, innovator. Lekin, u twitter orqali saylovlarda pozitsiya olgandan boshlab uni faqat tadbirkor sifatida ko‘rishni bas qilish kerak. Endi u siyosatchi, siyosiy figura. Xavfliligi, uning qo‘lida boshqa siyosatchilardan farqli ravishda katta informatsion infratuzilma bor. Bu uning xavfini yanada oshiradi.

#mulohaza
@allaevuzb
Sun'iy intellekt haqida gap ketganda, chatdan boshqa nima qildi oʻzi deb aytishmoqda.
Bu sun'iy intellekt hayotga qanchalik kirib borganligini tushunmaslikdandir.
Bugunning oʻzida kompyuterlar bizga kredit berish yoki bermaslik, bizni ishga olish yoki olmaslik, hatto bizni jazolash yoki jazolamaslik kabi qarorlarni bermoqda. Algoritmlar kuchaygan sari sunʼiy intellektning qaror berish imkoniyati sizning hayotingizda koʻplab masalalarni hal qilib boradi. Sizga yoqadimi yoki yoʻqmi, katta ehtimol bilan koʻp masalalarda taqdiringizni aynan sunʼiy intellekt hal qiladi. Nima isteʼmol qilishingizdan boshlab, nimaga ishonishingiz va qanday yashashingiz kerakligigacha.


#mulohaza
@allaevuzb
1980 yilgacha tug‘ilgan odamlar - ikki lagerga bo‘lingan, bir-biriga yadro qurolini qaratgan dunyoni eslaydi.
Asosiga borib umumiylashtirib aytish mumkinki, dunyo juda oddiy iqtisodiy tushuncha o'rtasida ikkiga bo'lingan edi., Bir tomon iqtisodiy munosabatlar foyda ko'rish tamoyili asosida shakllanishi kerak deb o'ylasa, ikkinchi tomon jamoatchilik (xalq) manfaatiga mos shakllanishi kerak derdi. Ha, sovuq urushning asosi foyda iqtisodiy munosabatlarning asosiy tamoyili bo‘lishi kerakmi, degan masala bo‘yicha kelisha olmagan mafkuralar o‘rtasidagi ziddiyat edi. Bu masala shunchalik muhim ediki, ikki tomon uning uchun dunyoni yondirishga tayyor edilar.

Sovuq urish tugadi, yangisi boshlanishi haqida xavotirlar bor. Lekin, eskisida ikkinchisi qanchalik ommabop, eshitishga yoqimli bo'lmasin, iqtisodiy munosabatlar foyda ustida qurilishi kerak degan reallik yutib chiqdi. Yangi sovuq urish boshlangan taqdirda ham, hozir biror tomon foyda iqtisodiy munosabatlarning asosiy tamoyili bo'lishi kerakligini rad etmaydi. Butun dunyo erkin bozor sharoitida foyda ko'rish maqsadida yaratiladigan qiymat yakunda ham iqtisodiyot uchun, ham aholi uchun foydali ekanligini rad etolmaydi. Bugun ko'proq qiymat yaratish xohlagan lager uchun birdek muhim.

#mulohaza
@allaevuzb
"Ma’lumotlarni boshqarish milliy tizimi" haqida qonun loyihasi tayyorlanayotganligi aytilmoqda. Qonun loyihasini 10dan ortiq vazirlik va tegishli tashkilotlar muhokama qilayotgan ekan.

Yangi qonun davlat organlari o‘rtasidagi ma’lumotlar almashinuvini tartibga soladi, qarorlar qabul qilishda yagona yondashuvni joriy etadi va ma’lumotlardan foydalanishni yagona hisobotlar orqali ta’minlaydi. Bundan tashqari, qonun samarali strategik rejalashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

E’londa "yagona ko‘l" (единое озеро) jumlasi ishlatilmoqda. Bu fuqarolarning ma’lumotlari yagona joyda to‘planishini bildiradi. Buning davlat organlari uchun qanchalik qulaylik va imkoniyatlar yaratishini bilaman. Lekin, bu mani xavotirga ham soladi chunki data nima ekanligi, uning risklarini juda yaxshi bilaman.

Masalan, deylik sizning hamma ma’lumotlaringiz to‘planib, yagona bazaga qo‘yilmoqda. Davlat organlari yoki raqamli har bir platforma bilan kontaktingizdan izlar qoladi. Deylik, siz shifokor ko‘rigidan o‘tdingiz. Sizda qaysidir kasallikni aniqlashdi va 60 foiz ehtimol bilan 5 yil umringiz qoldi. Optimal 40 foiz ssenariyda siz kasallikni yengib o‘tib, uzoq yashaysiz. Bunga yana tibbiy yangiliklar 60 foiz ehtimolni oshirishi yoki siz to‘g‘ri hayot tarzi olib borib, o‘zingiz yuqoriroq umr ko‘rishingiz mumkin. Xullas, orada o‘nlab yoki yuzlab faktorlar bor. Mana shu data dasturga qo‘shilganda, keyingi vrach ko‘riglarida sizga to‘g‘riroq tashxis qo‘yish va xato dorilar yozishga sabab bo‘lmasa, bu ajoyib. Lekin, bu ma’lumot bank, sug‘urta yoki kuch ishlatar tizimlari bilan bo‘lishiladigan bo‘lsa, unda bu xavfli bo‘ladi. Masalan, siz bankdan kredit so‘rab borsangiz, ular optimist ssenariydan ko‘ra pessimist ssenariydan kelishi va sizga uzoq muddatli kreditni rad etishi mumkin. Xuddi shunaqa, sug‘urta kompaniyalari alohida siz uchun sug‘urta narxini oshirishi mumkin. Yoki, qo‘lida mana shu ma’lumot bor tergovchi sizga jismoniy zarar yetkazmasdan, qanday qilib og‘ir ahvolga tushirishni bilishi mumkin.
Boshqa bir misol, fuqaro genekolog yoki urologga uchrashdi. O'ta shaxsiy masalalarda ham fuqaro vrachga borini aytish yoki aytmaslik dilemmasi oldida qoladi. Chunki aytilgan ma'lumotdan dasturda iz qoladi. Undan erta kim qanday foydalanishini hech kim bilmaydi.

Bu ehtimoliy ssenariylardan biri. Bunaqa minglab, hatto millionlab hayotiy ssenariylar bo'lishi mumkin. Oldindan qaysi tashkilot nima ma’lumotga huquqli ekanligini tizimlashtirmasa, hamma ma’lumot hammaga ochiq bo‘lsa, data yakunda fuqaroga yaxshiroq xizmat qilishga emas, uni osonroq boshqarishga yoki manipulyatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin.

Yangi qonun davlat organlari o‘rtasidagi ma’lumotlar almashinuvini tartibga soladi deganda shunga o'xshagan holatlarni oldini olishmoqda deb juda umid qilaman.

#mulohaza
@allaevuzb
Siyosatda hissiyotga o‘rin yo‘q. Unda pragmatik bo‘lish muhim talab.

Afsuski, ko'pchilik siyosatchilarning nima qilganiga qarab emas, aksincha hissiy tomondan baholaydi.
Siyosatchining qanchalik buyuk bo‘lganligi uning qaysidir g‘oyaga yoki hissiyotga bog‘lab emas, aksincha natijalar bilan baholanadi.

Quyidagi mezonlar muhimroq hisoblanadi:

- Davlatchilikni mustahkamlash
- Iqtisodiyotni yuksaltirish
- Aholi farovonligini oshirish
- Ijtimoiy adolatni yaxshilash
- Kelajakdagi taraqqiyotga fundament yaratish
- Oldindan yaxshi ishlab kelgan tizimlarni yaxshilash, yomonini reforma qilish

va shu kabilar.

Umuman olganda, qabul qilib olganidan ko‘ra yaxshiroq davlat qoldirgan siyosatchi doim yaxshi siyosatchi hisoblanadi. Uning faoliyati siz yoki mani ideologiyamga mos bo‘lganlik darajasidan kelib chiqib baholanmaydi.

Baholashda ham natijalar bir yoki 10 kishining taqdiridan kelib chiqib emas, umumiy natijadan kelib chiqiladi. Deylik, bir rahbar kelganda real ishsizlik darajasi 7 foiz bo‘lsa-yu, u ketganda 4 foizga tushsa, demak u aynan shu KPI bo‘yicha yaxshi ishlagan bo‘ladi. Albatta, alohida taqdirlarni olsa, orasida ishsizlik kamaygan vaqtda ishsiz qolganlar, demak norozilar baribir topiladi.

O‘rtacha maoshlar ham shundan kelib chiqib baholanadi. Deylik, u rahbarligi davrida o‘rtacha maoshlar real inflatsiyadan tezroq o‘sgan bo‘lsa, bu borada u yaxshi ishlagan bo‘ladi. O‘rtada alohida shaxsning daromadi pasayishi kuzatilishi tabiiy holat.

Hissiy tomondan kelib chiqib baholaganda biz allaqachon aqliy tomondan va xolislikdan uzoqlashamiz. Shu uchun davlat darajasida natijalar baholashda mezon bo'lishi, ular doim ustun turishi kerak.


#mulohaza
@allaevuzb
Har kim oʻz bilimlari va ishonchlarini savol ostiga qoʻyib bilishi kerak. Shaxsiy rivojlanishning asosi shunga borib taqaladi. Adashishi, xato qilishi mumkinligini, ishonchlari xato boʻlishi mumkinligini bilgan, oʻzini savol ostiga qoʻyib bilgan odam izlanadi, oʻqiydi, soʻraydi, oʻrganadi.

Savol ostiga qoʻyish ilk va eng muhim bosqich.


#mulohaza
@allaevuzb