Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi
2.26K subscribers
11.7K photos
1.2K videos
96 files
3.57K links
🇺🇿|• Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi huzuridagi ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining rasmiy telegram kanali
Download Telegram
#Xushxabar
#Yoz_ilhomlari

🔰"O'zbekiston adabiyoti va san'ati" gazetasining 2023-yil 14-iyuldagi 27-sonida Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining 8-sinf o'quvchisi Hikmatbek Boyqobilovning "Haqiqat", "Shukronalik", "Jinoyatchi" nomli va 2 ta nomsiz she'riy mashqlari nashrdan chiqdi.

📚
Ta'kidlash joiz, Hikmatbek Boyqobilov dars mashg'ulotlaridan keyingi "Ijodiy" to'garakning faol a'zolaridan biri. Nilufar Umarova rahbarligidagi ushbu to'garak yozgi ta'tilda ham onlayn ravishda o'z faoliyatini davom ettirmoqda.

📍Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring
|telegram| web sayt| facebook| youtube |Instagram
#Yoz_ilhomlari

Zahiriddin Muhammad Bobur ruboiysiga nazira

Bu olam aro ajab alamlar ko‘rdim,
Olam elidin turfa sitamlar ko‘rdim.
Har kim bu "Vaqo'e" ni o‘qir,
Ne ranju,ne mashaqqat-u, ne g‘amlar ko‘rdim.

Yutdim ba'zan zahri hijron ul ishq oqibatidin,
Ba'zan chekdim bahri dard ul do‘stlar nisbatidin.
Yoshligim to‘kildi xuddi erta bodom gulidek,
Qo‘msadim mehri bisyor holidan himmatidin.
Yo xatolig‘ erurmikin har qilg‘on ishim,
Ne uchun bu dunyo manga munchalik torlik qilur.
Yo Tangri taolo manga hadya aylar bul sinov,
Bul sinovki, chora aylash harki vaqt dushvor erur.
Ey,Sevinch, "Vaqoe" ni bir o‘qib ko‘rmak yaxshi,
Ne ajab, topsang javob bo‘lur undan-da yaxshi.
To Bobur chekti g‘am-g‘ussa "Vaqoe" bitaturib,
Shul sababdin, sening birining afsussiz bo‘lg‘oni yaxshi.

✍️Sevinch Abdiyeva,
Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi o'quvchisi.

📍Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring👇
|telegram| web sayt| facebook| youtube |Instagram
#1_iyun_Xalqaro_bolalarni_himoya_qilish_kuni
#Yoz_ilhomlari

ONA MEHRI
Onaning mehridan ortiq mehr yoʻq,
Vatandek bagʻrikeng maskan yoʻq boshqa.
Onam bor –baxtimdan koʻnglim erur toʻq,
Uni Vatan kabi koʻtargum boshga.


Alhol shu munisam, mushfiqam, illo,
Koʻtarib toʻqqiz oy toʻlgʻangan mani.
Bu yorugʻ dunyoga keltirguncha, to
Necha bor zir qaqshab, titragan tani.

Uning ogʻushida ulgʻaydim kamron,
Koʻngli oʻksik edi, bagʻri butunim.
Uchirma qildi u misli polapon,
Uning mehnatidan mening bugunim.

Sochlari supurgi, qoʻllari kasov,
Kaftlari meni deb qabargan-qadoq.
Yoshlikda yugurik suv kabi asov,
Tashvishlar solganman qalbiga andoq.

Zamindek xokisor, zamindek vazmin,
Farzand deb u qancha qonlar yutmagan.
Bir marta birovga aytmagan arzin,
Mehrini hech qachon darigʻ tutmagan.

Bir kun ogʻushingni tark etsam, ona,
Uchrasam ajalning achchiq qahriga
Sening quchogʻingdan joy olgum yana,
Vatan onam boʻlib olar bagʻriga!

Hech kimsa onadek boʻlmas mehribon,
Vatandek bagʻrikeng boʻlolmas hech kim...

   
***
Osmonim musaffo, begʻubor ,
Qalbimda ezgulik –yoʻq gʻubor.
Borliqda muattar bir ifor -
Baxtimni his qilib yashayman.

Baxtni his qilmoqning oʻzi baxt,
Omonman, shu menga toj-u taxt.
Bosgan har qadamim shiddat-shaxt,
Baxtimni his qilib yashayman.

Hamrohim har doim yaxshilar,
Orzuyim, armonim yashirar.
Omad har lahzada qarshilar,
Baxtimni his qilib yashayman.

Baxt sendan mamnunman, ming shukur,
Men bilan hamisha bu fikr.
Hammani quchoqla, chop, yugur,
Men seni his qilib yashayman.

***
Bolam,
Hali ulgʻayib bir togʻ boʻlasan-
Mushaklari choʻqqi kabi boʻrtib turgan.
Ko‘zlarimni quvnatguvchi bogʻ boʻlasan,
Mevasini el koʻziga surtib turgan.
Momojoning koʻrgan tushga taʼbir shulki:
Xizr - nazariga noil boʻpsan bola boshdan.
Katta boʻlib kim boʻlasan – ichim qizir,
Kim boʻlsang ham boʻlsin, bolam, boshing toshdan.
Orzularim osmonida qoqay qanot,
Chiqqan kabi baland togʻning qoyasiga,
Gar toliqib istar boʻlsam agar najot,
Salqinlayin bogʻ - bolamning soyasida!
Bolam, hali ulgʻayib bir bogʻ boʻlasan...

Malika Davronova
Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi.
#Yoz_ilhomlari

QUVLASHMACHOQ
Quvlashmachoq o‘ynadim
Soat bilan bir kuni.
U chopdi, men quvladim
Tutolmadim hech uni.

Yetib olay, shoshmay yur,
To‘xta, ozroq kutib tur.
U dedi to‘xtolmayman,
Men seni kutolmayman.

To‘xtasam zamin to‘xtar,
Vaqt to‘xtar – zamon to‘xtar.
Shunday ekan ildam chop,
Harakat qil kamol top.

Bekor vaqt – katta kulfat,
Umr kutib turmaydi.
Oltinga teng har fursat,
Aslo ortga yurmaydi.

YOMG‘IR
Atrofda ajoyib sukunat hokim,
Osmon shivirlaydi yer qulog‘iga.
Eshitmasin deya ko‘kdagi quyosh,
Bulutlar yashirar keng quchog‘iga.

***
Mag‘rur qanot qoqsam she’r osmonida
Ilhom parisiga kelib qolsam duch.
So‘zdan sehr topsam nazm bog‘ida,
Navoiy bobomdan olajakman kuch.

Omonova Madina
Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining 9-sinf o'quvchisi
#Bizning_ijod
#Yoz_ilhomlari

JAHOLATGA QARSHI MA'RIFAT

    Dunyoda kimlar ko'p, yaxshiyu - yomon,
   Jaholatga qarshi ma'rifat har on.
   Seni o'z qa'riga tortsa jaholat
    Undan qoch, aqlingni ishlat ,ey inson!

    «Jaholat bu nedur?» der, g'arib birov,
   Dedim men: «Bu illat, berar ko'p sinov,
   Aslo ishonma sen, yo'qsa na holat
    Qonunbuzar, beilm, bo'larsan yalqov.

   Lek senda bor qurol: olim ma'rifat,
    Uni ko'rib qochgay zolim jaholat,
    Chunki unda yo'qdur, chora - malomat,
   Yo'qdur to'g'ri yo'llik, bilim-u - omad.

   Ma'rifatli inson, bo'lmaydi hech kam,
    Safimizga qo'shil, birodar, sen ham,
    Jaholatga qarshi kurash, qon yig'lat,
   Shunda kelajaging porloqdir har dam!»

YAXSHI NOM

Boylik
deb yashamoq nodonning ishi,
Buni soz biladi har qanday kishi.

Borin olib ketmoq boʻlsaydi agar
Qoʻli boʻsh ketmasdi buyuk Iskandar.

Deydilar, yaxshi nom mangulik demak!
Yurt deb kulmoq kerak, xoh oʻlmoq kerak.

Shuning-chun eslanar buyuk Temur ham,
Zero, afsonamas, u ham bir odam!

Nega yod olinar Shiroq, Toʻmaris?
Nega Muqannalar tarixda aziz?

Nega ular kabi eslanmas yovuz?
Nega yomon debmas maqtov-u xush soʻz?

Chunki barcha narsa oʻz nomiga xos
Yomon kelar-ketar, yaxshiga ixlos…

Vaqtlar oʻtajakdir, ilgʻor, bardavom.
Biroq, aslo o‘chmas yaxshi degan nom!

Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining 11-sinf òquvchisi Tojiddinov Shermuhammad
#Yoz_ilhomlari

Inson
Paydo boʻlganida zamin bir zamon,
Avval yaralgandi daraxt va hayvon.
Bul ikki soddani aldamoq uchun,
Aqlini pesh qilib chiqqan soʻng inson.

Dimogʻi toʻysada koʻzi toʻymagan,
Qadami shahdamdir jahannam tomon.
Yurakni nafsidan halos etmagan,
Hatto dilbandini sotgan ham inson.

Gʻavvosdek ilmning qariga choʻmgan,
Koʻzlari olovli lek ,yuzi somon.
Niholday shiddati chinordek oʻsgan,
Bilim sahrosida sarbon ham inson.

Uzoq moziylarda davlatqush boʻlgan,
Xalqini qon-ila sugʻorgan chunon
Doʻstini ortidan kulib tigʻ urgan ,
Qavmini boylikka almashgan inson.

Farzandin urushga boʻzlab kuzatgan,
Ayriliq azobi oʻlimdan yomon.
Iforing sogʻindim furqatim deya,
Qoraxat qoʻlida titragan inson.

Zamonlar bosadi yillar taftini,
Yechilmas tugunlar bisyordir hamon.
Orziqib kutaman porloq ertani,
Barchasin yangidan qurajak inson.
Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining 10-sinf o'quvchisi Narsillayeva Maftuna
#Yoz_ilhomlari
#Ijodiy_tògarak

* * *
Doʻstim,
Uzoq ketma mendan yiroqqa
Ogʻzimdagi ilon qilsa ham hamla.
Hujumin qaytarar posbon tishlarim,
(Ammo abad davom etmas bu qamal).

Oʻrgimchak toʻriday nafis qalbingga
Alining tigʻidek nayzam tegmasin.
Doʻstim,
Bir panjara bilan oʻrab qoʻy
Alpomish kelbatli yurak tegrasin.

Doʻstim,
Seni sevdim Qodiriy kabi,
Soʻngsiz dushmanlaring menga ham dushman.
Sen mangu yonimda boʻlsang agarda,
Osmonni hech kimga bermas bir qushman.

Oshnolarim ichra vafosiz hamda
Men uchun havodek kerakli doʻstim!
Isming Haqiqatdir, men seni koʻrmay,
Senga gʻoyibona ishq bilan oʻsdim.

Doʻstim, uzoq ketma mendan yiroqqa...

Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining 9-sinf o'quvchisi Boyqobilov Hikmatbek.
#Yoz_ilhomlari

ORZU

Vatanimdir  hur O‘zbekiston,
Jannatmakon bir bog‘-u bo‘ston.
Bo‘lgay maqtovlari zo‘r doston,
Hech tolmayman orzu qilishdan.

Derlar: orzu – maqsadning boshi,
Hayotning u shirin sirdoshi.
Qalbimda, ko‘r, yurtim quyoshi,
Hech tolmayman orzu qilishdan.

Orzu bilan hosildir murod,
Tushkunliklar bizlar uchun yot.
Umidimiz biz uchun qanot,
Hech tolmayman orzu qilishdan.

Go‘zal yurtim, betakror yurtim,
Maqsadlarim unga yor yurtim.
Tilaklarim izhordir, yurtim,
Hech tolmayman orzu qilishdan.

Mening uchun ona yurt aziz,
Gard yuqmasin, hech tegmasin ko‘z.
Omon bo‘l der barcha o‘g‘il-qiz,
Hech tolmayman orzu qilishdan.

Maqsadli bo‘l der, ustozlarim,
Ustozlarga qilaman ta’zim.
Bajaryapman ular talabin,
Hech tolmayman orzu qilishdan.

Hamroh bo‘lib sabr, qat’iyat ,
Sinovlarni yengamiz, albat.
Vatan obod, ezgudir niyat,
Hech tolmayman orzu qilishdan.

Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining 11-sinf o‘quvchisi Umrzoqova Gulsevar.