Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi
3.63K subscribers
11.7K photos
1.21K videos
96 files
3.59K links
🇺🇿|• Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi huzuridagi ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining rasmiy telegram kanali
Download Telegram
#1_iyun_Xalqaro_bolalarni_himoya_qilish_kuni
#Yoz_ilhomlari

ONA MEHRI
Onaning mehridan ortiq mehr yoʻq,
Vatandek bagʻrikeng maskan yoʻq boshqa.
Onam bor –baxtimdan koʻnglim erur toʻq,
Uni Vatan kabi koʻtargum boshga.


Alhol shu munisam, mushfiqam, illo,
Koʻtarib toʻqqiz oy toʻlgʻangan mani.
Bu yorugʻ dunyoga keltirguncha, to
Necha bor zir qaqshab, titragan tani.

Uning ogʻushida ulgʻaydim kamron,
Koʻngli oʻksik edi, bagʻri butunim.
Uchirma qildi u misli polapon,
Uning mehnatidan mening bugunim.

Sochlari supurgi, qoʻllari kasov,
Kaftlari meni deb qabargan-qadoq.
Yoshlikda yugurik suv kabi asov,
Tashvishlar solganman qalbiga andoq.

Zamindek xokisor, zamindek vazmin,
Farzand deb u qancha qonlar yutmagan.
Bir marta birovga aytmagan arzin,
Mehrini hech qachon darigʻ tutmagan.

Bir kun ogʻushingni tark etsam, ona,
Uchrasam ajalning achchiq qahriga
Sening quchogʻingdan joy olgum yana,
Vatan onam boʻlib olar bagʻriga!

Hech kimsa onadek boʻlmas mehribon,
Vatandek bagʻrikeng boʻlolmas hech kim...

   
***
Osmonim musaffo, begʻubor ,
Qalbimda ezgulik –yoʻq gʻubor.
Borliqda muattar bir ifor -
Baxtimni his qilib yashayman.

Baxtni his qilmoqning oʻzi baxt,
Omonman, shu menga toj-u taxt.
Bosgan har qadamim shiddat-shaxt,
Baxtimni his qilib yashayman.

Hamrohim har doim yaxshilar,
Orzuyim, armonim yashirar.
Omad har lahzada qarshilar,
Baxtimni his qilib yashayman.

Baxt sendan mamnunman, ming shukur,
Men bilan hamisha bu fikr.
Hammani quchoqla, chop, yugur,
Men seni his qilib yashayman.

***
Bolam,
Hali ulgʻayib bir togʻ boʻlasan-
Mushaklari choʻqqi kabi boʻrtib turgan.
Ko‘zlarimni quvnatguvchi bogʻ boʻlasan,
Mevasini el koʻziga surtib turgan.
Momojoning koʻrgan tushga taʼbir shulki:
Xizr - nazariga noil boʻpsan bola boshdan.
Katta boʻlib kim boʻlasan – ichim qizir,
Kim boʻlsang ham boʻlsin, bolam, boshing toshdan.
Orzularim osmonida qoqay qanot,
Chiqqan kabi baland togʻning qoyasiga,
Gar toliqib istar boʻlsam agar najot,
Salqinlayin bogʻ - bolamning soyasida!
Bolam, hali ulgʻayib bir bogʻ boʻlasan...

Malika Davronova
Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi.