Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi
504 subscribers
852 photos
179 videos
5 files
697 links
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi
Download Telegram
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi
🔰KUN SO‘ZI ✔️KO‘LIK Kanalga ulanish 👉https://t.iss.one/UZTRJ
#BOBOSO‘Z

Ko‘lik va avtomobil


Ko‘lik so‘zi menga bolaligimdan yaxshi tanish. «Uyda bir ko‘lik bo‘lishi shart», «Ko‘liging bo‘lmasa qiyin», «Bir ko‘lik olishim kerak» kabi gaplarni ko‘p eshitib qolardim. Odamlarimiz ot, eshak qatori kajavali motosiklni, avtomashinani, traktorni ham ko‘lik deyishardi.

Hozirgi paytda bu so‘z tilimizda juda kam qo‘llanadi. Aslida ko‘lik so‘zi juda qadimiy so‘z. Ming yillar davomida bu so‘z ot-ulov, yuk tortuvchi hayvon ma’nosini anglatib kelgan. XX asrga kelib ko‘lik transport ma’nosini ham anglata boshlagan.

Mahmud Koshg‘ariy bu so‘zni kölӱk – «yuk ortish mumkin bo‘lgan hayvon orqasi» deb izohlagan. Yuk ortiladigan va miniladigan tuyasi bor odamni kölӱklӱk ӭr deb atagan. Bu iboraga juda hamohang köliklїk jӭr degan birikma ham qadimgi tilimizda bo‘lgan va u «soya joy» ma’nosini anglatgan.

Shundan kelib chiqibmi, A. Vamberi ko‘lik so‘zining paydo bo‘lishini ko‘lanka ma’nosidagi kölik so‘zi bilan bog‘laydi. Balki bu taxmin ko‘likli odam panasi bor, soyali odam degan ma’noda mulohaza qilishga undar, lekin undan ko‘ra boshqa olimlarning ko‘lik so‘zining o‘zagi ko‘l (köl) «qo‘shmoq», «ortmoq» ma’nosida keladi degan farazi asosliroq tuyuladi.

Menda yana bir taxmin paydo bo‘ldi. Ko‘lik dastlab yuk ko‘taradigan hayvonga nisbatan qo‘llangan ekan, unda ko‘tarmoq fe’lidagi «ko‘» bilan «ko‘lik»dagi «ko‘» o‘rtasida
bog‘liqlik bo‘lishi ham mumkin.

Nima bo‘lgandayam, har kun avtomobilda yuradigan odam ondasonda ota-bobolaridan qolgan ko‘lik so‘zini eslab qo‘ysa yomon bo‘lmaydi.

BOBOSO‘Z IZIDAN
(So‘zlar bilan so‘zlashuv)

✍️Eshqobil Shukur

Kanalga ulanish 👉https://t.iss.one/UZTRJ
#BOBOSO‘Z

Bedananing tullagi

Biz odatda yomon fe’lli, ayyor, tuban odamlarga nisbatan tullak so‘zini qo‘llaymiz. Bu so‘zni birovga nisbatan ishlatish haqorat bilan barobar. Holbuki, tullak so‘zi u darajada yomon ma’noni anglatmaydi.

«O‘zbek tilining etimologik lug‘ati»da izohlanishicha, tullak – «bulturgi, bir yoshdan oshgan bedana» ma’nosini bildirib, uning tub ildizi tullagan fe’liga borib taqalar ekan.

Boshqa turkiy tillarda ham bu so‘z mavjud. «Oltoy-Olatog‘ lug‘ati»da tullak so‘zi «tulak» shaklida berilib, mazmuni «yalang‘och», «kal», «tuksiz», «o‘tovda saxtiyon teridan qilingan to‘shama» deb izohlanadi.

Nima bo‘lganda ham, tullak so‘zi tilimizda yomonotliqqa chiqib bo‘lgan. Balki bu so‘zning bunday ramziy ma’noga kelishiga
hayvonlarning tullaganda juda xunuk ko‘rinib qolishi sabab bo‘lgandir. Har holda har kimni «tullak» degan nomdan saqlasin.
«Devon» muallifi tӱlӓk (tülӓk) («tullash») so‘zining «tullamoq» ma’nosini ifodalagan tӱlӓ fe’lidan hosil bo‘lganini qayd etgan: At
tӱlӓdi – ot tulladi.

BOBOSO‘Z IZIDAN
(So‘zlar bilan so‘zlashuv)

✍️Eshqobil Shukur

Kanalga ulanish 👉https://t.iss.one/UZTRJ