“Yoshlik” jurnali
1.99K subscribers
2.52K photos
190 videos
34 files
3.27K links
“Yoshlik” jurnalining telegram sahifasidagi rasmiy kanali

Saytimiz: yoshlikjurnali.uz
Download Telegram
#olis_yaqin_ovozlar

★ ★ ★

Qaqimchilar, faqat ertakda deding,
(Chaqimchilar faqat ertakda deding).
Onajon, cho‘pchakdan seskangan onim.
Endi ertak deya atash mumkinmi,
Chaqimchiga to‘la dunyoni?

Men ko‘p ishonganim ertakdagidek
Ko‘pning haqqi uchun ko‘zin qilgan suq.
Kazzob odamlarga jazo berguvchi
Nega bu o‘lkaning ur to‘qmog‘i yo‘q?

Bir kuni meningdek qiz tug‘sang yana,
Ertaklar aytib ber, der u ham tabiiy.
Men sevgan cho‘pchakni aytma onajon,
Bosh egib o‘tmasin, u Zumrad kabi.

O‘ylanma, men seni ayblaganim yo'q,
Uxlatmoqchi bo‘lding bedor bolangni.
Yetar bu dunyoning mudragani ko‘p
Rost ertaklar aytib uyg‘ot olamni.

Rost ertaklar aytib uyg‘ot olamni!

Muattar Mamatkarimova

Yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
#olis_yaqin_ovozlar

Xayol


Xayol, bir zum tark etgin meni,
Sensiz bir zum ko‘klarni quchay.
Onam taqqan munis tumorni
Chaqaloqday o‘ynoqlab yotay.

Yo yer uzra kuragin silkib,
Ilk maysalar unib chiqqanday.
Yoki sokin daryoday oqib,
Taskin beray o‘zimga jinday.

Xayol, bir zum tark etgin meni...

* * *
Suratingga termulib ko‘zim,
Nigohlarim tosh qotmish bir zum.
Xayollardan qidirib seni,
Surat bo‘lib qolibman o‘zim.

Keldiyor To‘liyev
“Yoshlik” jurnali 2007/3

@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#olis_yaqin_ovozlar

Shaharlik…

(Opam tilidan)

Olis qishloq, olis bolalik,
Qaytolmayman bag‘ringga, ona.
Kulcha nonni bo‘lishib yegan,
O‘shal qizcha endi begona.

Girdob ekan bu shahar qurg‘ur,
Yutib ketdi meni benishon.
Betonlardan qurilgan uyim,
Ruhim uchun qafasdir, ishon.

O‘zanidan ayrilgan suvman,
Ildizi yo‘q giyohman asli.
Ayni bahor chog‘imda, ona,
Sochlarimga qo‘ndi qish fasli.

Kun keladi, qaytib boraman,
Sog‘inchlarning yoqasin yirtib.
Shunda alyor aytib boraman,
Bir shaharlik qishloqi bolib…

Mehriddin Sobirjonov

@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#olis_yaqin_ovozlar

★ ★ ★

Yomg'irdan qochmadim, ho'l bo'ldi tanim,
Bor-budimni berdim sog'inchga, ishqqa.
Ko'ngling–ming yil orzu qilgan vatanim,
Ulgurding ko'nglimni vatan qilishga.

Oppoq orzularni tutdim qo'lingga,
Kuldim, yanog'imdan sizildi tomchi.
Ko'zimni to'rt qilib boqdim yo'lingga,
Adolat qilmadi hayot–aldamchi.

Seni izlayman deb yugurdim, yeldim,
Zimmamga yuklandi shunday buyuk ish.
Yomg'irdan qochmadim, ajab, ko'nglimdan,
Unib chiqaverdi senga bo'lgan ISHQ!

Venera

yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
#olis_yaqin_ovozlar

Parizod


Burjim osmon bilan og‘adur, jonim,
Kulgum oqdir mening, tushlarim rangli,
Ishq desa esidan og‘adir jonim,
Sen bilan kechlarim nurafshon, tongli!
Bilsayding
qoshlaring qaroligini,
hamma bilgandan ham ko‘ra tuntalosh.
Sochlarim indamas, qo‘llaring tegsa,
kiprigim mayindir,
ko‘zlaring yuvosh!
Parizod burjiga minib otlandim,
Yelkangda chayonning o‘tkir xanjari,
Qanotim kesdim-u, yoningda qoldim!
Muhabbat – eng uzun yo‘li dunyoning.
Ko‘ngillar! Yashamang bir lahza ishqsiz.
Men Majnun yoshini yashab qo‘yganday
(Siz esa haliyam yoshsiz...)
Azizim,
sen tomon og‘adur jonim,
ishontir senga ham suyukligimga,
Ko‘ksingga bosh qo‘yib eshitdim bir kuy!
Endi ishonyapman
tirikligimga.
Burjim osmon bilan og‘adur, jonim!

Tursunoy Ashuraliyeva
"Yoshlik" jurnali 2023/5-son

@yoshlikjurnali
#olis_yaqin_ovozlar

SAVOL


Bilmaysizmi, dunyoni qayta
Yana barpo qiladimi Haq?
Yana quyosh otilib koʻkka
Tun va kunni qiladimi hal?

Yana olam ocharmi chiroy?
Tuproq quchib unadimi gul?
Yana toʻqay madhini kuylab,
Tomoq yirtib sayrarmi bulbul?

Oy yuzini suyib, erkalab,
Subh koʻzidan sizadimi nur?
Yana yerda muhabbat, hasrat
Koʻngillarga solarmi gʻujur?

Siz-chi, qayta tugʻilasizmi,
Meni izlab kelasizmi? Yo
Yana Tangrim Lavhul mahfuzda
Ismimizni yozarmi ayro?

Masihulloh

Yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
#olis_yaqin_ovozlar

★ ★ ★

Ohista qoʼnadi sochlarimga qor,
Ohista qoʼnadi koʼnglimga hadik:
Biz mitti muhabbat bilan taqdirning,
Ulkan qarichiga sigʻmagan edik.

Irgʼitib yubordi bizlarni dunyo,
Oʼzidan nariga, toledan, baxtdan.
Haddan tashqarida edi tuygʻular,
Endi ayriliqlar muvozanatda.

Chap koʼksim toʻladi sadaqalarga,
Loʼli ilkidagi xurjunga oʼxshash.
Hammani mensimay kelgan dunyoni
Qo'limdan kelyapti mensimay yashash...

Shu asno ko'nglimga moʼralar ko'klam,
Gullari ayoz-la qiladilar jang.
Lek uni tark etmas iztirob, alam-
Oqlikka aylanar yana turfa rang.

Osilgan arosat dori yonida,
Qatlga shaylangan hislarim qator.
Bahordan ulugʻvor, bahordan gʻolib -
Ohista qoʼnadi sochlarimga qor!

Aziza SHOKIROVA

Yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
#olis_yaqin_ovozlar

★ ★ ★

Ko‘zlarimdan daryolar toshib,
Yemirilar, chertilar yurak.
OG‘IRLASHIB BORADI BOSHIM,
QAYERGADIR QO‘YMOG‘IM KERAK.

Ikki ko‘zim qaragan pastga,
Har qadamda yerga tizlayman.
Kimdir yelka tutar...
Men esa
Bosh qo‘yishga kunda izlayman.

Nurmuhammad Abduzoir

Yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
#olis_yaqin_ovozlar

★ ★ ★

Ortga qaytarolmam asov dilimni,
Borsa kelmas mening yo‘lim, birodar.
Shiorim – ezgulik, shundan zulmning
Har dam yoqasida qo'lim, birodar.

Bir boshga bir o‘lim, har bir boshda bor,
Xatarlidir o‘ng-u so‘lim, birodar!
Shoirni o‘lim-la qo'rqitma zinhor,
She'rsiz o‘tgan har kun – o‘lim, birodar.

Quddus Asad

yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
#olis_yaqin_ovozlar

★ ★ ★

Seni tushimda ko‘rdim.
Hammasi juda ham oddiy edi:

lablaringga tegib ketdi lablarim,
keyin kulib qo‘yding uni siypalab,
bir oz qizillashdi yuzlaring.

Qiziq,
o‘ngda bunday bo‘lishi uchun
qancha tasodif kerak odamga?
Masofachi?..

Biz birga bormagan yoqlarda
uzoq sayr etdik.
Bir uzun ko‘prik uzra
tungi chiroqlar yog‘dusiga cho‘milib
uzoq yugurdik.
Nega buncha hovliqdik?
Yashab bo‘larmi, ayt, baxtni hovliqmay,
uxlamay yashab bo‘larmi uni?..

Seni tushimda ko‘rdim,
juda ham oddiy edi hammasi.

Rafiq O‘zturk

Yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali