#nazorat_tadbirlari #markirovka

Alkogol va tamaki mahsulotlari realizatsiyasi bilan shugʻullanuvchilarda o‘tkazilayotgan soliq nazorati tadbirlari toʻgʻrisida Soliq qoʻmitasi quyidagilarni maʼlum qiladi:

Oʻzbekiston Respublikasida 2021-yil 1-yanvardan alkogol va tamaki mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash joriy etilgan.

2022-yil 13-iyungacha (1 yilu 6 oy ) alkogol va tamaki mahsulotlari sotuvchilariga markirovkalanmagan mahsulotlarni savdodan olib tashlash imkoniyati berildi.

Shunga qaramay, soliq organlari tomonidan fuqarolar murojaatlari asosida oʻtkazilgan tekshirishlar davomida alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi qoidalarini koʻp miqdorda buzish holatlari aniqlandi.

Xususan, faqat joriy yilning oktabr-dekabr oylari davomida raqamli markirovkalanmagan 1,9 mlrd soʻmlik 168,7 ming dona alkogol va 0,9 mlrd soʻmlik 81,4 ming dona tamaki mahsulotlari olib qoʻyildi.

Raqamli markirovkalarning yoʻqligi bir qator salbiy oqibatlarga olib keladi:

Birinchidan, tovarning kelib chiqish manbasini aniqlab boʻlmaydi, bu esa sogʻliqqa jiddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan kontrafakt va qalbaki mahsulotlarni aholiga sotish xavfini sezilarli darajada oshiradi.

Ikkinchidan, markirovkalanmagan mahsulotlar savdosi natijasida majburiy boʻlgan soliqlar va yigʻimlarning toʻlanmay qolishi Davlat budjetiga zarar keltiradi.

Uchinchidan, “uddaburon” tadbirkorlar tomonidan alkogol va tamaki mahsulotlarining soliq va yigʻimlar toʻlanmagan holda realizatsiya qilinishi intizomli tadbirkorlar uchun raqobat maydonida tengsizlikni keltirib chiqaradi.

Soliq organlari tomonidan kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasining oldini olish, davlat budjeti tushumlarini oʻz vaqtida va toʻliq taʼminlash, shuningdek, isteʼmolchilar va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida murojaatlar asosida alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish bilan shugʻullanuvchi 572 ta subyektda tekshiruvlar oʻtkazildi.

Natijada qonun buzilishlarga yoʻl qoʻygan 491 ta xoʻjalik subyektlariga nisbatan Soliq kodeksining 227 prim 1-moddasiga muvofiq 49,9 mlrd soʻmlik moliyaviy jarimalar qoʻllanildi. 4 ta holatda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar alkogolli mahsulotlarni sotishdan byudjetga undiriladigan soliq tushumlariga ijobiy taʼsir koʻrsatib, noyabr oyida oʻtgan 10 oydagi soliq tushumlariga nisbatan 189 foizga oshgan (134 mlrd soʻmga nisbatan 252 mlrd soʻm).
Joriy yilda alkogol va tamaki mahsulotlari aksiz soligʻi bo‘yicha Davlat budjetiga tushumlarning umumiy prognozi 4,4 trln soʻm.

Soliq qoʻmitasi sotuvchilarni Soliq kodeksining 227 prim 1- moddasida nazarda tutilgan jazo choralarini (oxirgi hisobot choragidagi sof tushum miqdorida) hisobga olishga, alkogol va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilishning qonuniy tartibini buzmaslikka chaqiradi.

Тelegram |Facebook |Youtube| Instagram |Twitter | Threads