Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi
1.86K subscribers
9.9K photos
1.29K videos
93 files
3.77K links
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabining rasmiy telegram kanali

“Kelingiz yoshlar, ziyolilar bu kun g’ayrat qiling, Uxlaganlarni agar Qodir esak, uyg’otamiz”Qodiriy

@aqodiriyijodmaktabi_bot
Download Telegram
#nasr
#όquvchilar_ijodidan

💠💠💠
Kitob javonlari orasidagi yo'lakda, kitoblarga ko'milgan holda bir bola kitob o'qib o'tiribdi. Istarasi issiq, bir qarashda tarbiyali oila farzandi ekanini bilish qiyin emas. Lekin yuzida qandaydir g'am bor. Ko'zlari atrofidagi insonlarga tik boqishga qo'rqadi. Har qarashda insonlar nigohidan olib qochiladi ul ko'zlar. O'zini negadir aybdordek his qiladi. Nafas ololmay qoladi. Bo'g'iladi. Kitoblarni yopadi. Va asta nigohini yopilgan kitoblardan uzib, atrofga qaratadi. Xuddi gunoh qilib qo'ygandek darrov devorga boshini suyab ko'zlarini yumadi, chuqur xo'rsinadi. Va.. va keyin javonlar orqasiga "yashirib" qo'ygan bir juft qo'ltiqtayoqlarini oladi. Insonlarning rahmi kelmasin deya, hech qanday qiyinchiliklarsiz turishga harakat qiladi. Uddalaydi ham.. Nigohini atrofdagi o'z tengdoshlaridan yashirish uchun kepkasini "bostirib" kiyib oladi. Kitoblarni kutubxonachiga topshiradida, bir oyoq bilan qo'ltiqtayoqda yurayotganini ham bildirmay, tezda, sassiz qadamlar bilan zalni tark etadi.. O'sha paytda "Bu inson nega odamlardan ko'zini olib qochyapdi?", "Nima dardi bor bu insonni?", "Nega buncha g'amgin?" degan o'ylaring bir onda tarqab, yuzingda hayrat ifodasi qotib qoladi. "Nimadir" his qilishga ojiz bo'lib qoladi bu qalbing. Nigohing uzoq vaqt bir nuqtaga tikilgancha qotib qoladi.. xuddi, hayollaring kabi.. Birdan hayotga qaytgandek, hammasini eslay boshlaysan. O'tirgan stolingdan otilib turib, qo'lingdagi kitobni kutubxonachiga topshirasan-u kartangni olishni ham unutib, shoshib zinalardan pastga yugurasan.. Shu onda to'xtaysan. "Nega yuguryapsan?", "Nima uchun?", "Tasalli berasanmi?", "Nima o'zgaradi?", "Nimadir qila olasanmi u inson uchun?",- degan savollar miyangga uradi. Shashtsiz ortingga qaytasan. Atrofingga qaraysan. Hamma o'z ishi bilan bandligini ko'rasan.. xo'rsinasan.. "Nima uchun insonlardan qochyapdi? Baribir, hech kim e'tibor bermagan ekan shuncha payt, nega qo'rqdi?",- deysan o'zingga-o'zing. Shu tobda insonlarning ichki olamiga qiziqishing ustunlik qilib, kutubxonachi ayolning stoli ustiga haligina o'sha inson tomonidan qo'yib ketilgan kitoblarni olasan.. Odamlardan qochish maqsadida, bir burchakka, javonlar orasiga borib o'tirasan.. Ko'zoynagingni taqib, birinchi kitobni ochib ko'rasan.. Ruhiyatga doir.. Mundarijani ochib, haligi savollaringga javob olish maqsadida o'zinga kerakli sahifani ochasan. O'qiysan.. Ushbu sahifada qanday qilib "hayotga qaytish" haqida yozilgan, psixologlar tomonidan maslahatlar berilgan, turli xil mashqlar o'rgatilgan. Keyingi betini ochasan. Kitob varog'i nam.. quriy deb qolgan bo'lsada, baribir varoqda dog' qolgan.. ko'z yoshlar..
Shu tobda ko'zoynaging orasidan ikki tomchi yosh yumalab tushadi. Faqat endi kitoblarga emas.. kitoblar o'sha paytda seni ko'z yoshlaringni ko'taradigan ahvolda emasdi.. Sen olishingdan oldin ularga "kimdir" o'z hikoyasini bayon qilib bo'lgandi..

✏️Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi 10-“B” sinf o’quvchisi Usmonova Asila

Rasmiy sahifalarimiz:
Telegram Facebook
#tanlov
#bayrogim_iftixorim
#nasr

Bayrogʻim🇺🇿


Yaqin yaqin zamonda, O’zbekiston tomonda, ahil va inoq oʻzbek xalqi yashagan ekan. Ular mustaqillikka erishishgandan soʻng, asta-sekin oʻz davlat ramzlari, gerbi, konstitutsiyasi, madhiyasini barpo etishni boshladilar. Va shunday farovon kunlarning birida ular oʻz bayroqlarini yaratishga qaror qildilar. Ammo ular bayroqni qanday koʻrinishda, qaysi rangda qilishni bilishmas edi. Kim yashil desa, kim oq der, kim koʻk desa, kim qizil der edi. Shunday qilib ular shu asnoda ancha bahslashishdi. 1-kuni tunda, rassom uyquga ketganda, uning ustaxonasidagi jamiyki rang-u bo’yoqlar tilga kirishdi. So’zga birinchi bo’lib ko’k chiqdi: “Bayroqqa albatta meni tanlashadi. Men kelishgan ko’zni quvnatadigan rangman. Meni ko’rganda insonning ko’zi dam oladi. Yana meni doimo tinchlik, osoyishtalik bilan qiyoslashadi. Shu sababdan bayroq ko’k bo’lishi kerak!”. Uning bu gaplariga oq qarshi chiqdi: “Bayroq oq bo’lishi lozim, ular albatta meni tanlashadi. Men ham tinchlik, osoyishtalik, mehr va do’stlik ramziman. Bayroq mening rangimda bo’lgani ma’qul!”, dedi. U so’zini tugatgach, davraga yashil chiqdi. U ham darrov o’zini maqtab ketdi: Bayroqqa meni tanlashadi! Men totuvlik, yoshlik va navqironlik ramziman…Yashil so’zini tugatmasdan turib, davraga qizil otilib chiqdi. U hammang adashyapsan degan ohangda: “Ular shubhasiz meni tanlashadi. Men ajdodlar merosi, tomirimizda oqayotgan ularning qonini aks ettiraman”, deya yana o’zini maqtay ketdi. Shunday qilib shu kecha ular uzoq bahslashishdi. Bu to’rt rangning dastidan qolgan ranglar bayroqqa yaqinlasha olmadilar ham. Ertasiga ertalab rassom bayroqni yarata boshladi. Qarabsizki, u bayroqni 1 yoki 2 xil rangda emas, balki 4 xil rangli qilib chizdi. Ranglar bir biriga shunchalar mos tushgan ediki, istalgan inson bayroqqa qarab mahliyo bo’lishi mumkin edi. Unda: ko’k, oq, qizil, yashil, ya’ni-bahs munozarada qatnashgan barcha ranglar mujassam edi. Ular birgalikda mo’jizakor ko’rinishardi. Shu bilan oradagi nizo, tushunmovchiliklar barham topdi, ammo bir kichik muammo yuzaga kelgandi. Ya’ni ranglar bahslashganida oq va ko’k biroz tortishib qolishgandi. Bundan oq rang alamzada edi. Alamini qanday olishni o’ylab, oxir bayroq tayyor bo’lgan kun ko’kning tiniq yuzidan o’n ikkita yulduzsimon teshik va bir oyga oxshash qismini yulib oldi, shu bilan u qasdini olgan bo’ldi. Ko’kning yuzida esa oq rangdagi yaralar paydo bo’ldi, lekin bu yaralar uni yanada go’zallashtirib turardi…

Tamom


✍️Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi 8-“V” sinf o’quvchisi Sultonamirova Hanifaxon


Telegram | Instagram |Facebook
#tanlov
#bayrogim_iftixorim
#nasr


🇺🇿Bayroqqa bo'lgan hurmat


1-sentabr – Mustaqillik kuni. 5-sentabr esa maktab boshlandi. Shubhasiz, maktablarda Mustaqillik darsi o'tiladi. Aziza maktabga katta hayajon bilan otlandi. Axir u 3 oy sinfdosh dugonalari bilan ko'rishmadi! Shu sababli maktabni intiqlik bilan kutgandi. Shu kun ham yetib keldi. Darvoqe, u 6-sinfning bo'sag'asida turibdi.
Maktab...
Dars boshlandi. Aziza qancha erta kelgan bo'lsa-da, dugonalariga to'ya olmayotgandi. O'qituvchi dars o'tar edi hamki, u dugonalari bilan chaq-chaqlashib o'tirar edi. Barno ustoz Mustaqillik haqida bir muncha gapirgandan so'ng, savollar bera boshladi. Gaplashib o'tirgan Aziza va uning dugonalari ustozning diqqatini tortdi. Keyin Barno ustoz Azizani savolga tutdi:
– Bayrog'imiz qachon qabul qilingan? Va biz uni qachon nishonlaymiz?
– Haligi ustoz...men... , - deya u dovdirab qoldi.
– Xo'sh, Aziza sening bayrog'imizga bo'lgan hurmating shumi?
– Uzr, boshqa qaytarilmaydi, - deya vaziyatdan qutilmoqchi edi Aziza. Lekin ustoz unga bu ishi kechirib bo'lmasligini tushuntirib bir muncha ma’ruza o'qidi. Undan tashqari unga Bayroq bo'yicha ma'lumotlar topib kelishini vazifa qilib berdi.
Aziza buni parvoyiga ham ilmadi. Kerakli vazifalarni bajarib, bayroqqa oid vazifani xayoliga ham keltirmadi. Kechroq uyquga yotdi. Tushida esa:
"U o'z dugonalari bilan birga istirohat bog'iga borishgandi. Shu payt kimdir bor ovozi bilan baqirdi. Qizlar esa hayron qolishdi. Keyin ular tushunib yetishdiki, urush boshlangan emish. Xuddiki, 2-jahon urushiga qaytib qolgandek edi. Aziza juda qo'rqardi. Shu payt askar kiyimida bir kishi keldi. Ammo uning kiyimlaridagi yozuvlar rus tilida edi. O'sha kishi:
- А ты узбечки? - dedi. Qizlar boshini "ha" degandek silkitishdi. Askar kishi esa O'zbekiston bayrog'ini ko'rsatdi va uni yirtib yubordi. Aziza o’zi tushunmagan tarzda bayrog'ini avaylay olmaganidan afsuslana boshladi. Keyin o'sha amakiga baqira ketdi:
– Amaki, siz aqldan ozganmisiz? Men ham sizni bayrog'ingizni yirtsam yoqadimi?
Askar eshitmagandek burilib ketdi.
Aziza qo'rqqanidan uyg'onib ketdi. Ustozi bergan vazifani bajarishga kirishdi. Soat tungi 2:30 bo'lsa-da, faqatgina Azizaning chirog'i yoniq edi. U vazifani a'lo darajada bajardi. Maktabda esa dugonalari uning ustidan kulishdi:
– Sen aqldan ozganmisan? Kecha ustozni gaplarini mensimayotgan eding, qayerdan quyosh chiqdi?
Aziza ushbu g'alati, ammo ma'noli tushidan shuni tushunib yetdiki, Davlat ramzlari oddiy bo'lishi mumkin, lekin u sizni O'zbek ekanligingizni bildirib turadi va kezi kelsa uni himoya qilish ham kerak...


✍️Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi 8-“V” sinf o’quvchisi Berdiqulova Muxlisa

Telegram | Instagram |Facebook
#ajdodlar_mardona_ruhi_senga_yor
#tanlov
#2-ishtirokchi
#nasr


SADOQAT

Qizg'aldoqlar kelbat tog'lar bag'rida sho'ng'ir, kapalaklar chechaklarni quchib olgan mahal – bahor. Jilgʻalar goʻyoki yosh qizlar kabi qiqir-qiqir xandon kulib, majnuntolning kokilini tarardi. Majnuntolning tagida Sadoqat Lutfiy ijodidan bahramand boʻlib oʻtirar edi. Toʻsatdan qizning boshiga bir narsa qoʻngandek boʻldi. Bu gulchambar edi. Yuqorida qaragach, oʻz qoʻshnisi Nabijonni koʻrdi. Gulchambarni ham u qilgan.
— Kelsam, mutolaaga berilib ketgan ekansan. Kimni oʻqiyapsan?
— Lutfiy ijodini juda xush koʻraman. Bir tinglab koʻring.
Ey, visoling davlati ahli futuh,
Zulfu yuzung yodidur oromi ruh.
Gar ilik tutsang, ravon tutqil, begim,
Sabri Ayyub o’lsa, yo’qtur umri Nuh. — Shu bilan ular Mavlononing nafis misralari taʼsiriga tushdilar.
— Sadoqat, kel ikkimiz qachondir, birga maktab ochib bolalarga ilm oʻrgatamiz? — Nabijonning bu soʻzlari Sadoqatni biroz oʻyga soldi.
— Mayli, bu fikr menga yoqdi. — Javob qaytardi Saodat.
ㅤㅤ***
1941-yil, 21-iyun. Toʻsatdan "Munojot" chalinayotgan radiodan ashula toʻsatdan toʻxtab, sirena ovozi eshitildi va rus tilida:
— Vnimanie, vnimanie. Nachalas voyna...— Boshqa soʻzlarni hech kim eshitmadi. Dunyo ostun-ustun boʻldi va qishloqdagi barcha erkaklar, yosh, navqiron yigitlarning bari urushga jalb qilindi, ular orasida Nabijon ham.
Butun qishloq kechasi bilan mijja qoqmagan. Erkaklar poyezdga otlanmoqda, ayollar uvvos tortgan.
— Yigʻlama, Sadoqat. Albatta, men qaytaman va muallimlik orzularimizga erishamiz. — Shu soʻzlar bilan Nabijon otlandi.
Bu mudhish kunlarning boshlanishi edi. Qishloqda ayollargina qolgan, ketmon chopish ham, bola qarash-u boshqa ishlar ham ularning boʻynida edi.
Nabijondan Sadoqatga ora-orada maktublar kelib turardi. U yerda oʻzi yozgan sheʼrlar, gʻazallar boʻlardi:
Ismingni takrorlab yotdim tonggacha,
Sogʻinch sahrosida men telba Majnun.
Sen menga vafodor boʻlgin, Layli-cha,
Men senga umrbod boʻlayin maftun.
Baʼzida frontda tanishib qolgan Stepan amaki haqida ham gapirardi. U Nabijonga koʻp narsalarda yordam berarkan.

Nabijon
Frontda ancha-muncha narsaga tushunadigan boʻldim. Sadoqatdan maktublar tinmay keladi, iloji boricha tezroq javob qaytarishga harakat qilaman. Stepan amaki menga yoshlik chogʻlari haqida gapirib beradi. Urushdan oldingi hayotimdagi oddiy narsalar, issiq ovqat yemoq, ukalarimni qochmoq yoki onam tayyorlagan sharbatlarni ichmoq goʻyo ushalmas orzu kabi tuyulib qoldi. Bu yerda hozir har vaqt sergak turish kerak, qachon oʻq oʻtilishini bilmay qolasan kishi, tunlari zah yerda yotasan. Umuman bugun ovqatlansanmi, yoʻqmi aniq emas. Har kuni yerda yotgan murdalarni koʻrasan, sen oʻldirmasang – seni oʻldirib ketishadi.
Bir kuni kutilmaganda otishma sodir boʻldi, Stepan amaki qattiq jarohatlanib halok boʻldi. Oʻq mening qoʻlimga tegdi. Qoʻlim qizishni boshladi, soʻngra xushimdan ketdim. Oʻzimga kelib chap qoʻlimdan ayrilganimni aytishdi.
Nihoyat bu mudhish kunlar nihoyasiga yetdi. Qishlogʻim, tugʻilib oʻsgan joyimga qaytdim.
Yoʻlda mahalla raisini uchratdim, uni aytishicha, Sadoqat oʻz vaʼdasida turgan ekan. Menga vafodor qolib, oʻz uyida bolarga savod chiqarishga yordam berayotganmish. Rais bizga maktab ochib berishini vaʼda berdi.
Sadoqat chap qoʻlim yoʻqligini koʻrib
— Hechqisi yoʻq, bir qoʻl bilan ham muallim boʻlish mumkin. — deya mayin jilmayib, meni bagʻriga bosdi.


✍️Abdurahmonova Xadichabonu 8-“B” sinf o’quvchisi.


🌐 Ijod maktabining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari:

Telegram
Facebook
Instagram
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM