Orif Tolib
11.3K subscribers
1.13K photos
104 videos
8 files
1.94K links
Soʻz. Tahrir. Savodxonlik.

Reklama boʻyicha:
👉 https://is.gd/elonlar

Boshqa sahifalarimiz:
👉 https://taplink.cc/oriftolib

Muallif haqida:
👉 https://oriftolib.uz/?p=575

Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
Download Telegram
Boliviya va ozodlik kurashchisi

Boliviya Isroil bilan diplomatik aloqalarini uzdi – OAV.

Aslida kishilarning ismlari boʻlgan joy nomlari haqida oldinroq yozgan edim. Boliviya ham xuddi shunday toponimlardan biri. U milliy ozodlik harakati yetakchisi Simon Bolivar sharafiga shunday atalgan.

1825-yil 6-avgustda Yuqori Peru mustaqilligi eʼlon qilingan, 11-avgustda esa Bolivar Respublikasi tashkil etilgan. Mamlakatga Yuqori Peru va Yuqori Peru Davlati kabi nomlar ham berilishi mumkin edi. Bir necha oʻn yillar davomida shu va boshqa nomlar ham mamlakat nomi sifatida qoʻllangan. Biroq 1868-yil 1-oktyabrdan oʻlka rasman Bolivar Respublikasi deya atala boshlangan.

2009-yili kuchga kirgan Konstitutsiyaga koʻra, mamlakatning rasmiy nomi – Boliviya Koʻpmillatli Davlati (ispancha – Estado Plurinacional de Bolivia).

Janubiy Amerikadagi ushbu mamlakatda 37 ta rasmiy til bor. Masalan, ispan, kechua, aymara, guarani kabilar rasmiy til sanaladi. Aholining 68 foizi metis, 20 foizi hindu, 5 foizi oqtanlilardan iborat.

@oriftolib
👍21😱5🔥2😢1
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Sulola nomi qanday yoziladi? | 2️⃣8️⃣-dars | Oʻzbek tilidan savodxonlik darslari

👉 YouTubeʼda koʻrish

@oriftolib
👍14
​​Kim sipo koʻrinadi?

Sipoh soʻzi forschada qoʻshin, askar maʼnolariga ega. Oʻzbekchada esa saroy amaldori, jangchi, askar, shaxmat donasi kabi maʼnolarda qoʻllanadi. Masalan, Amir Temur va Bobur qoʻshinida otliq askar – sipohiylar xizmat qilgan.

Kamtar, kamsuqum, oddiy, ogʻir-vazmin kabi maʼnolarda qoʻllanadigan sipo soʻzi ana shu sipoh bilan bir soʻz, oxiridagi h tovushi talaffuzda yoʻqolgan xolos.

Xoʻsh, askar, jangchi maʼnosi nega kamtar-kamsuqum yoki ogʻir-vazminga aylanib qoldi? Sipohiylar, yaʼni oddiy askarlar odatda kichik lavozim va unvon egasi boʻladi, birovga rahbarlik qilmaydi. Aksincha, ularga rahbarlik qiladigan, nazoratda tutadiganlar koʻp boʻladi. Sipoh boshliq yoki qoʻmondonning izni, buyrugʻisiz ortiqcha harakat qilmaydi, qilolmaydi. Safda ham qimir etmay, tartib bilan turadi. Yoʻqsa, jazolanishi hech gap emas. Ana shu holat sipoh soʻziga koʻchma maʼno yuklanishiga olib kelgan. Kamtar, ogʻir vazmin maʼnosini olgan sipoh sipo shaklida qoʻllana boshlagan va askarlik maʼnosini butkul yoʻqotgan.

@oriftolib
👍24🔥4
Qay biri toʻgʻri?

Shift yoki devor orqali tashqariga chiqarilgan tutun yoʻli; moʻri, moʻrkon – ...
Anonymous Quiz
53%
Dudboʻron
30%
Dudburon
17%
Ikkovi ham toʻgʻri.
🤨24👍11🔥7💯2
Qay biri toʻgʻri?

Xona, ayvon va shu kabilarning ichki tepa qismi, tomning xona ichidan koʻrinadigan tepa qismi – ...
Anonymous Quiz
12%
Ship
78%
Shift
9%
Ikkovi ham toʻgʻri.
🤨32👍14💯4😱2😢1
Qay biri toʻgʻri?

Toʻzon yoki qor-yomgʻir aralash esadigan shiddatli shamol; toʻfon –
Anonymous Quiz
82%
Boʻron
9%
Buron
9%
Ikkovi ham toʻgʻri.
👍31💯8🤨2
Oliy o'quv yurtlari, fakultetlar va kafedralar nomi imlosi

“Ibrat farzandlari” loyihasida savodxonlik boʻyicha navbatdagi dars eʼlon qilindi. Lavhada universitet, institut, fakultet, yoʻnalish va kafedralar nomi imlosidagi eʼtiborli jihatlar tushuntirilgan.

👉 https://youtu.be/v_8dVmTo8hg

@oriftolib
👍18
Mugʻombirning taʼbiri

Mugʻombir arabchada muabbir shaklida ishlatiladi. Taʼbir soʻzi bilan oʻzakdosh. Asliyatda tushni taʼbir qiluvchi maʼnosini anglatadi. Oʻzbek tiliga yetib kelguncha tovush oʻzgarishlariga uchragan va mugʻombir shakliga kirgan.

Tushni taʼbirlash – qiyin ish. Tush taʼbirining bittasi toʻgʻri chiqsa, kamida oʻntasi xato chiqadi. Taʼbirchilarning soʻzi haqiqatga mos kelavermaganidan ularga ishonch yoʻqolib, nomlariga salbiy maʼno yuqqan boʻlsa ne ajab.

Mugʻombir soʻzi oʻzbekchada aldoqchilik bilan ish koʻruvchi; ayyor, quv maʼnosida qoʻllanadi:

Mirzakarimboy ilonning yogʻini yalagan odam edi... mugʻombir, puxta-pishiq... har ishda ehtiyotkorlikni maʼqul koʻrar edi. (Oybek, “Tanlangan asarlar”.)

@oriftolib
👍35
Badiiy asarlarda uchraydigan “qaznoq” soʻzining maʼnosi nima?
Anonymous Quiz
24%
Boshdagi mayda qipiq
55%
Ombor vazifasini oʻtovchi xona
21%
Oʻra qazish bilan shugʻullanuvchi kishi
👍25😱12🔥1🤨1
​​Berk va bek, shift va ship

Oʻzbek tilida baʼzi soʻzlarning aytilishi ham adabiy meʼyor sifatida qabul qilingan. Masalan, berk va bek soʻzi. Berk soʻzini ogʻzaki nutqda bek deb aytamiz. Aksariyat soʻzlarni aytilganiday yozsak, xato qilamiz. Lekin bek xato emas:

Borganimda eshik bek edi.

Izohli lugʻat ham, imlo lugʻati ham bu soʻzni soʻzlashuv varianti sifatida koʻrsatmagan. Izohli lugʻatda hatto berkitmoq soʻzi yoʻq, faqat bekitmoq berilgan. Imlo lugʻatidan esa bekitmoq ham, berkitmoq ham joy olgan.

Shift va ship soʻzlari bilan ham xuddi shu holat. Har ikki lugʻat bu soʻzlarni adabiy tilga xos deb bergan. Soʻzlashuv yoki sheva varianti emas:

Xona oʻrtasida... kattakon stol, atrofida vena stullari, ikki deraza oʻrtasida shipga yetarli katta toshoyna... bor edi.
M. Ismoiliy, “Fargʻona tong otguncha”.

🟢 Garchi adabiy meʼyor sanalsa-da, bek va ship variantlari asosan badiiy va publitsistik asarlarda ishlatiladi.

Bu ikkitagina misol xolos. Bularga oʻxshash soʻzlar talaygina. Xoʻsh, bunday soʻzlarni qanday farqlash mumkin? Lugʻatlar bilan ishlash, esda saqlab qolish kerak. Boshqa soʻzlarni ham shularga qiyosan aytilganidek yozsangiz, xato qilasiz.

Imlomiz ana shunaqa-da, nima deysiz endi🤷🏻‍♂️.

Oʻzi XX asr boshida, alifbo oʻzgarganda soʻzlarni aytilganday yozish qabul qilinishi kerak edi. Shunda imlo xatolari ham kam boʻlardi, yozuv xalq tiliga yaqinlashardi. Menimcha.

@oriftolib
👍30
Sahrodan kelgan yovvoyi

Yovvoyi soʻzi koʻp maʼnoli soʻz, u xonakilashmagan, madaniylashtirilmagan, zararli, oʻzlashtirilmagan, qoʻrqinchli, qoloq, odamovi kabi maʼnolarni anglatadi. U qadimgi turkiy tilda sahro maʼnosini ifodalagan yaba otidan hosil boʻlgan. Dastlab oʻz-oʻzicha yashaydigan, oʻz-oʻzicha oʻsadigan maʼnosini anglatgan yabayi vaqtlar oʻtib yovvoyiga aylangan, maʼnolari ham kengaygan.

Eski turkiydagi yaba soʻzidan hosil boʻlgan yobon soʻzi oʻzakdagi maʼnoni saqlab qolgan. U dala, dasht maʼnosini bildiradi.

@oriftolib
👍27🔥1
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
18%
Tushindim.
82%
Tushundim.
💯24👍14🤨1
Soʻz qoʻllash mavzusidagi maqolalar

Kecha soʻz tarixi va etimologiya bilan bogʻliq maqolalar roʻyxatining 1-qismini eʼlon qilgandim. Bugun soʻz qoʻllash mavzusidagi maqolalarning 1-qismi bilan tanishasiz. Oldin koʻzingiz tushmagan va siz qiziqadigan mavzular boʻlsa, tanishib chiqishingiz mumkin.

1-qism

🔹 “Ajrim” soʻzini toʻgʻri qoʻllash kerak
🔹 “Bardavomiy boʻlsin!”
🔹 “Voronka”ning oʻzbekchasi bormi?
🔹 “Katta yettilik”, “Katta yigirmatalik” – aslida xato
🔹 “Qamishdan bel bogʻlab”
🔹 “Lutfan taklif qilish” toʻgʻri emas
🔹 “Nomidagi” yoki “nomli” deyish toʻgʻrimi?
🔹 “Shukrona kuningiz muborak boʻlsin!”
🔹 “Yuragida yoli bor”: kishining yoli boʻlmaydi
🔹 Avlodmi, ajdodmi?
🔹 Adil va adl
🔹 Azza-bazza
🔹 Arabcha siniq koʻplik va oʻzbekcha koʻplik
🔹 Asl va asil
🔹 Afzal va abzal

👉 2-qism

@oriftolib
👍26🔥1
Terisini tashlagan tiyin

Tiyin soʻzi bir soʻmning yuzdan biriga teng pulni va shunday qiymatga ega boʻlgan mayda chaqani bildiradi. Izohli lugʻat tiyin soʻzining olmaxon degan maʼnosini ham bergan, lekin bu soʻz qatnashgan misol keltirmagan. Tiyin soʻzi hozirgi tilimizda olmaxon maʼnosida qoʻllanganini uchratmaganman.

Lekin tarixda tiyin jonivor nomini bildirgan. “Devonu lugʻatit turk”da bu soʻz teging shaklida keladi va suvsarlar oilasiga mansub yirtqich hayvon deb izohlanadi. Teging juni qalin, mayin, qora-qoʻngʻir rangli sutemizuvchi jonivor boʻlib, qimmatbaho moʻynasi uchun koʻp ovlanishi natijasida kamayib ketgan. Teging vaqtlar oʻtib teyingga, soʻng teyinga, undan keyin esa tiyinga oʻzgargan.

Oʻzbek tilining etimologik lugʻatiga koʻra, natura bilan savdo qilingan vaqtlarda ayirboshlanadigan narsaning qiymati necha dona olmaxon terisi evaziga almashtirilishi bilan belgilangan, shu asosda teying soʻzining pul maʼnosi yuzaga kelgan. Shunday qilib, tiyin teri maʼnosini tamoman tashlagan.

@oriftolib
👍31🔥7😱2😎1
Tasavvur qilish qiyin: bular aslida forscha soʻzlar

Oʻzbek tiliga fors tilidan kirgan soʻzlar juda koʻp. Tilga oʻta singishib ketganidan ular forscha ekanini deyarli bilmaymiz ham. Albatta, etimologiya yoki fors tilidan xabardor kishi ularni oson farqlay oladi. Biroq Yevropa tillari orqali kelgan forscha soʻzlar ham bor. Qiyofasi, mazmuni tamom begonalashib ketgan bunday soʻzlarni hatto til egalari ham tanishi qiyin.

“Daryo” nashrida ana shunday soʻzlarning baʼzilarini sharhladim.

👉 dy.uz/rbT7t

@oriftolib
👍37🤨3
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Oliy oʻquv yurtlari, fakultetlar, yoʻnalishlar va kafedralar nomi imlosi | 2️⃣9️⃣-dars | Oʻzbek tilidan savodxonlik darslari

👉 YouTubeʼda koʻrish

@oriftolib
👍12🔥1
​​Divan va devon

Divan soʻzi oʻzbekchaga ruschadan oʻzlashgan, ruschaga esa fransuz tilidan kirgan. Fransuzchada kursi, oʻrindiq, yumshoq mebel maʼnosida qoʻllanadi. Fransuzlar bu soʻzni turkchadan olgan. Turk tilida u bir necha maʼnoni anglatgan. Birinchi maʼnosi – sulton aʼyonlari majlisi. Keyingisi – ana shu majlis oʻtkaziladigan, keng va uzun oʻrindiqlari bor xona. Bu xonadagi oʻrindiqlar ham divan soʻzi bilan ifodalangan. Bu soʻzning tamom boshqa maʼnosi ham boʻlgan – u sheʼrlar toʻplamini anglatgan. Turkchaga bu soʻz forschadan oʻzlashgan.

Divan soʻzini izohli lugʻat oʻtirish va yotish uchun moʻljallangan suyanchiqli, ikki chetida dastasi yoki yostiqchasi boʻlgan yumshoq mebel deya taʼriflaydi. Bu soʻz ogʻzaki uslubda baʼzan devon shaklida ham qoʻllanadi.

Soʻzning forschadan bevosita oʻzlashgan shakli – devon Alisher Navoiy asarlarida yuqoridagi kabi maʼnolarda qoʻllangan. U daftar, sheʼrlar toʻplami, davlat mahkamasi, davlat kirim-chiqim ishlari boshligʻi, shoh saroyi kabi turli maʼnolarni ifodalagan. Bu soʻz hozirgi oʻzbek tilida ham shunga oʻxshash maʼnolarda ishlatiladi. Prezident administratsiyasi yaqin tarixda Prezident devoni deb atalardi. Devon Sharq mamlakatlarida davlatning bosh idorasini, ayrim vazirliklarning mahkamalarini, shunday mahkama binosini anglatgan.

@oriftolib
👍15🔥2
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
39%
Dahldorlik
61%
Daxldorlik
💯35👍12😱6😎3🤨2🔥1
Devorda yoki doskada turli tasvirlarni aks ettiruvchi qurilma – ...
Anonymous Quiz
24%
Projektor
52%
Proyektor
24%
Ikkovi ham toʻgʻri.
💯23👍18😎9🔥4😱1