JO'RABEK RAMAZON
408 subscribers
77 photos
20 videos
3 files
15 links
Iste'dodli va zabardast shoir Jo'rabek Ramazon she'rlari kanali ochildi. Xalqona, nafosatli, go'zal ijodi bilan ko'plab muxlislar orttirgan shoirning oxirati obod bo'lsin!

Creator: @Niyatullo_n7
Download Telegram
HAZIL

Sevaman, jonimni beraman desam,
Ber deding, koʻksingni qil deding mayib.
Keyin sukunatda turdingu bir dam,
Qoʻrqma, hazillashdim, deding jilmayib.

Sevgilim, sevgida hazil yoʻq, bilsang,
Sadoqat yoʻlida boʻlmaydi yumor.
Ishqimni imtihon qilmoqchi boʻlsang,
Oldimga milyonta Azozil yubor.

Sevsang hazillashma (oʻtinchim bu ham),
Uni tushunmasdan qoladi kimlar.
Axir, Qatagʻonlar hazili bilan
Dorga osilgan-ku Boborahimlar ...


JOʻRABEK RAMAZON


@JorabekRamazon
👍6❤‍🔥2🔥21
BUGUN

Bugun yigʻlab boʻlmaydi sira,
Mumkin emas kulib yashash ham.
Tortsa hamki koʻnglimiz xira,
Tuygʻusizdek boʻlsa ham olam.

Garchi taskin istaydi yurak,
Garchi hayot chunon beʼmani.
Bugun faqat jim turish kerak,
Kutish kerak faqat ertani.


JOʻRABEK RAMAZON


@JorabekRamazon
❤‍🔥7👍3
Avval yuragimni sugʻurib olib,
Avaylab oʻrniga qoʻyganlar haqqi,
Sovuq qiyofamga intizor boʻlib,
Qora qilmishimdan toʻyganlar haqqi,
Hech qanday maʼnisiz nigohlarimni
Sogʻingan yuragi shoirlar haqqi,
Xudo avf etmagan gunohlarimni
Darhol kechirishga qodirlar haqqi,
Koʻksining toʻridan menga joy berib,
Noloyiq oʻrnimni sezganlar haqqi,
Kecha roʻyo toʻla soʻzimdan erib,
Bugun yolgʻonimdan bezganlar haqqi,
Kecha tovogʻimning oshini yalab,
Bugun mendan ancha oʻzganlar haqqi,
Men uchun baxt emas, insofni tilab,
Oʻzicha koʻkka qoʻl choʻzganlar haqqi,
Manzilga anchayin oldin kelardim
Agarda yanglishib qoʻymasam qadam,
Men-ku baringizdan oʻzib ketardim
ISHQ bilan baxtiyor boʻlolsa odam ...


JOʻRABEK RAMAZON


@JorabekRamazon
👏72👍1🔥1
Joʻrabek Ramazon

@JorabekRamazon
👍32🔥1
#kechinma

Hayot – har tomoni yamalgan gilam,
Soatday bir yo’sin uradi yurak.
Orzu ko’p, qayg’u ko’p, yetarli g’am ham,
Ikkimizga faqat muhabbat kerak.

© Jo’rabek RAMAZON
8
MUNOSIB EMAS

Maqtamang yonimda turib, men aslo
Bundayin soʻzlarga munosib emas.
Axir, zarragina bironta roʻyo
Chiroyli koʻzlarga munosib emas.

Unutdim yurakni sitganlarimni,
Xotira daftarin titganlarimni.
Hech kim oʻqimaydi bitganlarimni,
Ayniqsa, qizlarga munosib emas.

Faqat tiriklikdan oshmadi gʻamim,
Gʻamimga koʻmilib oʻtdi har damim.
Meni adashtirdi har bir qadamim,
Qadamim izlarga munosib emas.

Uzun soʻqmoqlarni kezib piyoda,
Yashadik Layli-yu Qaysdan ziyoda.
Yo bizlar arzimay qoldik dunyoga,
Yo dunyo bizlarga munosib emas!


JOʻRABEK RAMAZON


@JorabekRamazon
👍32🔥1
Sen bahorga oʻxshaysan faqat,
Boshqa tavsif bilmaydi yurak.
Bu dunyoda boʻlsa muhabbat,
Atrofingdan qidirish kerak.

Kengliklarda qolmagan hech sir,
Yuragimga qoʻy endi qadam.
Tushunsang-chi, azizim, axir,
Men bahorni sogʻingan odam!

JOʻRABEK RAMAZON


@JorabekRamazon
3👍2
Yur, qochib ketamiz dunyolaridan,
Ikkimiz quramiz boshqa bir dunyo.
Biz axir qismatning xatolaridan
Va jafolaridan boʻlganmiz bino.

Qizlar koʻp – xabari yoʻqdir hayodan,
Gunohga botaman qaragan onim.
Faqat sen koʻksingni yashir dunyodan,
Faqat sen ularga oʻxshama, jonim.

Yashama taqdirni boʻyningga olib,
Koʻzing ham yoʻllarga qarab tolmasin.
Iltijo qilaman: men chetda turib,
Nomard yuraklarga kuning qolmasin.

Ishonma jilmayib boqqan odamga,
Yo koʻz yosh toʻkkanga qaratma shafqat.
Mayli, oʻt ketsa ham butun olamga,
Aldanib yashashdan asrasin faqat.

Nechun yana bugun koʻzlaringda mung,
Duch keldingmi hayot choʻpchaklariga?
Yur, qochib ketamiz telba dunyoning
Hech kim bora olmas burchaklariga.

Bir dunyo quramiz, bilmaydi hech kim,
Oftobi kuydirmas, qorlari iliq…
Yur, qochib ketamiz bu yerdan, jonim,
Bizni topolmasin hatto ayriliq.


Joʻrabek Ramazon


https://t.iss.one/jorabekramazon
7🔥3👏1
IKAR

Goʻdak edim, goʻdakligimdan
Baland edi havasim qushga.
Bir kun kelib oʻzim uchmogʻim
Kirmagandi hattoki tushga.
Kechir ota, sendan uzoqlab,
Erkin qanot qoqmoqchi boʻldim.
Tutqun dilni parvozga chogʻlab,
Bulut bilan oqmoqchi boʻldim.
Men quyoshni sevardim, ota,
Diydoriga intiqqanim rost.
U-chi, meni oʻziga torta,
Qanotimni kuydirdi bexos.
Dengiz meni qaʼriga yutdi,
Uchdim! Goʻzal bitdi hayotim.
Toʻlqinlarda suzib yuribdi
Quyoshlarda qotgan qanotim.


JOʻRABEK RAMAZON


@JorabekRamazon
8😭3
Quyosh boʻlib socholmadim nur,
Koʻp bardoshim koʻksimda sindi.
Qilmoq uchun ishqimni mashhur,
Yomgʻir boʻlib yogʻaman endi.

Yoʻq, aldadim, hammasi tayin,
Men yashayman dardimni yutib.
Umringizni oʻtkazmang tagʻin
Ob-havoning aynishin kutib.


JOʻRABEK RAMAZON


https://t.iss.one/jorabekramazon
9🔥2
МИНГ ЙИЛКИ…

Минг йилки, фасллар алмашиб турар,
Минг йилки, муҳаббат йиғлайди қон-қон.
Минг йилки, айрилиқ томирим сўрар,
Минг йилки, сендай қиз кўрмади жаҳон.

Минг йилки, қон билан битилар мактуб
Юракнинг қордай оқ сафҳаларига.
Минг йилки, ошиқлар ёрини кутиб,
Борини чўктирар армон қаърига.

Минг йилки, кўзлардан тўкилади ёш,
Минг йилки, юраклар машъалдек ёнар.
Минг йилки, ҳаммани тенг севган қуёш
Сени кўриш учун эрта уйғонар.

Минг йилки, мен сенинг кўйингда мажнун,
Минг йилки, сен менга боқмайсан қиё.
Минг йилки…
Минг йилки…
Ва шунинг учун
Номи бир кам бўлиб қолди бу дунё.


ЖӮРАБЕК РАМАЗОН


@JorabekRamazon
9🔥1
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
ORZU

... Shunday odam boʻlsang, nigohlari oʻq,
Tiling bulbullarga qoʻshiq oʻrgatsa.
Dard desa — dunyoda bunday narsa yoʻq,
Baxt desa — odamlar seni koʻrsatsa!


JOʻRABEK RAMAZON

Ijro:Ferangiz Yusupova


https://t.iss.one/jorabekramazon
10
SIZNI BERIB BOʻLMAYDI

Yulduzni guldayin terib boʻlmaydi,
Yurak muz qotgan dam erib boʻlmaydi.
Endigina baxtga erishgan mahal,
Yoʻq, sizni hech kimga berib boʻlmaydi.

Ishonsin deb qasam ichsak boʻladi,
Quvonchdan osmonga uchsak boʻladi,
Hoziroq jondan-da kechsak boʻladi,
Lek sizni hech kimga berib boʻlmaydi.

Kechalar ertagin aytdi erinmay,
Ertaklar ortiga qaytdi erinmay.
Yashamoq mumkin hech kimga koʻrinmay,
Yoʻq, sizni hech kimga berib boʻlmaydi.

Dunyo gung, tiliga qaragimiz yoʻq,
Yutamiz deganda yuragimiz yoʻq.
Bizning-ku hech kimga keragimiz yoʻq,
Lek sizni hech kimga berib boʻlmaydi.


JOʻRABEK RAMAZON


https://t.iss.one/jorabekramazon
10
Qilmishim xato-yu rasvolik boʻldi,
Qay ishni boshlamay gʻavgʻolik boʻldi.
Qorilgan loyimning taʼmini bilmay,
Orzuyim hamisha daholik boʻldi.


JOʻRABEK RAMAZON


https://t.iss.one/jorabekramazon
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
MEN OʻLSAM ...

Men oʻlsam ...
Odamdek oʻlmayman:
Men uchib ketaman qushga aylanib,
Dunyoning eng goʻzal, oppoq qushiga!..

Men oʻlsam ...
Odamdek oʻlmayman:
Oxirgi yaprogʻi boʻlaman kuzning,
Hech kim payqamaydi uzilganimni.

Men oʻlsam ...
Odamdek oʻlmayman:
Yashayman eng shirin tushga aylanib.
Xunuk qizlar yigʻlar ...
Onamdan keyin ...


JOʻRABEK RAMAZON

Ijro: Shodiyona Davlatova


https://t.iss.one/jorabekramazon
5👍2❤‍🔥1🥰1
Kun kechirib yursam.
Bir kuni
Odamlarga boʻlsam ovoza,
Sogʻinadi bir qizcha meni —
Koʻylagi kir, yuragi toza.

Oʻshanda shart yuzimni burib,
Goʻzalligin olmasam ham tan,
Suyunadi kamolim koʻrib,
Kuyunadi baxtsizligimdan.

Quchogʻimga olib samoni,
Bulutlarning bagʻrida suzsam ...
U koʻz yoshga koʻmar dunyoni
Kiprigimdan bir tomchi uzsam.

Lekin uzoq ketmayman sira,
Koʻksim ezib yursa ham firoq.
Axir, menga osmondan koʻra
Tizzangga bosh qoʻyish afzalroq.

Tushunsang-chi, qismatimiz shu,
Qara, hayot sevgi qasdida.
Sen bekorga yashamaysan-ku
Qovurgʻamning shundoq ostida!..


JOʻRABEK RAMAZON

Ijro: ROSTNAVIS


https://t.iss.one/jorabekramazon
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
4🕊1
ATAYIN

Men atayin ildam ketaman —
Sen ortimdan yetolasanmi?
Atayin kech qolaman baʼzan —
Toqat bilan kutolasanmi?

Goh oʻzimcha kulaman mamnun,
Goho gʻazab qilib ozgina.
Atay jahling chiqarmoq uchun
Yolgʻondakam qilaman gina.

Men atayin oʻlaman bir kun
Yigʻlaysanmi — sinamoq uchun ...


JOʻRABEK RAMAZON


@JorabekRamazon
8💔2
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Faqat, sen yigʻlatma meni azizam ...

JOʻRABEK RAMAZON
Ijro: Latofat Amirova


@JorabekRamazon
👍51
50:50

Asli murosadan yaralgan dunyo,
Na birov o‘zgartgan, birov ko‘chirgan.
Mening ko‘rganlarim teng yarmi ro‘yo,
Qolgan yarmin hamma boshdan kechirgan.

So‘z bisyor – tizsangiz bo‘ladi doston,
Bular eng osoni – qulaylaridir.
Mening do‘stlarimning teng yarmi inson,
Qolgan yarmi shayton malaylaridir.

Hayot bor – bag‘rida tuyg‘u bor azal,
Ayt­ing, u qay dilni qilmaydi asir?
Mening sevganlarim teng yarmi go‘zal,
Qolgan yarmi esa bachkanalardir.

Sog‘ tanni ayamay yashadim mudom,
Bugun to‘rt muchani butlash armondir.
Mening yeganlarim teng yarmi taom,
Qolgan yarmi esa dori-darmondir.

Ranjimang bitganim tuyulsa gumon,
Arslon ham iziga qaytishi mumkin.
Mening yozganlarim teng yarmi yolg‘on,
Qolgan yarmin hamma aytishi mumkin.

JOʻRABEK RAMAZON


https://t.iss.one/jorabekramazon
🔥54😢1
... Bir dunyo quramiz, bilmaydi hech kim,
Oftobi kuydirmas, qorlari iliq…
Yur, qochib ketamiz bu yerdan, jonim,
Bizni topolmasin hatto ayriliq.


JOʻRABEK RAMAZON

Ijro: NOLONIY


t.iss.one/JorabekRamazon
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
👍4