Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi
882 subscribers
8.04K photos
858 videos
49 files
1.83K links
Download Telegram
#ustozlar_ijodidan

YOʻLOVCHI

Oʻttiz uch yoshimda
oʻttiz uch ming yil
hasrati, dogʻi bor qarashlarimda, sangtarosh xoʻrsinar qadimdan buyon
olam toshlarini taroshlar ekan...
Qadam bosganimda chayqaladi yer, chayqalar yodimning ogʻirligidan.
Biror asr uxlay,
ichayin chogʻir,
bergin, yer, ming yillik chogʻirlaringdan.
...Virdan afsonaviy kishvar ochildi,
simirdim qip-qizil gullarning isin.
Olam goʻzal ekan —
shunda ilk bora
eshitdim qalbimningʻ teran yigʻisin.
Borliqni unutib uxladim lahza, ruhimdan uvalib ketganday gʻullar.
Soʻng chuchib uygʻondim kuz nafasidan,
sargʻayib qolgandi
qip-qizil gullar.

Shavkat Rahmon

👇Bizni kuzatishda davom eting
👉@ima_myim
#ustozlar_ijodidan

YOLG‘IZ

Milyon yilda meni yaratdi hayot,
Meni so‘rab, tog‘lar qator cho‘kdi tiz.
Nahot anglamaysan, bilmaysan nahot,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.  

Bug‘lanib, qaytadan to‘kiladi suv,
Quyoshdan ishorat – ko‘z yorar ildiz.
Men, axir ularga o‘xshamayman-ku,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.  

Har elat o‘zicha atar shamolni,
Mingta ism bilan yashaydi yulduz.
Sen qaydan topasan boshqa Iqbolni,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.  

Nafasim – g‘animat, so‘zim – g‘animat,
Fojia – poyimdan uzilgan har iz.
Mening nigohlarim eng ezgu ne’mat,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.  

Yaratganga borib aytaman seni!
O‘zi hukm etsin odil va xolis.
Men qaytib kelmayman, tushunyapsanmi?
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz...

Iqbol Mirzo
O‘zbekiston xalq shoiri


👇Bizni kuzatishda davom eting!
👉@ima_myim
#ustozlar_ijodidan

Bugun tunda kelarmish, Bahor...

Derazangdan mo'ralab asta,
Gul yuzingdan bo'lib shikasta,
Uzun qishga siltab qo'lini,
Ham qalbingdan boshlab yo'lini,
To'qqiz oyki, elarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor...

Qoru muzni suvga g'arq qilib,
Izg'irinni butkul tark qilib,
Eshitgandek mening nolamni,
Guldastaga o'rab olamni -
Tushda boshing silarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor...

Go‘zallikni eltib jahonga,
Sano aytib har o‘tgan onga,
Jamolingga bo‘lib mahliyo,
Istarangdan olgancha ziyo,
Bizga iqbol tilarmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..

Unutilar hazonrez kuzak,
Tabassuming yuzingga bezak.
Mehrlaring menga oğdirib,
Yomg‘irlarni yerga yog‘dirib,
Suvlarini elarmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..

Hissiyotga to‘ldirib dilni,
Kengaytirib kichik kõngilni,
Duolarga ijobat etib,
Tabiatni chamanzor etib,
Baxtimizdek kularmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..

Zulfiya Isroilova
O‘zbekiston xalq shoirasi


👇Bizni kuzatishda davom eting!
👉@ima_myim
#ustozlar_ijodidan

Bahor kelayotir

Bahor kelayotir,
Toza, musaffo.
Moviy kengliklarda o‘ynaydi shamol.
Daralar qo‘ynida zangor bir havo,
Tumanli shahr ichra yotmoqlik malol.

Qoyalar ko‘ksida shodmon, beqayg‘u,
Oniy umri bilan sollanib chechak.
Bahor- eng pokiza shabbodadir bu,
Bahor- eng pokiza shamoldir demak .

Kengliklar bag‘riga uraman o‘zni,
Ko‘zimga ko‘ringan dilbar diyorim.
Go‘dak nafasiday yupatar yuzni,
Qish bo‘yi intizor kutgan bahorim.

Bahor-ku o‘tadi shamoldek shitob,
Mayli, o‘tajak u va o‘tar bo‘lsin.
Azizim, umringda havo bo‘lsin sof,
Umring shamollari muattar bo‘lsin.

Abdulla Oripov
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri


👇Bizni kuzatishda davom eting!
👉@ima_myim
#ustozlar_ijodidan

Ketayapsiz, men ham ketyapman,
Oʻrtamizdan oʻtolmas sabo.
Zulfingizni xayolday eshar,
Martning koʻksin toʻldirgan havo.

Ketayapsiz, men ham ketyapman,
Jon boricha koʻkarar yashil.
Daraxtlarning uchlari bilan
Shivirlashib quvonar fasl.

Siz faslga kirasiz, fasl
Kirib kelar olamga yonib.
Qaldirgʻochday vijirlar toshlar.
Yoʻl chetiga qushlarday qoʻnib.

“Ey, Gul, qaydan va qanday qilib,
Buncha latif, buncha sirlisiz?”
Soʻralmasdan oʻlar savollar,
Ham quyoshli, ham yomgʻirlisiz.

Bunday ozod, ixtiyorlisiz,
Bunday titrab olasiz nafas.
Barmogʻingiz bir qoʻshiq boshlar,
Barmoqlarim qilyapti havas.

Vujudimga chopar bir shovqin,
Tuygʻu selday koʻpirar qonda.
Koʻkragimga Tangri osgan qulf,
Kalitlari sizda ekanda.

Bunday boqmang, nigohlaringiz,
Hayotimni besas qamchilar.
Yelkangizga qoʻnmoqlik uchun
Koʻkdan tushmay turar tomchilar.

Ketayapsiz, men ham ketyapman,
Shamol erka, koʻzlar beqaror.
Koʻngil kabi tozargan yoʻlda,
Ikkalamiz. Muhabbat. Bahor.

Shodmonqul SALOM

👉@ima_myim
#ustozlar_ijodidan

MAKTAB

Baxtga narvon, bilimga kon erur maktab,
Zakovat doniga xirmon erur maktab.
O'g'il-qizlar, o'qing ulkan murod ko'zlab,
Ziyo topmoq uchun imkon erur maktab.
O'qing, minglab ahli dono kerak yurtga,
Yana Bobur, ibn Sino kerak yurtga.

Navoiy so'zni zar etdi ilm istab,
Buxoriy el kezib o'tdi ilm istab.
Riyoziyot shohi bo'ldi Xorazimiy,
Ulug'bek yulduzga yetdi ilm istab.
O'qing, Farg'oniy, Huvaydo kerak yurtga,
Beruniy, Termiziy, Kubro kerak yurtga.

Necha yovdan qaqshagan bu aziz tuproq,
Qadim janglar guvohi har dala, so'qmoq.
Buyuk yurt tarixin anglab g'urur to'plang,
Mard bobongiz Temurbekdek turing ogoh.
O'qing, idrokli posbonlar kerak yurtga,
Shiroq yanglig' pahlavonlar kerak yurtga.

Surib davron, Vatanda xon bo'ling doim,
Qadoqqo'l bu elga darmon bo'ling doim.
Shahar tiklang, oching dunyo sari yo'llar,
Nomi besh qit'ada doston bo'ling doim.
O'qing, ongli qizu o'g'lon kerak yurtga,
Qodiriy, Nodira, Cho'lpon kerak yurtga.

Qunt ila qirq hunar olmoqqa shahd aylang,
Shamoldan ham shakar olmoqqa shahd aylang.
Zamondan-da yurib ilg'or, bo'lib koshif,
Har ilmdan samar olmoqqa shahd aylang.
O'qing, qudrat ila shuhrat kerka yurtga,
Ma'rifatga tashna millat kerak yurtga.

Ma'rifatsiz elat maqsadda jam bo'lmas,
Ma'rifatli o'lka yotga qaram bo'lmas.
Agar maktab quyosh ersa, ilm nurdir,
Fikrsiz bosh ichra hattoki sham bo'lmas.
O'qing, fikri yorug' avlod kerak yurtga,
Va ertangi taraqqiyot kerak yurtga.

✍️Anvar Obidjon
O‘zbekiston xalq shoiri

👇Bizni kuzatishda davom eting!
👉@ima_myim
#ustozlar_ijodidan

***
Bahor kunlarida kuzning havosi,
Tanimni junjitar oqshomgi shamol.
Nega muncha gʻamgin nayning navosi,
Nega qalbim toʻla oʻkinch va malol?

Barglar orasiga tinmasdan sira
Oshno yulduzlardan toʻkiladi nur.
Bilmayman, qiynaydi qaysi xotira,
Titroq yulduz kabi muzlagan shuur.

Magʻlub bahodirning nayzasi misol
Maʼyus egiladi terak uchlari,
Barglar soyasida oʻynaydi behol
Uyqudagi qizning bedor tushlari.

Atrofimda yotar gʻarib bir viqor,
Bilmam, nega oʻchdi qalbim safosi?
Nima ham qilardim, na ilojim bor,
Bahor kunlarida kuzning havosi.

Abdulla Oripov
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri


👇Bizni kuzatishda davom eting!
👉@ima_myim
#ustozlar_ijodidan

ODAMLAR ICHIDAN ODAM IZLADIM

Uni sizladim men,
Buni sizladim –
Odamlar ichidan odam izladim...
Shaytonlarga uchrab, kuydim, muzladim...
Odamlar ichidan odam izladim...

Bir dardkash qidirdim,
Bir doʻst axtardim...
Loqaydlar beparvo tingladi dardim...
Uchratib qolarman deya bir mardin,
Odamlar ichidan odam izladim...

Qashqirlar qutirdi,
Koʻppaklar hurdi...
Chayonlar chaqay deb izimdan yurdi...
Oʻrgimchak inini koʻzimga qurdi...
Odamlar ichidan odam izladim...

Menga odam kerak!
Haqiqiy odam!
Topsam, yuragimdan quvilar motam...
Oyoqyalang qoʻyib choʻgʻlarga qadam,
Odamlar ichidan odam izladim...

Mayus sheʼrlarimni tinglaydi kim deb,
Tinglab, yurak-bagʻrin tigʻlaydi kim deb,
Bahodir Isoni anglaydi kim deb,
Odamlar ichidan odam izladim...

Bahodir ISO,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, Yozuvchilar uyushmasi a'zosi


👇Bizni kuzatishda davom eting!
👉@ima_myim
#ustozlar_ijodidan

Sog'inch

Seni sog'insinlar,
Sen ko'p sog'inding,
Chora yo'q baribir ikki holda ham.
Daryodek tosharding, ko'l kabi tinding,
Faqat ruhing qoldi sen bilan hamdam.

Afsus, sog'inchning ham bordur adog'i,
Keyin unitilish, bari abasdir.
Sog'ingan odamning ko'nglida dog'i,
Sog'intirganga ham oson emasdir.
 
Abdulla Oripov
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri.


👇Bizni kuzatishda davom eting!
👉@ima_myim
#ustozlar_ijodidan

VATAN DESAM

Bu diyorning ayvonlari nurga talosh,
Bu diyorning kayvonisi oyu quyosh.
Vatan desam ko‘zimda yosh, yuzimda yosh
Ko‘zga surtay nonlarini, nonlarini.

Tiriklikning zahmatlari, taqdirlari,
Hayotining bor hikmat ham tadbirlari,
Ey, onamning tuproqqina tandirlari,
Isitgansiz jonlarini, jonlarini.

Kim Vatanni zar to‘niga yeng etmishdir,
Kim bag‘rini osmonlarday keng etmishdir.
Yaratganning o‘zi bugun teng etmishdir
Asrlarga onlarini, onlarini.

Bir suvoriy kelmoqdadir — Boburmi yo?
Hirotmi yo, Hindistonmi yoki Ko‘nyo,
Ko‘rib keldi, bundan so‘ng ham ko‘rsin dunyo
Sultonlari, xonlarini, xonlarini.

Bu diyorning ayvonlari nurga talosh,
Bu diyorning kayvonisi oyu quyosh,
Vatan desam ko‘zimda yosh, yuzimda yosh,
Ko‘zga surtay nonlarini, nonlarini.

Nechun o‘tmoq hasad ekib umrlarga,
Dilni o‘rab g‘araz, riyo ko‘mirlarga?
Havas qilib yashang ulug‘ Temurlarga,
El bilgaydir shonlarini, shonlarini.

Sirojiddin Sayyid
O‘zbekiston xalq shoiri


👇Bizni kuzatishda davom eting!
👉@ima_myim
#ustozlar_ijodidan

BETOBLIGIMDA...

Majnuntol tagiga oʻtqazing meni,
Qovrilmay to gʻashlik alangasida.
Majnuntol tagiga oʻtqazing meni,
Nafasimni rostlay koʻlankasida.

Majnuntol tagiga oʻtqazing meni,
Qushlar ovoziga quloq solayin.
Majnuntol tagiga oʻtqazing meni,
Xayol ogʻushida orom olayin.

Majnuntol tagiga oʻtqazing meni,
Shu kungacha oʻzni men cheklab boʻldim.
Majnuntol tagiga oʻtqazing meni,
Men uchun yigʻlasin, men yigʻlab boʻldim.

✍️ MIRTEMIR
Oʻzbekiston xalq shoiri


👇Bizni kuzatishda davom eting!
👉@ima_myim