Ҳусниддин ҲАЙИТ cаҳифаси
92 subscribers
243 photos
45 videos
25 files
486 links
Download Telegram
#Adabiyot #Kechinma

KECHIR YURAGIM...

     Azoblanayapsan  yuragim. Yolg’iz o’zing alamlar lashkariga qarshi  kurashib. Axir ular juda ko’pchilik. Sen esa tanho o’zing. Bu ham etmagandek ko’zlaring ko’r. Na sevgini ko’rasan, na ko’zguda o’z aksingni. Ancha bo’ldi hijron kamonidan o’q otib seni ojiz qilib qo’yganiga. Senga judayam  qiyin bo’ldi-da. Hatto qiyofangga  qarab bo’lmaydi. Nursiz ojiz ko’zlaringdan oqayotgan qonli yoshlar... Oh, naqadar dahshat!
     Yuragim! Nahot qismating shu bo’lsa... Nahot xasta holingga hech kim achinmasa...
     Yo’q! Yo’q! Yo’q! Sen axir kuchlisan-ku. Axir men senga ishonaman, umringni so’nggi daqiqalariga qadar kurashib hayot kechirishingga. Sen engilmassan, sen matonatlisan. Agar irodali bo’lmaganingda allaqachonlardir urishdan to’xtagan bo’larding-ku. To’g’rimi? Sabrdan yasalgan qalqoning seni hamisha himoya qiladi.
      Dunyo, hayot shu tariqa kurashlardan iborat ekan. Ushbu ayovsiz olishuvlarda senga yordam berolmadim. Shuning uchun ham meni kechir... Yuragim, meni  kechir!
      Do’st bo’lib do’stlik qilolmadim. Hasrat shamoli kelib seni olib ketayotganida na himoya qiloldim, na boshqa ish qo’limdan keldi. Kelib-kelib mendek g’aribga do’st bo’lganingni qaragin-a. Ehtimol o’zga bilan qolganingda hozir baxtliroq yashayotgan bo’larmiding?
      Kechir yuragim!.. Kechirmasang bo’lmaydi. Axir sen meni shu lahzalarga qadar suyab kelgansan-ku. Sendan bo’lak suyanadigan kimim bor yana? Qaragin-a, iztirob o’tida qovurilayotganingda ham senga suyanibman. Biroq endi men ham sen uchun kurashishga ahd qildim. Faqat sen meni kechir...        

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Nazm

FAXRIYOR FANTASTIKASI

"Dardning
shakli"n(1)
ko’rsatgan chizib,
inkor qilib hayot mantig’in,
har ma’nida falsafa tizib
va yasagan nazmiy sandig’in.

Davom
etgan –
bilmagan tinim,
ishlov bergan so’ng "Ayolg’u"ga(2)
va kuylagan sokin botinib,
oshiq bo’lgan qadim cholg’uda.

Va
o’stirib
tasavvur bog’i –
"Geometrik bahor"ning(3) gulin,
ehtiyojlar sezilgan chog’i
tuhfa etgan shakliy mahsulin.

Ko’ngillarda
kengliklar
kezar,
va taratib mushku anbarin:
o’ziga xos uslubda bezar
"Yangilanish an’analari"n.(4)

Ishtiyoqda
ijodiy
yongan,
izlaganda topib "Izlam"ni,(5)
kechinmani ruhiy maydonga
kechinmaday borin chizgandir.

Yaratgancha
fantastik
dunyo –
bilganini qo’ygan qoralab,
yangi qarash qilgandir bunyod –
"Metahikoyalar oralab".(6)

Shuurlarga
singar
shundayin,
fikrlaysan sangijumoncha,(7)
fikrlaring ortgani sayin
tasavvuring o’zgarar ancha.

So’ng
ko’rinar
oy bolta bo’lib,
she’riy ko’kda olib har ko’zni,
shu tariqa sandig’i to’lib,
qadrin saqlar ziynatkor so’zning.

Havola:
1. 1987 yil nashr etilgan kitobi
2. 2000 yil nashr etilgag kitobi
3. 2004 yil nashr etilgan kitobi
4. Nashr etilgan kitobi
5. 1988 yil nashr etilgan kitobi
6. Maqolalari, esselari, tarjimalari
7. Sangijumon – shoir tug’ilgan qishloq        

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Nazm

NURO’YLAR...

Oq ko’ylakni kuydirgan kabi
yuragimga dazmolni bosib,
so’ng davolab bo’lding sen – tabib:
dildardimga darmon – munosib.

G’ijimlangan dog’lar nurlandi,
porlab go’yo ishqning quyoshi
va shu kundan men huzurlandim,
har sevinchning bo’lib dildoshi.

Shu paytgacha qolib g’aflatda,
qaynoq taftni sezmay o’sdimmi,
o’chib qolmay endi daf’atan,
qizdirib tur tinmay ko’ksimni.

Va harorat yoz fasli misol
nurhavoday aylanib yursin,
mangulikka yo’g’rilib visol,
saodatlar ulashib tursin.

Qorishganda tongga dildunyo –
nurga ko’ngil burkanib tengsiz
va tuganmas hayot qil bunyod –
men yasholmay hech qachon sensiz.

Sen yasholma hech qachon mensiz,
dazmol qilib ishq – ko’ylagimni
va ko’rsatib tuyg’ulardan iz,
tark etmagin nuro’ylarimni...       

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Kechinma

QALB QAYG’USI...

Qoraqoshligim, qora qoshlaringga qaraganimda qalbim quvonaveradi.
Qalbi quyoshligim qishda qip-qizil qizg’aldoqdek qiyofangga qaragani qosh qorayganda qoshingga qaytayotganimda, qalbitosh qaroqchilar qalbimdagi quvonchlarni quvladi. Qaroqchilar qalbim quvonchlarini qayg’u qo’rg’onining qamoqxonasigacha quvlab, qurshashdi. Qamoqxonada qanchadan qancha quvonchlar qamalib qolgandi. Qalbim quvonchlari qamalgan quvonchlar quvonchlar qatoriga qo’shildi. qaroqchilar qamalgan quvonchlarni qo’rg’onda qoldirib, qalbim quvonchlarining qo’llarini qayirib, qarovsiz qal’adagi qiyshaygan qora qafasga qamab qo’yishdi. Qalbim quvonchlari qafasdan qochmoqchiydi, qocholmadi. Qafas qattiq qulflab qo’yilgandi. Qafasni qirtqtacha qo’rqmas qo’riqchilar qahramonlarcha qo’riqlashardi. Qalbim quvonchlari qiy-chuv qilib, qo’zg’olon qildi . Qafasni qaltiratib-qaltiratib, qimirlatgandi, qo’riqchi qoravullar qo’rqqanidan qaroqchilar qo’mondoniga qo’ng’iroq qilishdi. 
Qaroqchilar qo’mondoni qiziqqon, qo’ng’irmo’ylov, qoshlari qop-qora, qorni qora qozondek, qiyofasi qo’rqinchli qoplondek qo’pol, qabih, qasamxo’r qari-qartang qassobidi.
–Qo’rqmas, qo’riqchilarim, qo’ng’iroq qilibsizlar?
–Quvg’indi qorong’uda qarshilik qilib, qafasni qimirlatdi, qo’mondon.
–Qarshilik qildi? Qafasni qimirlatdi, qanday qilib?
–Qasir-qusur, qasir-qusur qilib qimirlatdi.
–Qachongacha qimirlatdi?
  –Qariyb qarg’alar qag’-qug’ qilib qag’illagunga qadar.
  –Qaroqchilar qo’mondoni qafasga qarab:
–Qo’riqchilarim, qaror qilaman: Quvg’indi qaynoq qozonda qaynatilsin! Qarorim qanoatlanarlimi?
–Qaroringiz qanoatlantirmaydi, quvg’indini qatl qilamiz
Qarshilik qildi qo’riqchilar.
–Qo’riqchilarim, quvg’indini qaynoq qozonda qaynatmaymiz, qatl qilmaymiz. Qamchilaymiz Qarorimga qanday qaraysizlar?
  –Qo’mondon, qaroringiz qat’iymi?
  –Qarorim qat’iydir.
  Qo’riqchilar qalbim quvonchlarini qshlma-qo’l qilib, qo’bola qamchi-la qaqshatib, qamchilashdi. Qalb quvonchlarim qiynalganidan qo’nqayib qoldi.
Qarindoshlar qalb quvonchlarimni qutqarishga qiziqishmadi. Qo’riqchilar qalbim quvonchlarini qamchilab-qamchilab qayg’u qozig’ini qalb qa’riga qoqib qo’yishdi. Qalbim quvonchlari qisilib, qayg’ular qalbimni qamradi.       

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Kechinma

SO’NGGI SO’Z...

Har kungi uchrashadigan, suhbatlarimizdan doim xabardor bo’lib turuvchi go’zal majnuntol tagida seni intizor kutdim. Sen biroz bo’lsa-da, kechikibroq kelding. Negadir yuzing xomush edi. Shunda yuragim nimanidir sezganday bo’ldi. So’ngra ko’zlaringdan yoshlar oqayotganini payqadim. Hech nima demasdan sukut saqlab turarding. Sababini so’rashga botinolmadim. Holingni ko’rib, mening ham yuragim ezila boshladi. Sen o’zingni bag’rimga otganingcha ko’zyosh to’karding. Shunda ikkimizga madad tilagandek osmonga tikildim. Birma-bir yulduzlar ham charaqlab turardi. Siyrak bulutlar ortidan oy ham achinayotgandek xiralashib boqib turardi. Mening yulduzlarga havasim kelgandi. Chunki ular shodligidan charaqlardi. Ayni lahza hasrating to’la-to’kis qalbimga o’tib bo’lgandi. Dardingni his qila boshlagandim.
     Sevgilim! Garchi azoblanayotgan bo’lsang-da, so’z aytishga kuch topding.
     “Bilasizmi, meni begona yigitga uzatishayapti!..”
     Judayam g’amgin ohangda so’zlading. Biroq bu so’zlaring qaynoqqina qalbimni muzlatib qo’ydi. Axir bunday sovuq xabarni qabul qilish oson emasdi. Shu dam nima deyishni bilmay chuqur o’yga toldim. O’zimni va seni qanday yupatsam, ekan deya. Afsus ota-onang bitta qarorga kelganini aytganingda qalb ko’zguim chil-chil singandi.
     “Nahot endi ikkimiz ayrilsak? Axir qalbimiz to’la muhabbat uvol bo’ladi-ku! Nahot taqdir sevishgan yuraklarni ayriliq tig’i ila tilsa? Bu shafqatsizlik-ku! Bizning orzularimiz nima bo’ladi? Hali shuning uchun bir-birimizni sevganmidik? Taqdir shunday ayanchli ko’rgulikni boshga solgan bo’lsa, unda muhabbat qani? Sevgi qani? Yoki hammasi yolg’onmidi? Yo hammasi insonlardan qayta tortib olishlari uchun ijaraga taqdim etilganmidi? Nima uchun taqdirimiz shu ko’yga tushdi?!”
      Javobsiz savollar qalbimni chulg’ab oldi. Sen hanuz boshingni ko’ksimga qo’yganingcha yig’lamoqdan o’zingni tiyolmasding. Bir payt atrofda esayotgan shamollar ham tezlashdi. Go’yo u ham taqdirning ishidan g’azablangandek. Bu ham etmagandey qora bulutlar paydo bo’lib, maydalab yomg’ir yog’a boshladi. Sen joyingdan qimirlashni istamasding. Bulutlarning ko’zyoshi ayrilayotgan ikki qalb motamiga atalgandek tuyuldi, shu dam. Ikkimizning egnimizdagi ust-boshimiz jiqqa xo’l bo’ldi. Yomg’ir bir zum to’xtay demasdi. Oxir-oqibat seni tinchlantirib uyingga qaytishga ko’ndirdim. Istamaygina odimlarding. Nihoyat yaqinda yor-yorlar yangraydigan koshonangga etib keldik. Xayrlashayotib so’nggi vido so’zimni aytdim.
     “Farishtam! Bilaman, sen gunohsizsan... Ikkimizning ayrilishimizni taqdir istagan. Shunday ekan, biz unga qarshi borolmaymiz. Mayli, biroq biz qalban hamisha birga yashaymiz. Sof tuyg’ularimiz keng borliq uzra parvoz qilaveradi. Tuyg’ularimzni hech kim qafasda tutolmaydi. Axir ular borliqdan ham cheksizdir..!”       

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Kechinma

MALAGIM...
                            
    Seni sog’inib, ko’rgim kelgan har lahza, sen  haqingda uzoq  xayollar  suraman. Shunda go’yo men tomon nurli nigohing ila boqib  turgandek  ko’z  o’ngimda  paydo bo’lasan. O’sha yog’duli nigohing esa mening qalbimga  mehr  nurin  socha  boshlaydi. Bilasanmi, sen  doimo  mening  o’ylarimda  kezib  yurasan.
   Sevgilim... Ko’kda  porlagan  zuhro  yulduzim, meni  maftun  aylagan  gulyuzim, tanho  shirin  so’zligim, charos  ko’zligim,  xushro’y, barno  yuzligim,  asiringdirman  o’zim. Muhabbat  gulzorin  kezib  sendayin  xuriliqoni  uchratmadim. Ehtimol, umrbod  uchratmasam  kerak. Axir sen bu yorug’ borliqda  yagonadirsan.  
   Malagim... Sen  haqingda  xayollar  surgan  onlarimda  ko’nglimda  ajib  bir  his  yanada  jo’sh  uraveradi. Xayollarim  meni  ulkan  sevgi  saltanatiga  etaklaydi. U  erda  ham  sening  jonli  suvratingni  ko’raman. Har  tong  uyg’ongan  chog’imdayoq  yoningga  borgim  kelaveradi. Hamisha  yolg’iz  o’zingga  talpinib  yashagim  keladi. Sen  borsanki,  men  ishq  sururidan  sarmastman. Sevgimizning  o’tli  haroratidan  kuch-quvvat  olib  yashayman.
   Muhabbatim... Yolg’iz  baxtim, suyukligim, chamanzorda  tengsiz gulim, qorong’u  kechalarimni  yoritguvchi  mohim, sen  tufayli  bu  dunyoda  men  barhayotman.
   Sevgilim...       

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
#Nazm_va_navo

ISHTIYOQ QO’SHIG’I

Yurakda jo’sh urar cheksiz ishtiyoq,
quvonchlar otilar favvora kabi,
ezgu maqsadlarni gullatar har chog’ –
ishtiyoq maktabi – ijod maktabi.

Ro’yobga aylanar xayoliy shuur,
teranlashib borar dillarning ta’bi,
mudom ko’nglimizga bag’ishlar surur,
ishtiyoq maktabi – ijod maktabi.

Yurar yo’limizda so’z yo’ldoshimiz,
dilni oshiq qilgan Yurtimiz kabi,
ko’klarga etkazar g’urur – boshimiz,
ishtiyoq maktabi – ijod maktabi.

Har lahza porlagay otashin ijod,
valekin yuksalar qalblar matlabi.
yaratar betakror – ijodiy hayot,
ishtiyoq maktabi – ijod maktabi.

Yurakda jo’sh urar nurli ishtiyoq,
sevinchlar otilar favvora kabi,
go’zal maqsadlarni gullatar har chog’ –
ishtiyoq maktabi – ijod maktabi.

✍️ Husniddin HAYIT
🎹 Shuhratxon ZIYOYEV
🎤 Dilfuza VALIJONOVA
🎤Ruxshona YO’LDOSHEVA
📹 Elyor XOLMURODOV

@husniddin_hayit
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
#Nazm_va_navo

CHEGARACHILAR QO’SHIG’I

Chegarangda shaymiz, hozir-u nozir,
burchin ado etar har bir o’g’loning,
o’tmishda ajdodlar qoldirgan yozib:
biz uchun or erur sharafing-shoning.
                  Naqorat:
Toki nafas berar Yaratganimiz –
qalqonga aylangay jism-u tanimiz.

Mehringni taftini dildan his etib,
hayot kechirgaymiz sergak tunu kun,
vatan, sen bizlarni baxtlarga eltib,
o’zingga qilgansan abadiy maftun.
                   Naqorat:
Toki nafas berar Yaratganimiz –
qalqonga aylangay jism-u tanimiz.

Zulm ko’zi ila boqolmas yov ham,
yaqin yo’lamoqqa bermaymiz imkon.
ona suti haqqi ichganmiz QASAM –
saodating uchun biz tikkanmiz jon.
                   Naqorat:
Toki nafas berar Yaratganimiz –
qalqonga aylangay jism-u tanimiz.

©Husniddin HAYIT
🎼Shuhrat ALIYEV
🎤Biloliddin NARZULLAYEV

 

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Nazm

* * *
necha ming yildan beri
o’zgarmaydi hunari,
ehtiyoj – ko’ngil she’ri,
nurso’zlardan unardi.

Va ko’ngilning ishi shu –
tark etmas So’zbazmni,
shundan umri ham mangu
gullab turgan nazmning.
 

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
#Xushxabar

O'ziga cheksiz shukurlar bo'lsin, o'tgan yili oxirida OZARBAYJON JURNALISTLAR UYUSHMASI (AZƏRBAYCAN JURNALİSTLAR BİRLİYİ) a'zoligiga qabul qilingandim. Nihoyat Ozarbayjon Jurnalistlar uyushmasi a'zoligi guvohnomasi Boku shahridan yetib keldi, tashakkurlarim...

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Nazm

* * *
Har on ilg’aganman: neni izladim,
ko’kka uchib, goho enib izladim,
o’n sakkiz ming olam ichinda faqat,
bir umr O’Zingni – Seni izladim.       

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Nazm

* * *
Muhabbatning nur daraxtida
hil-hil pishgan oshiqmevaman,
bir umrga qolib ahdimda:
dildan hissim toshib – sevaman.       

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Nazm

* * *

Kutaman
sen bergan
va’dani –
aylanar, ehtimol, nur – chinga,
yashayman – suyanib men, ya’ni
ishonib ertaga – indinga.

Va hamon
kutilar –
kutilib,
tunlarim sog’inchga o’ralar,
yurakka umrlar yutilib,
rangi yo’q daqiqa mo’ralar.

Boricha
tuyulmay
bu dunyo –
ko’rinmas ichkari – tashqari,
ko’ksimda qiladi G’AM bunyod,
tinimsiz notinchlik boshqarib.

Qurmoqni
istab so’ng
har tuyg’u,
xalovat – visolning uyini,
jizg’anak cho’g’larga dil uyg’un
kirishar har lahza kuyinib.

Va faqat
jimjitlik
kuzatar –
har kungi buzilish ishini.
yordamga o’zini uzatar –
qurilish ishini tushunib.

So’ng esa
yonimda
dardlanib,
sharobga berilar mast holda,
men esa va’dangga shartlanib,
kutaman joni yo’q xas holda.       

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Nazm

OMON MATJON O’YLARI...

Qizarmas ufq misol aslo dilko’zim,
Zulmatda porlagan – quyoshman o’zim,
Nurlarga aylanib har aytar so’zim –
Yuragimdan chiqqan: dilga doirman,
Tuyg’ular tilini – bilgan shoirman.

Ulug’ bobolarga kelib havasim,
Doimo pandidan olib nafasim,
Butun borliq uzra taralar sasim –
Yuragimdan chiqqan: dilga doirman,
Yurak buyurganin – qilgan shoirman.

Tugilib qolsa ham diltugunlarim,
Garchi sinalsa-da – o’tar kunlarim,
Hamon tinim bilmas vijdon unlarim,
Yuragimdan chiqqan: dilga doirman,
Qalbga sadolarin– ilgan shoirman.

Bostirib kelganda dardlar beayov,
Peshvoz chiqib bordim: bo’ldim to’siq, g’ov,
Bariga kurashib – yondirib olov –
Yuragimdan chiqqan: dilga doirman,
Alanga tig’ida – tilgan shoirman.

Hayot zaminida ziyo otar tong,
Neki shukuh bo’lsa, anglab borar ong,
Vale shodliklarim – yangrab turar bong –
Yuragimdan chiqqan: dilga doirman,
Quvonchlardan sarmast – kulgan shoirman.

Nurlar tuhfa etgan Haqni izladim,
Balqib izladim, goh qalqib izladim,
Dilnurim sochmoqqa xalqni izladim,
Yuragimdan chiqqan: dilga doirman,
Xalqning yuragida kolgan shoirman.       

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Nazm

DILXUMOR

Ishqni dilda tuydirgan,
so’ramasdan suydirgan,
yuragimni kuydirgan –
yozimisiz, dilxumor?

Ishq ne, go’zal kuydir, oh,
meni etmasdan ogoh,
dilda chalingan nogoh –
sozimisiz, dilxumor?

Ishvalar jonni olar,
dilni qiynoqqa solar,
qalbingizning siymu zar –
nozimisiz, dilxumor?

Sevgi sirini bilsam,
vaslingizga intilsam,
bir umr baxtli qilsam,
rozimisiz, dilxumor?      

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Nazm

 ***
Har kuni ko’changdan o’taman ming bor,
har kuni ko’changdan o’taman tinmay,
har kuni ko’changda zabonsiz – devor,
har kuni kuzatar meni indamay.

Sen esa bermaysan mudom e’tibor,
sen esa olmaysan – qilsam qo’ng’iroq,
sen esa befarqsan – bo’lib baxtiyor,
sen esa azobni bilmaysan biroq.

Shu tarzda sochilar umrim zarrasi,
shu tarzda yashayman dardimni yutib,
shu tarzda yiroqlar visol marrasi,
shu tarzda yashayman men seni kutib.

Darvoqe, kutishning bor chegarasi,
darvoqe, bu onlar: tillo – oltin-da,
darvoqe, bir kuni etarsan nasib,
darvoqe, hammasi hali oldinda.

O’zimni yupatib – o’tkazaman kun,
o’zimni yupatib – saqlagayman jon,
o’zingni o’zimga etolsam maftun,
o’zimni o’zimga etaman ehson.

Tunda ham ko’changda izg’iyman har tun,
tunda ham mehringni yuribman izlab,
agar g’olib chiqsa visol biror kun,
hijron lahzlarin berar bo’g’izlab.     

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Nazm

 ZULXUMOR

(«Ravshan» dostonini o’qib...)

Suvratingga tushib nigohim,
avjin oldi yurakda ohim,
shu’lalangan – ko’kdagi mohim,
senga – qaro ko’zim, dil xumor,
oshig’ingman – o’zim, Zulxumor.

Sahrolarda ismingni so’zlab,
faqat sening vaslingni ko’zlab,
yo’lga chiqdim mehringni izlab,
senga – qaro ko’zim, dil xumor,
oshig’ingman – o’zim, Zulxumor.

G’amlar qiynar yurakni- jonni,
ne bo’lsa ham qilib imkonni,
topib boray tezroq Shirvonni,
senga – qaro ko’zim, dil xumor,
oshig’ingman – o’zim, Zulxumor.

Manzil olis bo’lsa ham mayli,
go’zal visol – muhabbat sayli,
dil o’zgardi o’zing tufayli,
senga – qaro ko’zim, dil xumor,
oshig’ingman – o’zim, Zulxumor.

Senday hur yo’q Yovmit elida,
uchratmadim Chambil belida,
uchib borgum ishqning elida,
senga – qaro ko’zim, dil xumor,
oshig’ingman – o’zim, Zulxumor.

Senga borar yo’lim ham ravshan,
har yon: o’ngu so’lim ham ravshan,
o’zim Ravshan, ko’nglim ham ravshan,
senga – qaro ko’zim, dil xumor,
oshig’ingman – o’zim, Zulxumor.

Menga hamroh hamon Jiyronqush,
o’ngimda ham ko’rmoqdaman tush,
seni suymoq – eng muhim yumush,
senga – qaro ko’zim, dil xumor,
oshig’ingman – o’zim, Zulxumor.

Yuragimga – orimga aylan,
sen yo’g’imga – borimga aylan,
bir umrlik yorimga aylan,
senga – qaro ko’zim, dil xumor,
oshig’ingman – o’zim, Zulxumor.

1. Zulxumor – Ravshanning sevgilisi;
2. Shirvon – Zulxumor yashaydigan yurt;
3. Yovmit eli, Chambil beli – Rashanning tug’ilgan yurti;
4.  Jiyronqush – Ravshanning oti.     

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Nazm

 KO'RISHGUNCHA...

Xayr,
demang,
biroz og’irroq,
ko’rishguncha, desangiz, yaxshi,
ko’rishganda xayrlashar chog’
siz hech qachon ketmang adashib.

Uchrashamiz
yuzlashib
qayta,
uchrashguncha deb qo’ying bot-bot
va o’shanda shukrona ayta,
qilajakmiz ishqiy muloqot.

Har so’zimiz
niyatdir,
zotan
ne so’rasak, O’zidan ijro,
jonga makon ekanki to tan,
ko’nglimizga tushmasin hijron.

Xayr,
demang,
birgamiz doim,
oz fursatga yiroqlashsak ham,
uchrashtirar yana Xudoyim,
ko’rishguncha, deb qo’ysak har dam.

Ko’rishguncha...    

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Nazm

NURHIS

Muhabbat – dil bog’lar sir – rishta,
yuragim hislarga yuz chaydi,
tengi yo’q – maftunkor farishta –
nuriston bag’rida yashaydi.

Hijronlar beshafqat – bir zolim,
ko’nglimni kezadi bu daydi,
oxiri ko’rinmas xayolim –
nuriston bag’rida yashaydi.

Ko’ksimda qoldirib o’chmas iz,
yo’limga mehrini to’shaydi,
o’ziga chorlagan go’zal qiz,
nuriston bag’rida yashaydi.

So’ramay qo’yganman men ko’ngil,
albatta, hislarning bor aybi,
hayotim bezagan nafis gul –
nuriston bag’rida yashaydi.

Ilhomdan yaralgan kuy – qo’shiq,
eng go’zal hayotga o’xshaydi,
qalbimni gullatgan sirli ishq –
nuriston bag’rida yashaydi.

Xayolda har lahza o’ylasam,
dil isir – muzlagan qish payti
va menga mehrini qilib jam,
nuriston bag’rida yashaydi.

Chiroyi ilhomlar baxsh etgan,
shul sabab tinmaydi dilbaytim,
dovrug’i qalbimni zabt etgan
diliston bag’rida yashaydi.    

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit
​​#Аdabiyot #Nazm

EL MADADKORLARI

(Sirdaryoda yuz bergan texnogen hodisalarida aholini qutqarishda faol ishtirok etgan Favqulodda vaziyatlar va fuqarolar muhofazasi xodimlariga bag’ishlanadi)

Kunlarni o’tkazib zahmat yo’lida,
Turfa sinovlarning o’ngu so’lida,
Ehtiyoj sezganda tutib qo’lidan,
Aylandingiz elning madadkoriga.

Sardoba* bag’rida toshqin toshganda,
To’lqinlar jilovi haddan oshganda,
Jon saqlamoq istab nogoh shoshganda,
Aylandingiz elning madadkoriga.

Dardlarga to’lganda “Alpomish”* ko’ksi,
Qo’rquvdan bemorlar qolganda o’ksib,
Xavfu xatarlarning ko’chasin to’sib,
Aylandingiz elning madadkoriga.

Ofat yomg’irlari yog’gani sari
Tinim bilmadingiz shamol singari,
Siz ko’rsatib kuchu g’ayratning barin,
Aylandingiz elning madadkoriga.

Toki hayot davom etarkan hamon,
Siz mudom yaraysiz xalqning koriga.
Bu kun sinovlarga to’lganda zamon
Aylandingiz elning madadkoriga.

*2020 yil 1 may kuni ”Sardoba” suv omborida yuz bergan toshqinda favqulodda vaziyatlar va fuqarolar muhofazasi xodimlari jonbozlik ko’rsatganiga ishora.

*Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasida yuz bergan portlashda favqulodda vaziyatlar va fuqarolar muhofazasi xodimlari jonbozlik ko’rsatganiga ishora.  

©Husniddin HAYIT

@husniddin_hayit