Sheʼriston
85 subscribers
44 photos
5 links
Baʼzida shunchaki sheʼrga ehtiyoj tuyasan

@usmonosphere
@sanduvoch_uz
@ohangzor
Download Telegram
November 3, 2024
SOʻROQ

Boʻsh yelkamga bosh izlaymi,
Bosh urarga tosh izlaymi,
Tosh diydamga yosh izlaymi,
Neni izlay, onajon?

Sevgi desam, titrogʻi yoʻq,
Bahor desam, yaprogʻi yoʻq,
Gard tegmagan tuprogʻi yoʻq,
Qayga tizlay, onajon?

Bilmam, kimga oʻrni lozim,
Bilmam, kimga qorni lozim,
Kimga boʻlib koʻr mulozim,
Kimni sizlay, onajon?

Ezgin chaling, tanbur qani,
Koʻzi mungli, purnur qani,
Qani, ogʻo Mansur qani,
Qancha boʻzlay, onajon?

Savolim koʻp, javobi qarz,
Sheʼrim chala, davomi qarz,
Olovman, ki yonishim farz,
Nechun muzlay, onajon?

Shohrux Usmonov

@sheriston
November 8, 2024
November 8, 2024
November 14, 2024
November 15, 2024
November 16, 2024
November 20, 2024
SIRTQI SABOQ

“Imlo xatolarim boʻlsa kechiring, hozir parishonroqman...”
Maktubdan

Men seni sevaman... o, qursin esim,
Nahotki “Men” — ega?.. “Sevaman” — kesim?..
Qoidaga mahkummiz buncha nega biz?
Muhabbat emasmi, axir, egamiz?
... Sen boʻlsang maktabda — mashaqqatdasan,
Ruhimda xavotir gʻalayon boshlar.
Seni toliqtirib qoʻymadikmikin
Har xil undalmalar, otlar, olmoshlar?
“Ni”ni emas, seni sevaman oʻzim,
Diydoringga yetmoq umidim ming-ming,
Sening koʻzlaringni sogʻindim, koʻzim,
Koʻzim yoʻq koʻrishga turqini “ning”ning.
Yuragim kim, oʻzi yuragim nima?
Yuragim zanjirband — zulfingga bogʻliq.
Yuragim boʻm-boʻsh uy, fayzli qilmasang,
Ochmasang berk uydir, mahkam qulflogʻliq.
Qulflar sinsinlar, kel, eshiklaring,
Uyiga oʻt tushsin kelishiklarning.
Qaratqichning oʻzi sensiz qaratqich,
Sensiz tushumni men tush koʻribmidim?!
Sen boʻlsang shu qadar kelishgansanki,
Muhabbatdan boshqa kelishiging yoʻq...
Na bir darak gap bor maktublaringda,
Na bir ergash gap bor maktublaringda,
Faqat yurak gap bor maktublaringda,
Faqat tergash gap bor maktublaringda.
Ruhimga hech tinmas gʻamdan taʼqiblar,
Maktublar ishq dardin mahzun iloji.
Oʻqir, konvert yirtib, xatim raqiblar,
Yurakni olgandek koʻksimni ochib.
O, yuragim mening — maktab bolasi!
Tahlikaga tushmay, choʻkmay sevadi.
Yuragim indamay sevadi seni.
Quchoqlamay sevar, oʻpmay sevadi.
Men sevmoq baxtiga ming dardda yetdim,
Biroq bu ne hikmat, biroq bu ne sir?
Lablarimda sensiz boʻsalar yetim,
Lablaringda mensiz boʻsalar yesir.
Sening yoʻqlovingsiz hislar ham sagʻir,
Xohi gar ishonma, xohi gar ishon.
Meni unutmabsan, xayriyat, axir,
Maktublar bitibsan xotirparishon.
Biroq sendan xat yoʻq kechadan beri,
Zor etding koʻzlarim — gadolaringni,
Meni sogʻinsayding sogʻinganimdek
Jondan aziz imlo xatolaringni.
Baxt va kulfat bilan sevaman seni,
Sevaman zararlar va foydalarsiz.
Koʻzlarim yoʻlingga termula berar
Hech qanday bir imlo qoidalarsiz.
Sen esa omon boʻl bosh kelishikda,
Sarviqad va qalamqosh kelishikda.
Maktublar bitaver, mayli, parishon,
Taʼna kelishikda, tosh kelishikda.
Sen faqat unutma, faqat unutma,
Koʻzlarim koʻp yomon sogʻindi seni
Qaygʻu kelishikda... yosh...
kelishikda...

Matnazar ABDULHAKIM

@sheriston
November 20, 2024
November 22, 2024
November 25, 2024
November 27, 2024
November 28, 2024
December 7, 2024
December 30, 2024
January 24
January 24
KUZLANISH

1
Ijara uy,
Unda hokim mozor kimsasizligi.
Soat – qargʻa,
qargʻanar: “chiq-chiq”.
Chiqib ketolmaysan,
Choʻntaging
vabo tekkan qishloqday boʻm-boʻsh.

Devordagi qiltiriq soya
lang ochiq oynadan yomgʻirni tinglab
kuz bilan chekishib oʻltiribdi jim...

2
Kuz ham mendek kashanda fasl.
Ishonmaysiz?
Yaxshilab qarang!
Ketmagandir bejiz sargʻayib –
Mening tishim,
Uning barglari.

3
Orqalab tasavvur qopini,
Yomgʻirdan yopinchiq yopinib,
Shalabbo hislarga topinib,
Yozsang.

Tushovlab suluvlar tushini,
Sayratib sukunat qushini,
Fano-yu baqoni tushunib,
Yozsang.

Telbasan, boʻgʻzingda telba soʻz,
Koʻchkiday uyilib kelsa soʻz,
Koʻz yoshday quyilib kelsa soʻz,
Yozsang.

Yetti qat osmondan balandda,
Duldulga oʻxshagan samanda,
Sayr etib, misoli qalandar,
Yozsang.

Zangori oʻrmonda yurganday,
Cheksizlik chekini koʻrganday,
Qarshingda Ajaling turganday,
Yozsang!

4
Kechalarni chizishga tushdim,
Kechalarki, mashrabona sheʼr.
Satrlari: nimsariq, pushti,
Barmoqlarim – dalli musavvir.

Ketgandayman lahzadan oʻzib,
Tugʻildimmi xayol burjida?
Boshqarolmam oʻzimni oʻzim –
Turgandayman nayza uchida.

Tevarakka boqardim mulzam,
Noxos tanga sirli ruh indi.
Ulkan oyga aylandim, oʻlsam,
Koinotga koʻmarlar endi.

Kechalarki, mashrabona sheʼr...

5
Avgust olgach olovli boʻsa,
Boshlanarkan havo muzlashi.
Shoirlashib ketganday kuzak,
Shoirlar ham ketar kuzlashib.

Bardoshingni boy berma, Daraxt,
Yafrogʻingga yetmasin chirish.
Mana, qonim quyilgan qadah,
Ichib uzoq yashashga tirish.

Hayotimiz senga bogʻlangan,
Qoʻy, aldaydi loʻttiboz shamol.
Rang-roʻyimiz ishqdan dogʻlangan,
Rahming kelsin, ey sohib jamol.

Ishonmaysan, tagʻin kulasan,
Tyanshanmas, emasman Pomir.
Kuzning soʻnggi bargi qulasa,
Uziladi shoirning joni...

Bardoshingni boy berma, Daraxt.

Jontemir Jondor

@sheriston
January 24
January 24
January 24