Orif Tolib
11.3K subscribers
1.13K photos
104 videos
8 files
1.94K links
Soʻz. Tahrir. Savodxonlik.

Reklama boʻyicha:
👉 https://is.gd/elonlar

Boshqa sahifalarimiz:
👉 https://taplink.cc/oriftolib

Muallif haqida:
👉 https://oriftolib.uz/?p=575

Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
Download Telegram
Fen – Alp togʻlari shamoli

Deyarli har birimiz fendan foydalangan boʻlsak kerak. Oʻzbekchada sochquritkich, sochquritar deb ifodalash mumkin boʻlgan bu uskunaning asosiy jihati issiq yoki sovuq havo purkashidir. U XIX asr soʻngida ixtiro qilingan. Albatta, dastlabki soch quritish moslamalari hajman katta va anchagina noqulay edi.

Fen soʻzi bizga rus tili orqali kirib kelgan. Nemislarning elektr jihozlar ishlab chiqaruvchi AEG kompaniyasi 1908-yili sochquritkich uchun Fön savdo belgisini roʻyxatdan oʻtkazadi. Bu soʻz Alp togʻlaridan esadigan issiq shamolfoʻnga ishora edi. Vaqtlar oʻtib savdo belgisi bevosita jihozning oʻzini anglata boshlagan.

@oriftolib
👍33🔥9
Banan: oʻzi osiyolik, soʻzi afrikalik

Banan soʻzining kelib chiqishi haqida har xil qarashlar bor. Izohli lugʻat uni arabcha banan – barmoq soʻziga bogʻlaydi. Ingliz va rus tilidagi manbalar esa boshqacha qarashni ilgari suradi.

Bir taxminga koʻra, banan bakongo yoki kongo xalqi tilidagi banam soʻzidan hosil boʻlgan. U Yevropa tillariga portugal tili orqali XVI asrda oʻtgan. Boshqa bir qarashga koʻra, volof tilidagi banana soʻzi ispan yoki portugal tillari vositasida Yevropa tillaridan qoʻnim topgan. Rus tiliga fransuz tilidan oʻzlashgan va XVIII asr boshlaridan ommalashgan.

Bakongo Kongo va Angolada yashovchi xalq boʻlib, kikongo tilida soʻzlashadi. Voloflar esa Senegal, Gambiya, Mavritaniya kabi Gʻarbiy Afrika mamlakatlarida yashovchi xalq. Volof tili Senegalning rasmiy tillaridan biridir.

Olimlar afrikancha banam va banananing arabcha banan bilan ildizi bir ekanini taxmin qiladi. Banan toʻpmevasi barmoqlarga oʻxshagani uchun shunday nom berilgan boʻlishi ehtimoli katta.

Bananning vatani Janubi-sharqiy Osiyo sanaladi. Hozir Hindiston, Xitoy, Uganda, Filippin, Indoneziya, Ekvador kabi mamlakatlar eng yirik banan yetishtiruvchilardir. 2021-yili dunyoda 170 million tonna banan hosili olingan. Shundan 25 foizi Hindiston va Xitoy hissasiga toʻgʻri keladi.

@oriftolib
👍33
Aspirin – nemis savdo belgisi

1897-yili nemis kimyogari Feliks Hofman atsetilsalitsil kislotasini tibbiyotda qoʻllash mumkin boʻlgan shaklda ajratib oladi. Bu kislotaning xomashyosi tol daraxtining poʻstlogʻi edi. Feliks ishlaydigan Bayer AG kompaniyasi yangi dorini Aspirin savdo belgisi bilan roʻyxatdan oʻtkazadi. Keyinchalik bu soʻz dori nomiga aylanadi.

Hofman revmatizm bilan ogʻriydigan otasini davolash ilinjida bu dorini ixtiro qilgan edi. Dori isitma tushiruvchi, yalligʻlanishga qarshi, ogʻriq qoldiruvchi xususiyatlarga ega. Revmatizmni davolashda ham ishlatiladi.

Maʼlumotlarga koʻra, dunyoda har yili 80 milliarddan ortiq aspirin habdorisi ichiladi.

@oriftolib
👍31💯4🔥2
Oldingi kunlar

Kecha – bugundan oldingi kun.

Avvalgi kun yoki avval kuni – kechadan oldingi kun, oʻtgan kuni.

Oʻtgan kun yoki oʻtgan kuni – kechadan oldingi kun. Oʻtgan soʻzi hafta, oy, yil kabi soʻzlar bilan birikkanda bundan oldingi maʼnosida keladi. Oʻtgan yil – bundan oldingi yil.

Burnogʻi kun – kechadan oldingi kun.

Ilgarigi kuni – kechadan oldingi kun. Asosan shevada ishlatiladi.

Oldingi kun – kechadan oldingi kun. Asosan shevada ishlatiladi.

Tunov kuni – yaqinda, oʻtgan yaqin kunlarning birida.

Tunovin – tunov kuni, bir necha kun oldin. Shevada ishlatiladi.

👉 Kechadan oldingi kun

@oriftolib
👍29💯2
Zebra – Afrika yovvoyi oti

Zebrani kino va multfilmlarda, balki, hayvonot bogʻida koʻrgandirsiz. Oq va qora koʻndalang yoʻl-yoʻl chiziqli terisi bor. Otsimonlar oilasiga mansub bu hayvon Sharqiy va Janubiy Afrika savannalarida va togʻ hududlarida tarqalgan.

Zebra soʻzining kelib chiqishi haqida turli qarashlar bor. Shulardan biriga koʻra, u bantu tillaridagi zebra soʻzidan hosil boʻlgan. Bu soʻz som tillari guruhiga mansub amhara tiliga oid degan fikrlar ham bor.

Boshqa bir talqinga koʻra, zebra lotincha equiferus – yovvoyi ot soʻzidan hosil boʻlgan.

Antik davrlarda yunonlar va qadimgi rimliklar bu hayvonni hippotigris – ot yoʻlbars deb atagan.

Zebra soʻzi dunyoning juda koʻp tillarida turli talaffuz variantlarida uchraydi.

@oriftolib
👍28🔥3
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
23%
Oltin oʻrda davlati
77%
Oltin Oʻrda davlati
😎34👍12💯5🤨2
Odekolon – Kyoln suvi

1709-yili nemis ishbilarmoni Yohan Farin atir ishlab chiqarishni boshlaydi va unga Kölnisch Wasser – Kyoln suvi deb nom beradi. Asta-sekin bu atir turi shuhrat qozonadi. 1863-yilga kelib Kyolnda bunday atir sotadigan parfyumeriya doʻkonlari soni 63 taga yetadi. Bu doʻkonlarning egalari oʻzini Farinlar oilasiga qarindosh deb sanardi.

XVIII asrning ikkinchi yarmida Kyoln suvi Fransiyaga yetib boradi va nomi fransuzchaga oʻgiriladi: Eau de Cologne. Faranglar tilida U doʻ Koʻloʻni deb talaffuz qilingan nom ruschaga O de Kolon shaklida oʻtadi va xushboʻy suyuqlikka nisbatan ishlatila boshlaydi. Ruscha orqali esa oʻzbekchada oʻtroqlashadi.

@oriftolib
👍50
Kafe, kofe va qahva

Bu uch soʻzning oʻzagi bir – arabcha qahva. Ammo qahva arabchaga amhara tilidan oʻtgan. Habashistondagi Kaffa hududi qahvaning vatani sanaladi. Ichimlikka ana shu hudud nomi berilgan. Bugungi Efiopiya janubidagi Sidamo, Kaffa, Arsi va Harar hududlaridagi togʻ oʻrmonlarida turli-tuman qahva daraxtlari oʻsadi. Butun dunyodagi Coffea arabica – arab qahvasi oʻsimliklari Janubiy Efiopiyadagi qahva daraxtlarining avlodlaridir. Bu nav juda ommalashgan, jahondagi qahva ekinlarining 60 foizi arab qahvalaridir.

Qahva soʻzi arab va turk tillari orqali Yevropa tillariga kirib borgan. Manbalarda yozilishicha, ilk qahva uylari Makka shahrida 1510-yili ochilgan, 1530-yili bu ichimlik Turkiya hududlariga yetib borgan. Qahva urugʻi yoki uning tolqoni qoʻshib tayyorlanadigan ichimlik tez orada Yevropada ham dovruq qozongan.

Qahva Yevropa tillariga baʼzi tovush oʻzgarishlari bilan oʻzlashgan. Masalan, ruschaga kofe shaklida kirgan.

Kafe ham qahvaning ayni oʻzi. Dastlab qahva ichiladigan joy boʻlgan kafe keyinchalik kichik restoranga aylangan – unda tamaddi qilish, hordiq chiqarish ham mumkin boʻlgan.

@oriftolib
👍39
Baobab – maymun daraxti

Baobab haqida oʻqigan, eshitgan boʻlsangiz kerak – dunyodagi eng yirik daraxt. Tanasining diametri 8 metrga yetadi, boʻyi 18–25 metr atrofida boʻladi. Afrika va Avstraliyaning quruq tropik savannalarida oʻsadi.

Baobab soʻzi amhara tilidagi bamiba – maymun daraxti soʻzidan hosil boʻlgan. Bu ulkan daraxtning mevasini maymunlar oson qoʻlga kirita olgani uchun mevaga maymun noni deb nom berilgan. Uni maymunlar yeydi ham. Baobab mevasi oziq-ovqat yoki ziravor sifatida ishlatiladi.

Baobab soʻzi arabcha abu hibob – urugʻlar otasi birikmasidan yasalgan degan qarash ham bor.

@oriftolib
👍45
Shimpanze va makaka

Shimpanze va makaka – maymun turi. Shimpanze Afrikada tarqalgan, makaka esa Osiyoda. Makakalarning berber makakasi turigina Osiyodan tashqarida – Shimoliy Afrika va Gibraltarda yashaydi.

Shimpanze bantu tillariga mansub luba tilidagi kivili chimpenze – odamga oʻxshash maxluq, maymun soʻzidan olingan. Makaka esa bantu tillaridagi makaku soʻzidan yasalgan.

Bu ikki soʻz bizga rus tili orqali yetib kelgan. Shimpanze ruschaga fransuz tilidan kirgan boʻlsa, makaka lotinchadan oʻzlashgan.

@oriftolib
👍34🔥1
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
25%
Prezident stipendiati
75%
Prezident stipendianti
🤨51😱12😎10👍9💯3😢2
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
👍52🔥8😎2
Ibrat farzandlari loyihasining yillik sarhisobi va 2024-yil rejalarini muhokama qildik.

Bu yil loyihaga koʻproq vaqt va kuch sarflamoqchiman. Xudo xohlasa, tez orada yangi videodarslar bilan tanishasiz. Rejada yangi loyihalar ham bor.

2023-yili tayyorlangan darslar mana bu yerda:

👉 t.iss.one/oriftolib/3281

@oriftolib
👍65🔥19
Ism-familiyalar imlosi

“Ibrat farzandlari” loyihasida savodxonlik boʻyicha navbatdagi dars eʼlon qilindi. Lavhada ism-familiyalar imlosidagi eʼtiborli jihatlar tushuntirilgan.

👉 https://youtu.be/seYlNUfzWqA

@oriftolib
👍25🔥3
Zombi – manqurt degani

Zombi soʻzi oxirgi 15–20 yil ichida oʻzbekchada ham ommalashdi. U begona odam yo vosita taʼsirida birovning buyrugʻiga, xohish-irodasiga soʻzsiz boʻysunadigan, mustaqil fikrlay olmaydigan, oʻz shaxsi va erkiga ega boʻlmagan kishini anglatadi. Bu taʼrif janrlarga koʻra farqlanishi mumkin. Masalan, fantastikada zombilar qandaydir virusga chalingan odamlar, baʼzan esa hayvonlardir. Ular oʻzini mutlaqo boshqara olmaydi, boshqalarga hujum qilish, ularga virus yuqtirish yoki halok qilishga harakat qiladi.

Bu soʻz oʻzbekchaga inglizchadan oʻzlashgan, inglizchaga esa bantu tillariga mansub kimbundu tilidan oʻtgan. Kimbundu tili asosan Angolada, qisman Kongo Demokratik Respublikasi va Zambiyada tarqalgan. Kimbundu tilidagi nzumbe soʻzi jon, ruh maʼnosini anglatadi.

@oriftolib
👍57💯3
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
85%
Daraxt poʻstlogʻi
15%
Daraxt poʻslogʻi
👍28💯7😎4🤨3
👍36😎8😱7🤨1
Gnu ohulari va gerenuk

Gnu ohulari Afrika haqidagi hujjatli filmlarda qulogʻingizga chalingan boʻlsa kerak. Afrikada tarqalgan, buqaga oʻxshab ketadigan antilopa turi. Gnu soʻzini nemis sayyohi Georg Forster isteʼmolga kiritgan. U Janubiy Afrika xalqlarining koysan tilidagi i-ngu soʻzini gnoe shaklida qoʻllagan. Bu soʻz ayni shu antilopa turini ifodalash uchun ishlatilgan.

Gerenuk esa koʻpchilikka notanish. Bu hayvon jirafa ohu deb ham ataladi, chunki boʻyni uzun boʻladi. Gerenuk somali tilidagi gáránúug soʻzidan hosil boʻlgan. Bu jonivor Efiopiya, Somali va Tanzaniya hududlaridagi savannalarda yashaydi.

@oriftolib
👍36
“Chap koʻz bilan qarash” bu – ...
Anonymous Quiz
33%
Eʼtiborsiz qarash
45%
Yomon koʻrish, nafratlanish
22%
Aniq nishonga olish
🤨26👍10😢7😎7💯2
Safari – ov safari

Safari soʻzi dastlab Sharqiy Afrika boʻylab ov uchun uyushtirilgan sayohatlarni ifoda etgan. Keyinchalik bu tushuncha Afrikaning boshqa hududlari uchun ham ishlatila boshlagan. Soʻzning maʼnosi bora-bora oʻzgarib ketgan. Safari bugun yovvoyi tabiatga qilinadigan nisbatan arzon ekskursiyalarni anglatadi. Bunda odatda yirtqich hayvonlar suratga olinadi. Vikipediyaga koʻra, baʼzi mamlakatlarda yoʻlboshlovchilar bilan taʼminlanadigan safarilar yirik xizmat turiga aylangan.

Ov safarilari hozir ham uyushtirib turiladi. Afrikadagi ayrim mamlakatlarning byudjetini aynan ov safarilari anchagina toʻldiradi.

Safari soʻzi suahili tilidan Yevropa tillariga oʻtgan va ommalashgan. Suahili – bantu tillariga mansub til. Bu tilda soʻzlashuvchilar – suahililar Tanzaniya, Keniya va Mozambikda yashaydi. Suahili tili oʻzlashmalarga boy, ayniqsa arabchadan koʻp soʻz olgan. Bu til lugʻat boyligining yarmini arabcha soʻzlar tashkil etadi. Safari ham shulardan biri. U siz-u bizga yaxshi tanish va oʻzbek tilida ham qoʻllanadigan safar soʻzidan yasalgan.

@oriftolib
👍22