Orif Tolib
11.3K subscribers
1.13K photos
104 videos
8 files
1.94K links
Soʻz. Tahrir. Savodxonlik.

Reklama boʻyicha:
👉 https://is.gd/elonlar

Boshqa sahifalarimiz:
👉 https://taplink.cc/oriftolib

Muallif haqida:
👉 https://oriftolib.uz/?p=575

Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
Download Telegram
Sanamalar

#Болалар_учун


***
– Bir, ikki, uch… oʻn ikki,
Oʻn ikki deb kim aytdi?

– Oʻn ikki deb men aytdim,
Shartta ortimga qaytdim.

– Yoʻq, qaytmagin, shoshmay tur,
Savolim bor, javob ber:
Doim kulib boqadi,
Tafti tanga yoqadi.
Berar harorat, yogʻdu,
Qani, ayt-chi, nima u?

– Savoling juda oson,
Uni bilar keksa-yosh.
Axir u saxovatli
Qadrdon boboquyosh.


***
– Bir, ikki, uch… oʻn ikki,
Oʻn ikki deb kim aytdi?

– Oʻn ikki deb men aytdim,
Shartta ortimga qaytdim.

– Yoʻq, qaytmagin, shoshmay tur,
Savolim bor, javob ber:
Ogʻa-ini ming botir,
Koʻm-koʻk gilamda yotir.
Kunduz ketib qolishar,
Uzoqda dam olishar.

– Aytding qiziq topishmoq,
Men uni topdim, oʻrtoq.
Botirlar – yulduz, koʻm-koʻk
Gilam esa – osmon, koʻk.


***
– Bir, ikki, uch… oʻn olti,
Oʻn olti deb kim aytdi?

– Oʻn olti deb men aytdim,
Shartta ortimga qaytdim.

– Yoʻq, qaytmagin, shoshmay tur,
Savolim bor, javob ber:
Cholday oppoqdir sochi,
Osmonga yetar boshi.
Uzoqdan koʻrinadi,
Bilsang, ayt-chi, nima u?

– Xayolim ishga soldim,
Birpasda topib oldim.
Magʻrur, yuksak, viqorli,
Axir u togʻdir qorli.


***
– Bir, ikki, uch… oʻn olti,
Oʻn olti deb kim aytdi?

– Oʻn olti deb men aytdim,
Shartta ortimga qaytdim.

– Yoʻq, qaytmagin, shoshmay tur,
Savolim bor, javob ber:
Qishda muzlamas aslo,
Yozda muzlaydi ammo.
Dehqonlarga tashvishdir,
Ranggi xuddi kumushdir.

– Qiziq ekan bu jumboq,
Javobin topdim biroq.
Shoʻr yer u – koni zarar,
Yozda ham oppoq turar.


Orif TOLIB

“Gulxan” jurnalining 2016-yil 11-sonida “Aytishmachoq” sarlavhasi bilan chop etilgan.

@oriftolib
👍3
Bolalar ahmoq emas

Kolumbiyalik yozuvchi Gabriel Garsia Markes fusunkor realizm (magik realizm) yoʻnalishidagi asarlari bilan butun dunyoga mashhur. Uning “Yuz yil yolgʻizlikda”, “Oshkora qotillik qissasi”, “Buzrukning kuzi” kabi asarlarini kitobxonlar sevib mutolaa qiladi.

Kunlarning birida Markes oʻzini bolalar adabiyotida ham sinab koʻrmoqchi boʻlib, ertaklar yozadi. Asarlari mitti oʻquvchilarda qanday taassurot qoldirishini bilish uchun oʻz oʻgʻillariga oʻqishga beradi. Biroq natija kutilganidek boʻlmaydi. Toʻgʻrisoʻz yozuvchining toʻgʻrisoʻz bolalari bitta ertakni oʻqib chiqqach, uni shunday soʻzlar bilan qaytarib berishadi:

– Nima, bolalarni shunchalik ahmoq deb oʻylayapsizmi?


Orif Tolib
tayyorladi.

“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 5-sonida chop etilgan.

@oriftolib
👍7
Frensis Skott Fitsjerald suygan kitoblar

Frensis Skott Fitsjerald (1896-1940) Amerika adabiyotining mumtoz vakillaridan biridir. “Buyuk Getsbi”, “Mayin tun”, “Jannatning narigi tomonida” romanlari bor.

Uning eng mashhur asari “Buyuk Getsbi” yozuvchi hayotlik paytida u qadar dovruq qozonmaydi. Bor-yoʻgʻi 24 000 adadda sotiladi, xolos. Roman elliginchi yillarga kelibgina ommalashadi. Ushbu asar soʻnggi oʻn yillikda juda koʻp ingliztilli mamlakatlarda oʻrta maktablar va oliy oʻquv yurtlarida oʻqilishi shart boʻlgan kitoblar roʻyxatiga kiritilgan.

Yozuvchi Shimoliy Karolinadagi mehmonxonalardan birida yashayotganda hamshira Doroti Richardson bilan doʻstlashib qoladi. Adabiyotgan qiziqadigan kishi oʻqishi shart deb hisoblagan kitoblari roʻyxatini tuzib, hamshiraga beradi. Quyida ana shu asarlarning ayrimlari bilan tanishishingiz mumkin.

1. Teodor Drayzer, “Kerri opa” romani.
2. Henrik Ibsen, “Qoʻgʻirchoq uyi” pyesasi.
3. Shervud Anderson, “Uaynsburg, Ohayo” hikoyalar toʻplami.
4. Arnold Bennet, “Kampirlar qissasi” romani.
5. Deshil Hemmet, “Malta lochini” romani.
6. Stendal, “Qizil va qora”.
7. Gi de Mopassan hikoyalari.
8. Gardner Myorfi tahririda nashr etilgan psixopatologiya haqidagi ocherklar.
9. Anton Chexov hikoyalari.
10. Aleksand Jessap tahririda nashr etilgan “Amerikaning eng yaxshi yumoristik hikoyalari” toʻplami.
11. Jozef Konrad, “Gʻalaba” romani.
12. Oskar Uayld pyesalari.
13. Uyilyam Folkner, “Ibodatxona” romani.
14. Marsel Prust, “Gul-gul yashnagan qizlar soyasida” romani.
15. Marsel Prust, “Germantlar tomonda” romani.
16. Lev Tolstoy, “Urush va tinchlik”.
17. Jon Kits sheʼrlari.

Orif Tolib
tayyorladi.

“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 5-sonida chop etilgan.

@oriftolib
👍8
Hafta kunlari

muxlislari uchun

Bugun yakshanba emas, ertaga esa chorshanba emas. Kecha juma emasdi, kechadan burun dushanba emasdi. Ertaga yakshanba emas, kecha ham yakshanba emasdi. Ertadan keyin shanba ham emas, yakshanba ham. Kecha dushanba emasdi, chorshanba ham emasdi. Kechadan oldin chorshanba emasdi, ertaga seshanba emas. Bugun ham chorshanba emas.

Yuqoridagi daʼvolardan biri yolgʻon. Ayting-chi, bugun qaysi kun?

👇 P.S. Javobni izohlarda yozishingiz mumkin.

🤔 Bu gal sal osonroq savol tanladim. (Javobini oʻzing bilganingdan keyin osonroq tuyuladi-da! 😂)
Kuzgi bogʻ

Diydalari qotgan eski jarrohday
Yaproqlarni hissiz uzib tashlar kuz.
Shamol qaylardadir chaladi surnay,
Dunyo nelardandir chekadi afsus.

Borliq jim qaraydi bu ajib holga,
Daraxtlar qochgani topolmas imkon.
Meni esa tinmay tutar savolga
Yaproqlar yuzida qotib qolgan qon.


Orif Tolib

2011
👍1🔥1
Til oʻrganishga koʻmaklashuvchi 5 ta bepul mobil dastur


Duolingo
(Android, iOS, Windows Phone tizimlarida ishlaydi)

Eng mashhur muallim-dasturlardan biri. Bu mobil ilova yordamida dunyoning juda koʻp tillarini ingliz tili orqali oʻrganishingiz mumkin. Ingliz va olmon tillarini esa rus tili orqali oʻrganish imkoniga egasiz. Grammatika qoidalarini oʻrganish, soʻz boyligini oshirish uchun turli qiziqarli oʻyinlar bor. Dasturga talaffuzni yaxshilash uchun ham koʻplab mashqlar kiritilgan.

Bir paytning oʻzida bitta profil orqali telefon, planshet va saytda Duolingo dan foydalanish mumkin.


LinguaLeo (Android, iOS, Windows Phone)

Bu dastur rus tilini biladiganlar uchun moʻljallangan. U orqali ingliz tilini oʻrganishingiz mumkin. Boshqa koʻplab dasturlar kabi oʻrgatish uslublari, mavzular va oʻqish tezligini oʻzingizga moslab tanlaysiz. Audio va video materiallarning katta zaxirasi bor.

LinguaLeo asosan boshlovchilar va bolalar uchun qulay. Uning pulli boʻlimlari ham bor. Biroq bepul qismi orqali ham koʻp imkoniyatlaridan foydalanish mumkin.


Memrise (Android, iOS)

Til oʻrgatuvchi oʻyinlarga berilib ketish kutilgan natijaga olib kelmaydi. Til oʻrganish qatʼiyat, mehnat va lugʻat boyligini doimiy oshirib borishni talab etadi. Gap qurilishini, soʻzlarning talaffuzini yaxshi bilish mumkin, lekin leksikangizni rivojlantirmasangiz, qanotsiz qush holiga tushasiz.

Chet tilini egallashning eng yaxshi usullaridan biri oʻsha tildagi kitoblar, maqolalarni oʻqishdir. Biroq tayyorgarliksiz kishiga bunday mutolaa juda ogʻir tuyuladi. Shuning uchun faqat dasturlar bilan cheklanib qolmay, oʻrganuvchilarning darajalariga moslashtirilgan kitoblar (adapted books)ni oʻqib boring.


Busuu (Android, iOS)

Bu dastur bir necha ilovalarni oʻz ichiga oladi. U orqali ingliz, olmon, fransuz, yapon, ispan, xitoy, portugal va boshqa tillarni oʻrganishingiz mumkin. “Sayyohlar uchun ingliz tili” deb atalgan ilova ham boʻlib, u safarga otlanganlar tez fursatda inglizcha soʻzlay olishiga koʻmaklashadi.

Dasturdan offlayn ham foydalansa boʻladi. Imkoniyatlarini kengaytirish uchun esa uni sotib olish kerak.


Rosetta Course (Android, iOS)

Bu ilova orqali koʻp tillarni oʻrganish mumkin. Gaplarning grammatik va leksik qurilishini oʻrganishda katta yordam beradi. Qoidalarni oʻqitish emas, amalda qoʻllash orqali oʻrgatadi.

Boshqa dasturlar kabi Rosetta Courseнинг toʻliq shakli pulli.


Bundan tashqari, Android va iOS tizimlarida ishlaydigan oʻzbekcha-ruscha, ruscha-oʻzbekcha, oʻzbekcha-inglizcha, inglizcha-oʻzbekcha va bu uchala tilga tarjima qiluvchi lugʻat-ilovalar ham bor. Ular boshlovchilar uchun ancha foyda beradi.

Yana bir muhim gap: agar siz roʻyxatda koʻrsatilmagan dasturdan foydalansangiz va u sizga qulay boʻlsa, eng yaxshi dastur – ana shu. Zarurat tugʻilsa, boshqa mobil ilovalar qatori yuqorida sanalgan dasturlarni ham sinab koʻrishingiz mumkin.

@oriftolib
👍4
Nechta doʻstim boʻlishi kerak?

Bir kishi mashhur donishmandning huzuriga kelib, undan soʻrabdi:

Ustoz, sizdan bir narsani bilib olmoqchi edim. Odamning nechta doʻsti boʻlishi kerak? “Yuz tillang boʻlmasin, yuzta doʻsting boʻlsin” degan maqolni eshitib qoldim. Lekin agar ataylab doʻst qidiradigan boʻlsam, ishlarim oʻngidan kelishiga ishonmayman. Axir qarshingdagi odam aslida qanaqaligini bilib boʻlmaydi.

Bundan tashqari, u chinakam doʻst boʻlishga loyiqmi-yoʻqmi – buni ham oldindan aytish qiyin. Uning ustiga, oʻzimning ham boshqalarga qay darajada doʻst boʻla olishim aniq emas…

– Savolingga javob beraman, toʻgʻrirogʻi, javobni oʻzing topasan, – debdi donishmand. – Huv anavi olma daraxtini koʻryapsanmi? U dunyodagi eng baland olma ogʻochlaridan biri. Borib oʻsha daraxtning eng uchidagi mevalardan menga terib kel.

Odam oʻsha tarafga qarab, daraxtning yuksak shoxlarida tovlanib turgan olmalarni koʻribdi va:

– Lekin, taqsir, daraxt haqiqatan ham juda baland ekan. Mevalarni qanday qilib uza olaman? – debdi.

– Birorta doʻstingni chaqir, birgalashib olarsizlar, – deb yoʻl-yoʻriq koʻrsatibdi donishmand.

Haligi kishi bir doʻstini topib kelibdi. Oʻrtogʻi uning yelkasiga chiqibdi, lekin mevalarga qoʻli yetmabdi. Orada hali anchagina masofa bor ekan.

– Yoʻq, bunaqada hech narsaga erishib boʻlmaydi, – debdi asabiylashib doʻst izlovchi.

– Nima balo, boshqa umuman doʻsting yoʻqmi? – debdi kulib donishmand.

Boyoqish boshqa doʻstlarini ham chaqirib, ancha-muncha odam yigʻibdi. Ular bir-birlarining yelkalariga mingancha, terlab-pishib yuqoriga intilishibdi… Biroq bu jonli havoza olmagacha yetib bormabdi, holdan toygan odamlarning oyoqlari ham toyibdi, hamma yerga gursillab tushibdi.

Bu ishlarni kuzatib turgan donishmand haligi kishini yoniga chaqiribdi va soʻrabdi:

– Odamga nechta haqiqiy doʻst kerakligini tushungandirsan?

– Ha, taqsir, tushundim, – debdi u lat yegan yelkasini uqalagancha. – Juda koʻp doʻst kerak ekan. Koʻpdan quyon qochib qutulmaydi. Har qanday muammoni koʻplashib hal qilish mumkin.

Donishmand afsus bilan bosh chayqabdi:

– Toʻgʻri, doʻstlarning koʻp boʻlgani yaxshi. Lekin miyasiga narvon olib kelish fikri keladigan bittagina farosatli doʻsting boʻlsa, undan-da yaxshi.

👉
Ibratli hikoyalardan

@oriftolib
🔥2
“Buni biz ham qila olamiz!”

Yangi qitʼa kashfiyotchisi Xristofor Kolumbga hasad qiladiganlar koʻp edi. Hasad bor joyda albatta gʻiybat boʻladi. Dengizchi bir gal qovoqxonaga kirsa, bir toʻda alamzadalar yana Kolumbning tomorqasiga tosh otishayotgan ekan:

– Dengizdan suzib oʻtib, quruqlikka borish nima degan gap? Buni biz ham qila olamiz!

Xristofor ular oʻtirgan stol yaqiniga boradi va qovoqxona egasidan bir dona pishmagan tuxum soʻrab oladi.

– Janoblar, sizlar uddaburon va donosizlar. Bunga shubha yoʻq. Qani, mana shu tuxumni tik turgʻazib beringlar-chi!

Gʻiybatchilar guruhi har qancha urinmasin, bu ishni uddalay olmaydi.

– Boʻpti, oʻzing qil-chi! – deyishadi nihoyat.

Kolumb tuxumni oladi-da, “tirs” etkazib stolga uradi. Tuxumning uch qismi biroz pachoq boʻladi va u tik turib qoladi. Favqulodda holatni kutayotgan gʻiybatchilar birdaniga guvrab yuboradi:

– E-e, shuyam ishmi? Buni biz ham qila olamiz!

– Toʻgʻri, – deb javob beradi mashhur dengizchi. – Faqat Kolumbdan keyin.


Orif Tolib
tayyorladi.

“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 2-sonida chop etilgan.

@oriftolib
Nega men tirikman?

Bir kuni tahririyatning Mark Tven ishlaydigan boʻlimiga oʻrtamiyona muallifning bir dasta bemaza sheʼri kelib tushadi. Ularga “Nega men tirikman?” degan umumiy sarlavha qoʻyilgan edi.

Yozuvchi qoʻlyozmani egasiga qaytarar ekan, sarlavha ostiga shunday izoh yozib qoʻyadi: “Chunki siz tahririyatga sheʼrlaringizni oʻzingiz olib kelmadingiz, pochta orqali yubordingiz”.


Orif Tolib
tayyorladi.

“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 1-sonida chop etilgan.

@oriftolib
😁11🔥1
Ofitsiantning oʻzbekchasi nima?

Baʼzan chet tilidagi soʻz noqobil soʻz bilan mahalliylashtiriladi. Natijada shu soʻz tilga singmaydi. Gohida esa, yaxshi variant topsangiz ham, xalq qabul qilmaydi. Til shunaqa qaysarroq, lekin uni tarbiya qilish mumkin. Munosib soʻz topilsa, juda koʻplab atamalar oʻzbekchalashib, jonli tilga qoʻshilib ketadi.

Bir taksichi amakining gurungi esimda. Bilasiz, taksichilar istalgan masalada maʼruza qila oladi. Taksichi amaki: “Ofitsiantning oʻzbekchasi nima boʻladi?” degan savoliga kutilganidek “Yoʻq”, javobini olgach, magʻrurona javob berdi: “Ofitsiantning oʻzbekchasi girgitton boʻladi, bilib ol”. Bunaqa payt bahslashish ortiqcha. Boshqalarni bilmadim-u, menda ortiqcha asab yoʻq. Bosh silkib qoʻya qolish kerak.

Lekin ofitsiantning oʻzbekchasi girgitton emas. Izohli lugʻatga koʻra, girgitton erkalash yoki hurmat bildiruvchi murojaat shakli; maʼno va vazifasi jihatidan “aylanay”, “oʻrgilay” soʻzlariga toʻgʻri keladi.

Misol:

Xojarxon, girgitton, ekkan daraxtlaringni Obijon akangizga koʻrsating.
A. Qahhor, Tobutdan tovush.

Girgitton boʻlay – aylanay, oʻrgilay.

Meni qiynama, jon qizim, onang girgitton boʻlsin! – dedi kampir Adolatxonga.
U. Nazarov, Odamlar.

Girgitton boʻlmoq – odam atrofida mehribonlik bilan parvona boʻlmoq.

Xola Tursunoyning atrofida girgitton boʻlib, gir aylanar, dam boshini ushlab koʻrar, dam yuzini silar edi.
S. Anorboyev, Oqsoy.

Yana bir jihatga eʼtibor berish kerak. Bu soʻz birinchi shaxs tilidan aytilganda, gapiruvchi odatda ayol kishi boʻladi. “Girgitton” koʻproq yoshi ulugʻ onaxonlar lugʻatiga tegishli.

Demak, girgitton ofitsiantga muqobil boʻla olmaydi.

Menimcha, bu vazifaga dastyor soʻzi mosroq.
Tilga allaqachon kirib, oʻrnashib boʻlgan, biz faol foydalanadigan soʻzlarga yovqarash qilish ham toʻgʻri emas. Ular oʻzimiznikiga aylanib ulgurgan. Ishlataverish kerak.

@oriftolib
👍5
“Devonu lugʻatit turk”ka sayohat

#Devonu_lugʻatit_turk

Mahmud Koshgʻariy qalamiga mansub “Devonu lugʻatit turk” (Turkiy soʻzlar devoni) turkiy tilshunoslikning buyuk yodgorligidir. U tarix, geografiya, etnografiya kabi yoʻnalishlarda ham noyob maʼlumotlar bera oladi.

Ushbu asar oʻzbek tilida ilk bor oʻtgan asrda, 1961-63-yillarda uch jildda nashr etilgandi. Yarim asr mobaynida qayta chop etilmadi. Uni topish juda qiyin edi. Osonroq yoʻli bu noyob nashrning skaner nusxasini Ziyouz elektron kutubxonasidan olib oʻrganish edi. Ammo soʻnggi yillarda bu muammo hal etildi, “Devon” qayta bosildi. Buning uchun “Mumtoz soʻz” nashriyoti (2016) va Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi (2017) ga alohida tashakkur.

“Devon”ni 2014-2015-yillarda elektron variantidan oʻrganib chiqqandim. Oʻzim uchun bir dunyo yangiliklar olgandim. Hozir Qosimjon Sodiqov tahriridagi nashr (Gʻafur Gʻulom NMIU)ni oʻqib chiqyapman. Yangi topildiqlar topilyapti, yangi mulohazalar tugʻilyapti. Sahifamda ana shular bilan oʻrtoqlashib borishni niyat qildim.

Demak, boshladik...

@oriftolib
Koʻylak nega oʻngiydi?

Kiyimlarga nisbatan “oʻngimoq” soʻzi qoʻllanadi. Izohli lugʻatga koʻra, oʻngimoq rangi yoʻqolmoq, asl rangi oʻzgarmoq, tusi oʻchmoq maʼnolariga ega.

Masalan:

Bunday boʻyoq bilan boʻyalgan mato oʻngib ketmaydi.
“Fan va turmush”.

Ustidagi gimnastyorkasi yomgʻirda yuvilib, oftobda oʻngib, oqarib ketgan edi.
I. Rahim, Chin muhabbat.

Oʻngimoq aslida qaysi soʻzdan paydo boʻlgani, oʻzagi nima ekani haqida Izohli lugʻatda hech gap yoʻq. Buning sirini “Devonu lugʻatit turk” orqali ochamiz.

“Devon”da “oʻng” soʻziga “rang, bir narsaning rangi” deb izoh berilgan. Masalan, yashil oʻnglug toʻn – yashil rangli kiyim. Demak, oʻngimoq soʻzining rangi ketmoq maʼnosi aynan ana shu rang maʼnoli “oʻng” oʻzagiga borib taqaladi.

Narsaning odatda koʻrinib turadigan tomoni, sirtiga ham “oʻng” soʻzi ishlatiladi. Masalan, gilamning oʻng tomoni, kiyimning oʻngi. Ana shu oʻng ham rang maʼnosidagi oʻngdan kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Chunki odatda kiyim yoki buyumlarning koʻrinib turadigan tashqi tomoni, sirti boʻyalgan. Rang berilgan tomonga “oʻng” soʻzi ishlatilgan boʻlishi ehtimoli katta.

@oriftolib
👍5
Mutolaaga vaqtingiz yoʻqmi? Audiokitob eshiting

Kitob oʻqishga vaqti kamroq yoki ish-yumushlarga koʻmilgan kishilar uchun audiokitoblar ayni muddao boʻlyapti. Oʻzim ham yaqindan boshlab audiokitoblardan foydalana boshladim. Koʻzingizni toliqtirmaydi, vaqtingiz behuda ketishidan asraydi.

Agar rulda boʻlsangiz, jiddiy ilmiy kitoblarni eshitmaganingiz maʼqul, chalgʻitadi. Badiiy kitoblar esa har holda oʻta qattiq eʼtibor talab qilmaydi. Yengilroq yumush, uy ishlari bilan shugʻullanayotganda har qanday audiokitobni eshitish mumkin. Ham ishingiz bitadi, ham bilimingiz ortadi, tasavvuringiz boyiydi.

Soʻnggi paytlarda oʻzbek tilida ham koʻplab audiokitoblar tayyorlanyapti. Toʻgʻri, baʼzilari sifat jihatidan biroz oqsaydi. Biroq bunday urinishlarning bariga ijobiy baho berish mumkin. Kitobxonlikni rivojlantirish yoʻlidagi har qanday tashabbusni qoʻllab-quvvatlash kerak.

Bugun @kometauz kanalida Aziz Nesinning “Dahshatli tush” hikoyasining audio versiyasini eshitdim. Sifatli yozilgan. Sizlarga ham tavsiya qilaman.
👍2
Uyali telefon yoki qoʻl telefoni

Til shunaqa, jonli hodisa. Katakli telefon soʻzi tilga singmadi, uning oʻrniga yuqorida aytilganday “uyali”, “mobil” va “qoʻl” soʻzlari ishtilyapti. Odamlar oʻn yillar oldin “Sotkamga telefon qiling” degan boʻlsa, bugun “Qoʻl telefonimga qoʻngʻiroq qiling” yoki yanayam qisqaroq qilib “Qoʻlimga telefon qilvoring” deyapti jonli tilda. “Sotka” soʻzi urfdan qoldi.

“Pryamoy efir” atamasi ham boshida uzundan-uzoq va kalka tarjima bilan “Toʻgʻridan toʻgʻri efir” deyilgan edi. Hozir “Jonli efir” koʻp qoʻllanyapti. Inglizcha “Live”ga muqobil tarzda efir soʻzisiz “Jonli” deb ham ishlatilyapti. Tabiiy tanlanish jarayoni-da buyam. Yoki koʻchat ekishga qiyoslash mumkin. Biror yerga koʻchat eksangiz, biri koʻkaradi, biri koʻkarmaydi. Yer suymasa, ekin qurib qoladi. Soʻz ham tilga oʻtirmasa, singmaydi. Yozma tilda, kitoblarda turaverishi mumkin, lekin xalq ogʻziga koʻchmaydi.

@oriftolib
👍2
Koʻzga koʻrinmaydigan kitob bormi?


📝 Eng koʻp tilga tarjima qilingan adabiy asarlar mashhur detektiv yozuvchi Agata Kristiga tegishli. Adiba kitoblari yuzdan ortiq dunyo tillariga tarjima qilingan va toʻrt milliarddan ortiq nusxada chop etilgan.

📝 Zamonaviy adiblar ichida eng sermahsuli braziliyalik yozuvchi Joze Karlos Inuedir. U 1046 ta ilmiy-fantastik, sarguzasht romanlar muallifidir. Qizigʻi, u shuncha asarni oʻn yil ichida 1986–1996-yillar oraligʻida qogʻozga tushirgan.

📝 Eng uzun roman fransuz yozuvchisi Jyul Romen (asl ismi Luyi Anri Farigul)ga tegishli. Uning “Ixtiyori oʻzida odamlar” romani 1932–1946-yillar oraligʻida 27 jildda nashr etilgan.

📝 Eng keksa mualliflar – amerikalik Sara va Elizabet Delenilardir. Ular 1994-yili “Opa-singil Delenilarning kundalik hikmatlari” nomli kitob eʼlon qiladi. Bu paytda opa 105, singil 103 yoshda edi. 1997-yili esa Sara Deleni kitobning davomini yozib, “Oʻzimning 107 yoshimda” nomi bilan chop ettiradi.

📝 Eng katta ensiklopediya “Evro-amerika universal bezakli ensiklopediyasi”dir. 105 ming sahifadan iborat bu kitob 104 jildga jo boʻlgan.

📝 Hozircha eng mitti kitob Yaponiyada bosilgan “Har mavsumga gullar” kitobi boʻlib turibdi. 0,75 millimetrli bu sanʼat asarini oddiy koʻz bilan tugul, koʻzoynak taqib ham koʻra olmaysiz.

📝 Eng koʻp sotilgan kitob – “Ginnesning rekordlar kitobi”dir. U AQSH kutubxonalaridan oʻgʻirlanishi boʻyicha ham rekord qayd etgan. Bu toʻplam ilk bor 1955-yili chop etilgan.

📝 Eng qadimgi kitob doʻkoni Portugaliyadagi “Livraria Bertrane”dir. U 1732-yildan beri faoliyat yuritib ketadi.


Orifjon MADVALIYEV
tayyorladi.

“Yoshlik” jurnalining 2019-yil 8-sonida chop etilgan.

@oriftolib
👍3
Ilhom faqat ish vaqtida keladi

Gabriel Garsia Markes hikmatlaridan

• Atrofimizda shunday ajoyib, fantastik narsalar bor. Yozuvchilar esa ahamiyatsiz, kundalik voqealarni behuda tasvirlab oʻtirishadi.

• Baxt davolashi mumkin boʻlgan narsani davolaydigan dori yoʻq.

• Jilmay! Tashvish-mashaqqatlar rohatlanishiga yoʻl qoʻyma.

• Ilhom faqat ish vaqtida keladi.

• Kerak boʻlmay qolgan vaqtdagina bilim va aql bizni yoʻqlab keladi.

• Men boy emasman. Men puli bor kambagʻalman. Ikkalasi boshqa-boshqa tushuncha.

• Odam bir martagina dunyoga kelmaydi, hayot uni qayta-qayta yangidan tugʻilishga majbur etadi.

• Odamning urushdagi hislarini tasvirlashga birgina “qoʻrquv” soʻzi yetarli boʻlib turganda, shuncha soʻzni uvol qilishning nima keragi bor?

• Oilaviy hayotda mayda gʻidi-bidilardan koʻra katta halokatlardan qutulish osonroq.

• Uzoq kutayotgan yana ozgina kutishi mumkin.

• Oʻtgan baxtli kunlar haqida alam va afsuslanishlarsiz oʻylay olish – juda gʻalati xususiyat.

• Hamma narsaning joni bor. Faqat uning qalbini uygʻotish kerak, xolos.

• Yaxshi ishtiha uchun yomon ovqat yoʻq.

Orif Tolib
tarjimasi

“Yoshlik” jurnalining 2019-yil 9-sonida chop etilgan.

@oriftolib
👍6
“Zeriktirib qoʻymadimmi?”

Mashhur faylasuf Arastuning oldiga bir dimogʻdor boyvachcha keladi va jimjimador ohangda gapira boshlaydi. U oʻzining ovozidan, aytayotgan soʻzlaridan zavqlanar, shu sababli hali-beri toʻxtashni istamasdi.

Oradan anchagina vaqt oʻtgach, dimogʻdor notiq shunday lutf qiladi:

– Taqsir, sizni zeriktirib qoʻymadimmi?

– Yoʻq, bemalol, – deb javob beradi Arastu. – Axir, sizni eshitganim yoʻq-ku.


Orif Tolib
tayyorladi.

“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 4-sonida chop etilgan.

@oriftolib
👍1
Kredit olaman deb…

Taniqli yapon avtomobil kompaniyasi asoschisi Soichiro Honda katta ish boshlagan paytlaridagi kulgili-qaygʻuli bir voqeani shunday hikoya qiladi: u 1951-yili biznesdagi sherigi Takeo Fujisava bilan kredit soʻrab “Mitsubishi” bankiga murojaat qiladi. Ularning iqtisodiy ahvoli juda tang edi. Oxirgi pullarini toʻplab, ziyofat uyushtirishadi va bank mutasaddilarini taklif etishadi. Nima qilib boʻlsa ham moliyachilarning koʻnglini olish va kredit undirish zarur edi. Mehmonlar yeb-ichadi, Honda va Fujisava ham ular bilan birga yayrab oʻtiradi. Hatto qoʻnoqlarni xushnud etish uchun kichik sahna koʻrinishi tashkillashtirib, askiyabozlik ham qilishadi.

Ishbilarmonlar ertasi kuni bankka katta ishonch bilan kirib borishadi. Biroq talabnomalariga rad javobi berilganini bilib, tarvuzlari qoʻltiqlaridan tushadi. Bank qarorida shunday soʻzlar bor edi:

“Bank ikkita masxaraboz rahbarlik qiladigan firmaga ishona olmaydi”.


Orif Tolib
tayyorladi.

“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 3-sonida chop etilgan.

@oriftolib
👍1
Odamlar nimadan nafas olgan?

Bolgar bioximik olimi va yozuvchisi Asen Zlatarov bir shaharchada maʼruza oʻqiydi. Professor tabiat va uning boyliklari haqida gapirar ekan, kislorod 1773-yilga kelibgina kashf etilgani, usiz hayot kechirish mumkin emasligini eslatib oʻtadi. Shunda zaldagilardan biri hayqirib yuboradi:

– Nahotki! Ungacha odamlar nimadan nafas olgan?!


Orif Tolib
tayyorladi.

“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 3-sonida chop etilgan.

@oriftolib
👍2
Forwarded from Khan Academy Oʻzbek
😉 Gazlanmagan deyishga qiynalsangiz, shu zahoti taslim bo‘lmang.
🇺🇿 Unutmang, o‘zbek tili — juda boy til.

Kanalga ulanish 👉🏻 Khan Academy Oʻzbek

InstagramFacebookYouTube

#kau_soʻz
👍6