Orif Tolib
11.3K subscribers
1.13K photos
104 videos
8 files
1.94K links
Soʻz. Tahrir. Savodxonlik.

Reklama boʻyicha:
👉 https://is.gd/elonlar

Boshqa sahifalarimiz:
👉 https://taplink.cc/oriftolib

Muallif haqida:
👉 https://oriftolib.uz/?p=575

Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
Download Telegram
Goʻniya va Pentagon

Ustalar burchakning toʻgʻriligini tekshirish uchun ishlatadigan uskuna bor – goʻniya. Bu soʻzning koʻrinishi oʻzbekcha boʻlsa ham, oʻzi chet ellik ekani oz-moz sezilib turadi. U yunoncha gōniá – burchak soʻzidan hosil boʻlgan. Qadimgi yunon tilida ham bor boʻlgan bu soʻz hind-yevropa tillaridagi ǵónutizza, jagʻ oʻzagidan hosil boʻlgan.

Usta va duradgorlar goʻniya soʻzi bilan birga burchak, toʻqsonburchak kabi soʻzlarni ham qoʻllaydi.

Pentagon soʻzi beshburchak maʼnosiga ega. Shu sabab AQSH Mudofaa vazirligining beshburchak shaklidagi binosi Pentagon deb ataladi. Bu soʻz koʻpincha vazirlik nomi oʻrnida ham ishlatiladi. Uning oʻzagida gōniá soʻzi qatnashgan.

Tilimizda qoʻllanadigan diagonal, poligon, trigonometriya kabi oʻzlashmalar ham goʻniya bilan oʻzakdosh.

@oriftolib
👍38
​​Texnika xavfsizligi va xavfsizlik texnikasi

Bu ikki tushuncha ko‘pincha adashtirib qo‘llanadi. Aslida texnika xavfsizligi ruschadan biroz yanglish o‘girilgan. To‘g‘risi – texnik xavfsizlik.  U tizimning mustahkamligi, butunligiga zarar yetkazadigan holatlarning, sanoat tizimlaridagi xavfli to‘xtalishlar va uzilishlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir. Bu atama hozir kam ishlatiladi.

Xavfsizlik texnikasi atamasining bir necha izohi bor. U yuqoridagi sharhga yaqin ma’noda ham qo‘llanadi. Bundan tashqari, insonning har qanday faoliyati, jumladan, mehnat faoliyati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ishlarni bildiradi. Oldin shu nomdagi o‘quv fani ham bo‘lgan.

Vikipediyaga ko‘ra, bu atamaning sanoat jarayonidagi faoliyat xavfsizligini ta’minlash ma’nosi hozir eskirgan. Uning o‘rniga mehnat himoyasi atamasi ishlatilyapti. U inglizchada Health & Safety (H&S) – sog‘liq va xavfsizlik birikmasi bilan ifodalanadi.

🟢 Demak, faoliyat xavfsizligi bilan bog‘liq o‘rinlarda texnika xavfsizligi birikmasini emas, xavfsizlik texnikasi atamasini ishlatgan afzal.

#Soʻragan_edingiz
 
@oriftolib
👍21
Lotin alifbomizdagi kamchiliklar bartaraf etiladimi?

Yozishlaricha, “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi konferensiyada Saida Mirziyoyeva lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi kamchiliklarni tilga olib, ularni tuzatish zarurligini ta’kidlabdi.

Alifbomizdagi xomsemiz, qiyinchilik tugʻdiradigan 4 harf – Oʻ, Gʻ, Sh, Ch ixchamlashishi tarafdoriman. Alifbo islohi haqida oʻzim ham bir necha chiqishlar qilganman.

Oʻzgarishlar chala-yarim qilinmaydi, hech qursa, shu 4 harf toʻliq tarkibda ixchamlashadi degan umiddaman.

@oriftolib
👍32🤨3
Elmurod Nishondan tahrir darsi

Futbol xabaridan
Urugvaylik "Real" futbolchisi Valverde “PSJ”ga o‘tadi deb o‘ylamayman.
"Real"ning urugvaylik futbolchisi Valverde “PSJ”ga o‘tmasa kerak.

Futbol sharhidan
Lautaro Martines Xakan Chalxanogluni almashtirdi.
Lautaro Martines Xoqon Cholxono‘g‘liga almashtirildi.

Ob-havo ma'lumotidan
Bugun Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatida havo bulutli bo‘lib...
Bugun Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida havo bulutli bo‘lib...

Serialdan
– Jinoyatchi necha yoshda ekan?
– Salkam oltmishga yaqin.

– Jinoyatchi necha yoshda ekan?
– Ellik besh yoshda (yoki ellik besh-ellik olti yoshlarda).

Eshmon Malla:
Men bu dialogni eshitib, juda hayron qoldim. Suhbatlashayotgan kishilar oddiy odamlar emas, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari. Ular konkret shaxs – o‘zlari tergov qilayotgan jinoyatchi haqida gaplashishyapti-yu, uning aniq yoshini, tug‘ilgan yilini bilishmaydi. Senariy yozayotgan odam qahramonining darajasi, kasb-koriga qarab gapirtirsa, ishonarli va tabiiy chiqadi. Salkam oltmishga yaqin deb taxmin qilib tursa, bunday "yurist"ga, binobarin, uni so‘zlatayotgan serialchilarga qanday ishonasiz?

Manba:
👉 Eshmon Malla kanali

@oriftolib
👍23😱3
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
87%
Muvozanat
13%
Muozanat
👍33😎11🤨4💯3
👍34😎19😱5💯5
Otlar uyuri

Ijtimoiy tarmoqlarda bir xabar tarqaldi:

Otlar podasi yurib ketayotgan joyida muzlab qolibdi.

Og‘aynilar, tilimizda hamma narsaning nomi bor. Otlar to‘dasiga nisbatan uyur so‘zi qo‘llanadi. Poda deb qoramollar to‘dasiga aytiladi. Demak:

Otlar uyuri yurib ketayotgan joyida muzlab qolibdi.

Manba: @tahrir_uz

@oriftolib
👍91🔥11😎5😱4
Ism-familiyalarda boʻgʻin koʻchirilmaydimi?

Ism-familiya boʻgʻinga koʻchirilmaydi deb hisoblaydiganlar koʻp. Aslida qanaqa?

Imlo qoidalariga koʻra, ism va otaismning birinchi harfiga teng qisqartmalar familiyadan ajratib koʻchirilmaydi: A. J. Jabborov, A. D. Abduvaliyev, S. R. Muxtorov, M. N. Oqilov kabilarda qisqartmani tepa satrda qoldirib, familiyani pastga koʻchirish mumkin emas.

Ismlar qisqartmasiz yozilganda-chi? Bunda imkon qadar ism, otaism va familiyalarni, taxalluslarni boʻgʻinga koʻchirmagan afzal. Ismga hurmat, madaniyat yuzasidan shunday yoʻl tutgan yaxshi.

❗️ Ammo imkonsiz oʻrinlarda bemalol boʻgʻin koʻchirish mumkin. Bunday soʻzlarda boʻgʻin koʻchirmaslik kerak degan qoida yoʻq. Ayniqsa bosma nashrlarda joy bilan hisoblashishga toʻgʻri keladi. Shu bois boʻgʻin koʻchirmaslik prinsipini qattiq ushlamaslik zarur.

@oriftolib
👍55
Gʻazalkent, Chiroqchi, Buyrak – kutilganidan boshqa maʼnoga ega joy nomlari

Joy nomlarining kelib chiqish tarixi qiziq. Baʼzi joy nomlari dastlab tasavvur qilganimizdan tamoman boshqacha maʼnoga ega. Yurtimizda bunday sirli otga ega shahar va qishloqlar talaygina. “Daryo” nashridagi maqolamda ana shunday nomlardan baʼzilarini sharhladim.

Toʻliq oʻqish:
👉 dy.uz/F7jwN

@oriftolib
👍17🔥10
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
53%
Gornizon
47%
Garnizon
😎26👍21😢9
😎20🤨14👍12😱2
Forwarded from Bolalar yozuvchisi
Qobiljon Shermatovning asarlari bolalarga xos samimiyat hamda yumor bilan yo’g’rilgan. Mutolaa jarayonida shu samimiyat va quvnoqlik o’quvchiga ham ko’chadi. Qiziqarli va maroqli sarguzashtlar ichida yashay boshlaydi. Eng muhimi, yaxshilik, mehr-oqibat kabi ezgu fazilatlar haqida bir olam hikmat topadi.

Qobiljonni bu ikki asar bilan tabriklayman, muborak bo’lsin!

Xarid uchun @akademsavdo ga murojaat qiling.
👍21🔥3
Internetda shunaqa maʼlumotnoma bor ekan. Ruschasi. Shuning oʻzbekcha variantini tayyorladim. Tushunish, farqlashni osonlashtiradi.

Rasmdagi atamalardan qay birini izohlash kerak deb hisoblaysiz?

@oriftolib
👍61🔥16😎1
Gʻazalkent gʻazallar shahrimi?

Kent qadimgi sugʻd tilida kand, kant shakliga ega boʻlgan va devor, uy, xonadon, qoʻrgʻon, qishloq kabi maʼnolarni anglatgan. Kent soʻzi va uning talaffuz variantlari qatnashgan joy nomlari mintaqamizda juda koʻp: Toshkent, Samarqand, Yorkent, Vobkent, Parkent, Piskent kabi.

Xoʻsh, Gʻazalkentning maʼnosi nima? Kent shahar maʼnosida boʻlsa, Gʻazalkent gʻazallar shahri boʻladimi? Toponimik adabiyotlarda yozilishicha, shahar nomi hazar qabilasi nomidan kelib chiqqan. Hazarlar – qadimgi turkiy qavm. Hazarkent – hazarlar qishlogʻi. Hazar soʻzi keyinchalik tovush oʻzgarishiga uchragan.

Qashqadaryodagi Gʻuzor shahri, Jomboy tumanidagi Gʻazira qishlogʻi nomi asosida ham hazar soʻzi yotadi.

@oriftolib
👍33
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Togʻlaringga qor boʻlarman, yor

Gʻulomjon xoʻjam shu qoʻshiq tarjimasini menga ilingan ekan. Undan bexabar Avazxon Umar ham shu niyatda bu sheʼrni menga moʻljallab qoʻyibdi. Hay, unutilgan shoirligimni esga solib, qoʻshiq soʻzlarini oʻzbekchalashtirdim.

Juda koʻp soʻzlari bizga tanish, uni tarjimasiz ham ancha yaxshi tushunasiz. Qiynalib qolsangiz, mana tarjimasi:

Esat Kabakli

Togʻlaringga qor boʻlarman

Sen bahorsan, men-chi, yozman,
Bir sen uchun ishq-u rozman, yor.
Meni sensiz chalolmassan,
Sen bir noxun, men bir sozman, yor.

Togʻlaringga qor boʻlarman, yor,
Ishqingga bahor boʻlarman, yor.
Gar istasang, yor boʻlarman, yor,
Togʻlaringga qor boʻlarman, yor.

Daraxt boʻlsang, boʻlarman novdang,
Chechak boʻlsang, boʻlajakman bol.
Yoʻl boʻlarman olisda boʻlsang,
Seni mendan ololmassan, yor.

Otash boʻlsang, yoʻl boʻlarman,
Inon, mendan ketolmassan, yor.

Togʻlaringga qor boʻlarman, yor,
Ishqingga bahor boʻlarman, yor.
Gar istasang, yor boʻlarman, yor,
Togʻlaringga qor boʻlarman, yor.

@oriftolib
👍36🔥5
Sariosiyo va Osiyo

Sariosiyo soʻzini talaffuz qilganda dastlab kishining xayoliga sari va Osiyo soʻzlari keladi. Osiyo sari deganimikan deb oʻylash ham mumkin. Biroq etimologiyadan yoki fors tilidan xabardor kishi bunday emasligini oson payqaydi. Sariosiyo Osiyo qitʼasidagi minglab qishloqlardan biri xolos, uning Osiyoga bevosita aloqadorligi yoʻq.

Bu joy nomi forscha sar – bosh va osiyo – tegirmon soʻzlaridan hosil boʻlgan. Sariosiyo tegirmonboshi, tegirmon yuqorisidagi qishloq demakdir. Surxondaryodagi tumandan tashqari oʻlkamizda osiyo tarkibli toponimlar talaygina: Galaosiyo, Qoʻshosiyo, Tagiosiyo.

@oriftolib
👍28🔥5
Feruz Allayev kitob yozdi

“Asaxiy” asoschisi, ishbilarmon Feruz Allayev “Tadbirkor” nomli kitob yozdi. Yoshlar ijod saroyida shu kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Loyiha Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan amalga oshirilgan.

Tadbir soʻngida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev yigʻilganlarni ijod saroyidagi oʻzgarishlar bilan tanishtirdi. Saroy taʼmirlanib, yangi jihoz va xonalarga ega boʻlibdi, ilm bilan shugʻullanaman deganlar, ayniqsa, yoshlar uchun yaxshi bir maskanga aylanibdi.

Soha mutaxassislarining oʻz bilim va malakalarini ulashishi juda yaxshi samara beradi. Kitoblar yozish, videodarslar tayyorlash, bloglar yuritish kerak. Bilimli, kitob oʻqiydigan, fikrlaydigan kishilar jamiyati rivojlanadi. Turli sohalarga oid saviyali, sifatli oʻzbekcha asarlar bugun jamiyatimizga juda-juda kerak.

Feruz Allayev kitobning ikkinchi va uchinchi qismlarini ham yozmoqchi ekanini taʼkidladi. Muallifga bu yoʻlda muvaffaqiyatlar tilayman.

@oriftolib
👍27🔥2
Buzuq telefon

Sershovqin shaharning kichik yoʻlkasi boʻylab bir moʻysafid ketib borardi. Yuzlari ajinga toʻla, qoshlari oʻsiq bu odam koʻzlarini yerga tikkancha ohista qadam tashlardi. Shoshilib, tez-tez ketib borayotgan yoʻlovchilar, oʻrindiqlarda gap sotib oʻtirgan bekorchilar, shunchaki sayr qilib yurgan oʻtkinchilar – hech kim unga eʼtibor bermasdi. Qariya yura-yura telefon ustaxonasi oldida toʻxtadi.

– Bolam, shuni bir koʻrib bersang. Ishlamay qopti, shekilli.

Usta eski rusumdagi abgor telefonga ajabsinib qaradi. “Yoshini yashab, oshini oshagan” bu matoh tuzatishga arzirmikan? Telefonning u yoq-bu yogʻini koʻzdan kechirgan boʻldi, quvvat olishini tekshirdi, qoʻngʻiroq qilib ham koʻrdi. Hammasi joyida.

– Otaxon, telefoningiz buzuq emas. Ishlayapti. Mabodo sindirib qoʻymasangiz, sizga umrbod xizmat qiladi bu! Eski telefonlarning joni qattiq boʻladi, – dedi usta.

– Ishlayapti, degin... – Cholning koʻzlari birdan yoshlandi. – Unda nega bolalarim menga qoʻngʻiroq qilishmayapti?

Moʻysafidning koʻzlaridagi mung va iztirobga bardosh berolmagan usta nigohini boshqa tomonga olib qochdi.

“Hidoyat” jurnalining 2023-yil 12-sonida chop etilgan.

👉 Ibratli hikoyalardan

@oriftolib
😢56👍13🔥2
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Bil, oʻgʻlim!

Serhat Kabakli soʻzi
Esat Kabakli musiqasi va ijrosi

@oriftolib
👍20🔥3💯2
Orif Tolib
Bil, oʻgʻlim! Serhat Kabakli soʻzi Esat Kabakli musiqasi va ijrosi @oriftolib
Bil, oʻgʻlim!

Serhat Kabakli soʻzi
Esat Kabakli musiqasi va ijrosi

Kunlar ketib, oy kelganda kel, oʻgʻlim,
Dunyo kular sen kulganda, kul, oʻgʻlim.
Bir yoʻl bordir – haq yoʻlidir, top, oʻgʻlim,
Yer-u koʻkni oʻrgan, ilmin bil, oʻgʻlim.

Tezroq ulgʻay, qatorga kir tez, oʻgʻlim,
Shaqal kezgan shu togʻlarda kez, oʻgʻlim.
Tezroq ulgʻay, qatorga kir tez, oʻgʻlim,
Shaqal kezgan shu togʻlarda kez, oʻgʻlim.

Kez, oʻgʻlim!
Vataningga koʻz tikkanni ez, oʻgʻlim!
Doʻsting kimdir, dushmaning kim – sez, oʻgʻlim!
Tarixingni sharafing-la yoz, oʻgʻlim,
Yoz, oʻgʻlim!

Sen boshlarsan mangulikka yoʻl, oʻgʻlim,
Toʻrt tomonga chuqur nazar sol, oʻgʻlim.
Muhtojga ber noning, joʻmard boʻl, oʻgʻlim,
Harom yema, haq yoʻlida oʻl, oʻgʻlim!

Zulm qurgan taxt-u baxtdan kech, oʻgʻlim,
Zolim boʻlsin nafratingga duch, oʻgʻlim.
Nafs degani – mantiq yutar dev, oʻgʻlim,
Kibrlanma, insonlarni sev, oʻgʻlim.

Naqarot:

Tezroq ulgʻay, qatorga kir tez, oʻgʻlim,
Shaqal kezgan shu togʻlarda kez, oʻgʻlim.
Tezroq ulgʻay, qatorga kir tez, oʻgʻlim,
Shaqal kezgan shu togʻlarda kez, oʻgʻlim.

Kez, oʻgʻlim!
Vataningga koʻz tikkanni ez, oʻgʻlim!
Doʻsting kimdir, dushmaning kim – sez, oʻgʻlim!
Qarshimda tur, soʻz ber menga, soʻz, oʻgʻlim,
Soʻz, oʻgʻlim!

Turkchadan
Orif Tolib
tarjimasi

🟢 Oʻzbekchada ham shunaqa vatanparvarlik qoʻshiqlari yaratish kerak. Toʻgʻri, oʻzimizda yoʻq emas. Lekin xalqona uslubda, hamma joʻr boʻlib kuylaydigan qoʻshiqlar kam, menimcha.

Yuqoridagi sheʼr – qoʻshiq matni. Mabodo yuksak badiiy sanʼatlar topolmasangiz, jigʻibiyron boʻlmang. Menga maʼqul keldi. Shu holida ham.

@oriftolib
👍55🔥14