Orif Tolib
11.3K subscribers
1.13K photos
104 videos
8 files
1.94K links
Soʻz. Tahrir. Savodxonlik.

Reklama boʻyicha:
👉 https://is.gd/elonlar

Boshqa sahifalarimiz:
👉 https://taplink.cc/oriftolib

Muallif haqida:
👉 https://oriftolib.uz/?p=575

Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
Download Telegram
Qarich, quloch, chaqirim – qadimgi o‘lchov birliklari bugungi o‘lchovda nimaga teng?

Badiiy asarlarda sharqona o‘lchov birliklariga duch kelamiz. Ularning ayrimlari bugungi tilimizda ham saqlangan. Xo‘sh, ular nimani anglatadi? “Daryo” nashrining “Tilimizni bilamizmi” ruknida o‘tmishda yurtimiz hududlarida qo‘llangan uzunlik va yuza o‘lchov birliklari haqida so‘z yuritdim.

🔹 Bir qarich necha santimetr?
🔹 Gaz bir metrga tengmi?
🔹 Bir quloch qanchaga teng?
🔹 Sarjin duradgorlar atamasimi?
🔹 Tanob nega tortiladi?
🔹 Bir chaqirim bir kilometrmi?
🔹 Tosh ostidagi tosh

👉 https://daryo.uz/2023/08/15/tilimizni-bilamizmi-qarich-quloch-chaqirim-qadimgi-olchov-birliklari-bugungi-olchovda-nimaga-teng

@oriftolib
👍12🔥2
​​“Maʼraka” nima degani?

Turk tili boʻyicha falsafa doktori Avazxon Umar yozyapti:

Maʼraka arabcha soʻz boʻlib, jang, yigʻin; jang maydoni degan maʼnoni anglatadi. Maʼraka mardniki degan maqolda jang maydoni nazarda tutilgan. Ushbu soʻz hozirgi oʻzbek tilida motam marosimlarining yigʻindisi, marosim maʼnolarida ishlatiladi”.

Bu postni oʻqib, ulugʻ turkman shoiri Maxtumqulining bir bayti yodga tushdi:

Har yigitning aslin bilay desangiz,
Maʼrakada oʻtirib-turishin koʻring.
Birov bilan oshno boʻlay desangiz,
Avval oʻz soʻzida turishin koʻring.

Bu misralarni Komiljon Otaniyozov ijrosida tinglagan boʻlsangiz ham kerak. Bu oʻrinda motam marosimi nazarda tutilmayapti. Turkman tilining izohli lugʻatiga koʻra, märeke soʻzi koʻpchilik toʻplangan joy, jamoat, omma, yigʻilish kabi maʼnolarni anglatadi. Oʻzbek tiliga oʻgirilmay, oʻzi olingan.

🔰 Xolis tavsiya: tilshunoslik, shevashunoslik boʻyicha qiziqarli postlar, nodir soʻzlarning izohlari bilan tanishib borishni istasangiz, “Shevashunos” sahifasini kuzatib boring.

Ulanish:
👉 @shevashunos

@oriftolib
👍25🔥2
Institut qizlar oʻqiydigan joy boʻlganmi?

Institut oliy oʻquv yurtini yoki ilmiy tadqiqot muassasasini bildiradi. U mustaqil tashkilot boʻlishi ham, universitet tarkibida faoliyat yuritishi ham mumkin. Lotincha institutum – tashkilot, tuzilma, odat soʻzidan hosil boʻlgan. Soʻz tarkibidagi in – ichida, doirasida, statuo – quraman, oʻrnataman maʼnosiga ega. Soʻzdagi st oʻzagi qadimgi hind-evropa tillariga borib taqaladi. Uning maʼnosi boʻlmoq, turmoqdir. Konstitutsiya soʻzi ham ana shu oʻzakka borib taqaladi.

Institut soʻzi bizga ruschadan oʻzlashgan. Rus tiliga esa fransuzchadan kirgan. Rus tilida XIX asr boshidan ilm maskani maʼnosida qoʻllana boshlagan. Rossiya imperiyasida institut oqsuyaklarning qizlari oʻqiydigan yopiq shakldagi oʻrta taʼlim dargohini ham bildirgan.

Oʻrta Osiyoda, jumladan, hozirgi Oʻzbekiston hududida institut va universitetlar vazifasini madrasalar oʻtagan.

@oriftolib
👍22😢2
Tahrir uchun

Xabardan parcha:

Oʻzbekistonda oʻrtacha 358 nafar aholiga bir shifokor toʻgʻri kelyapti

Bir nafar shifokorga qancha aholi toʻgʻri kelishi haqida maʼlumot berildi.

2023-yil 1-yanvar holatiga Oʻzbekistonda bir nafar shifokorga oʻrtacha 358 nafar aholi toʻgʻri keladi.

🟢 Matnda qanday xatolik bor va uni qanday tahrirlash kerak? Fikringizni izohlarda qoldiring.

@oriftolib
👍8😢2🤨1
Tashkilotlar va mansablar nomi imlosi

“Ibrat farzandlari” loyihasida savodxonlik boʻyicha navbatdagi dars eʼlon qilindi. Lavhada tashkilot va idoralar, turli mansablar imlosi tushuntirilgan. Koʻp oʻylantiradigan savollarga javoblar berilgan. Masalan, prezident soʻzi doim bosh harfda yoziladimi? Nom tarkibida agentlik, federatsiya, akademiya kabi soʻzlarni kichik harfda yozish kerakmi?

Videodarsni koʻring va toʻgʻrisini bilib oling.

👉 https://youtu.be/jUy82HTQ5iI

@oriftolib
👍12
​​Universitet – fanlar jamlangan joy

Universitet soʻzining ildizi lotincha universitas litterarum atamasiga borib taqaladi. U barcha fanlar jamlanmasi degan maʼnoni bildiradi. Chunki universitetlar yuzaga kelgan paytda ularda oʻsha zamonda maʼlum boʻlgan barcha fanlar oʻqitilgan. Hozir ham universitetlar keng tarmoqli ekani bilan ajralib turadi. Institutlar odatda bitta yoʻnalishda faoliyat olib borsa, universitetlarda xilma-xil yoʻnalishdagi fakultetlar boʻladi.

Dastlabki universitetlar Italiyaning Bolonya (XI asr), Salerno (XII asr oxirlari), Fransiyaning Parij (1215), Monpelye (1289), Buyuk Britaniyaning Kembrij (1209), Oksford (XII asrning ikkinchi yarmi), Ispaniyaning Salamanka (1218), Portugaliyaning Lissabon (1290) shaharlarida paydo boʻldi. Bular iqtisodiy jihatdan ancha rivojlangan, shaharlari koʻp, savdo va hunarmandchiligi yuqori darajada boʻlgan, madaniyat, falsafa va ilm-fan taraqqiy etgan mamlakatlar edi.

Sharqdagi oliy taʼlim dargohlari Yevropadan oldinroq paydo boʻlgan. Tunisdagi az-Zaytun universitetiga 732 yili asos solingan. Mashhur tarixchi Ibn Xaldun ana shu ilm dargohi bitiruvchisidir. Marokashdagi Qaraviyyin universiteti 859 yili tashkil topgan. Misrdagi dunyoga mashhur al-Azhar universiteti esa 970 yildan faoliyatini boshlagan. Milliy ensiklopediyaga koʻra, Buxorodagi “Forjak” madrasasi Oʻrta Osiyodagi dastlabki oliy ilm dargohlaridandir. U Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida aytib oʻtilgan 937 yilgi yongʻinda zarar koʻrgan. Ushbu madrasaga Islom olamida mashhur faqih Abu Hafs Kabiyr Buxoriy (767–832) asos solgan. Shu bois u koʻplab manbalarda Abu Hafs madrasasi deb ham atalgan. Abu Hafs Kabir madrasasida mashhur muhaddis Imom Buxoriy ham taʼlim olgan.

@oriftolib
👍18
​​Omon qolsang, unutma!

Yaponiyada yuz bergan zilziladan so‘ng qutqaruvchilar bir yosh juvonning uyi oldiga keldilar. Xarobalarni tozalab, uning ostida qolganlarga yordam berish kerak edi. Shu uyda yashaydigan ayolning tanasi bir-biriga suyanib qolgan devorlarning yoriq-darzlaridan ko‘rinib turardi. U g‘alati bir holatda – xuddi ibodat qilayotganday oldinga egilgan, qo‘llari bilan nimanidir bag‘riga bosib olgandi. Uy qulaganda ayolning yelkasi va bosh qismi jarohatlangan, u allaqachon dunyodan ko‘z yumgandi.

Qutqaruvchilar ayol tanasini deyarli ko‘mib yotgan turli siniqlar va parchalarni asta-sekin tozalashdi. U guldor yo‘rgakka o‘ralgan go‘dakni quchoqlab olgandi. Chaqaloq taxminan uch oylik edi. Uy yiqilgan chog‘da ona o‘z jonini fido qilib, bolasini qutqargan ekan.

Guruh boshlig‘i bolakayni qo‘lga olgan payt u hali hech nimadan xabarsiz, tinchgina uxlab yotardi. Go‘dakni tekshirishga kelgan shifokor yo‘rgakni ochib, uning ichida yotgan qo‘l telefonini topib oldi. Telefon ekranida “Omon qolsang, unutma, men seni yaxshi ko‘raman, bolam”, degan xat bor edi.

Hali tanasidagi issiq jonidan, ong-u shuuridan ayrilib ulgurmagan bechora ona qo‘lidagi telefonga bir umrlik vidolashuv va mehr xatini yozib ketibdi. Balki o‘sha oniy lahzalarda u o‘g‘lining chopqillab o‘ynab yurganini, bejirim tuflicha va oppoq ko‘ylakda maktabga borganini, bo‘ydorgina yigitga aylanib jilmayib turganini xayolidan o‘tkazgandir. Cheksiz onalik mehr-muhabbatini ana shu bir og‘iz gapga sig‘dirmoqchi bo‘lgandir.

Qutqaruvchilar telefonni bir-biriga uzatar, onaizorning so‘nggi so‘zlarini o‘qib, ko‘zlarida yosh halqalanardi.


Orif Tolib

“Irfon” taqvimining 2012-yil 4-sonida chop etilgan.
😢62👍19🔥3
Dekan, dekabr, daha – begonalashgan qarindosh soʻzlar

Soʻzlarning ham oʻz kechmishi boʻladi. Baʼzi soʻzlar ajabtovur sarguzashtlarni boshdan kechiradi, turli tasodiflar, kutilmagan oʻzgarishlarga uchraydi. “Yoshlar ovozi” gazetasining 35-sonida tub ildizi oʻn maʼnosiga ega, biroq shakl-u shamoyili, maʼno-mazmuni bir-biridan keskin farq qiladigan soʻzlar haqidagi maqolam eʼlon qilindi.

🔹 Dekan harbiy boʻlganmi?
🔹 Dekabr oʻninchi oy emas-ku?!
🔹 Dekada – oʻn kunlik
🔹 Detsi – oʻnlik qism
🔹 Daha – dekadaning qarindoshi

Gazetaning telegram sahifasi:
👉 @yoshlarovozi

📥 Yuklab olish

@oriftolib
👍23🔥2
👍30🤨4😎1
Sarjin duradgorlar atamasimi?

Bu soʻzga badiiy asarlarda duch kelgan odam u asosan yogʻoch va oʻtin bilan bogʻliq oʻrinlarda qoʻllanganini koʻradi. Biroq sarjin atamasidan faqat duradgor yoki oʻtinchilar foydalanmagan. Bu soʻz – ruscha sajen soʻzining oʻzgargan shakli. Sajen esa slavyancha sag – qadam, odim, yetmoq, yetib bormoq soʻzidan hosil boʻlgan. U uch gazga teng uzunlik oʻlchovini bildirgan. Hozirgi hisobda 2,13 metr.

Milliy ensiklopediyaga koʻra, sarjin 1918-yili xalqaro metrik oʻlchovlar tizimi kiritilgunga qadar ishlatilgan. U hajm oʻlchovi uchun ham qoʻllangan. Masalan, boʻyi uch gaz, eni 0,6–0,75 gaz, balandligi bir yarim gaz qilib terilgan oʻtin yoki urilgan paxsa bir sarjinga teng boʻlgan.

Bugun sarjin soʻzi isteʼmoldan butkul chiqib ketdi. Biroq ellik yil oldin yozilgan badiiy asarlarda ham sarjin soʻziga duch kelish mumkin:

Oʻn-oʻn besh sarjincha pastda hayqirib suv oqmoqda. (D. Nuriy, “Osmon ustuni”).

@oriftolib
👍17
Telegramda oʻtkazgan vaqtingiz siz uchun qadrli boʻlsa, saviyali kanallarni kuzating.

Oʻzingiz uchun foydali nimadir olasiz, asosli fikr-mulohazalar, kerakli maʼlumotlar bilan tanishasiz.

Oʻz mualliflik uslubi va ovoziga ega, foydali kontent taqdim etadigan kanallarni bir jildga toʻpladik. Quyidagi havola orqali ularga aʼzo boʻlishingiz mumkin.

👉 Sara kanallar mana shu havolada.
👍13🤨8
Gaz bir metrga tengmi?

Gaz metrik sistema qabul qilingunga qadar ming yillar davomida amalda boʻlgan oʻlchov birligidir. Gaz soʻzi forschadan oʻzlashgan. Asliyatda taxminan 105 santimetrga teng uzunlik oʻlchovi va shu uzunlikdagi choʻpni anglatgan. Lekin hozirgi Oʻzbekiston hududlarida 0,71 metrga teng boʻlgan. U arshin deb ham atalgan.

Milliy ensiklopediyaga koʻra, gaz 3 xil usulda aniqlangan. Shunga asosan, u bildiradigan uzunlik ham turlicha boʻlgan. Qayerda va nima uchun ishlatilishiga qarab ham qiymati oʻzgargan. Masalan, Xorazmda gaz ikki xil oʻlchovga ega boʻlgan: yer oʻlchash uchun, mato oʻlchash uchun. Yer gazi 49 barmoq uzunligiga teng boʻlgan boʻlsa, mato gazi 28 barmoq uzunligini bildirgan. Hozirgi hisobda yer gazi oʻrtacha 1 metrga, mato gazi esa 58 santimetrga teng.

@oriftolib
👍20🔥3🤨1
​​Dekan harbiy boʻlganmi?

Bugungi tilda dekan oliy oʻquv yurtidagi fakultet rahbarini anglatadi. Bu atama lotincha decanus soʻzidan hosil boʻlgan. U yunoncha dekaga, deka esa qadimgi hind-yevropa tillaridagi dekemoʻn soʻziga borib taqaladi. Ruscha desyat, inglizcha ten, nemischa zehn, latishcha desmit, litvacha dešimt ana shu oʻzakdan oʻsib chiqqan.

Dekan Qadimgi Rim qoʻshinida piyodalar boʻlinmasi boshligʻini anglatgan. Oʻzbekchada oʻnboshi atamasiga mos tushadi. Dekanning qoʻl ostida oʻn nafar askar xizmat oʻtagan, ular bir chodirda yashagan.

Keyinchalik cherkovda oʻn nafar ruhoniyga rahbarlik qiluvchi xodim ham dekan deb atalgan. Oʻrta asrlar Yevropasida hunarmandchilik ustaxonalari rahbari ham dekan nomini olgan.

Universitetlar cherkov maktablaridan ajralib chiqqach, dekan unvoni turli maʼmuriy vazifalar bilan shugʻullanuvchi kishiga nisbatan ishlatila boshlagan.

Oʻzbek tiliga bu soʻz rus taʼlim tizimidan kirib kelgan. Ruschaga esa nemis tilidan oʻtgan. Dekan lavozimi Rossiya universitetlarida 1803-yili taʼsis etilgan.

@oriftolib
👍21😢1🤨1
👍22😢6🤨2
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Tashkilotlar va mansablar nomi imlosi | 1️⃣9️⃣-dars | Oʻzbek tilidan savodxonlik darslari

👉 YouTubeʼda koʻrish

@oriftolib
👍11
Eski chaqaloq ham tugʻiladimi?

Oldi-qochdi kanallarni-ku aytmasa ham boʻladi – imloviy, uslubiy xatolarga toʻla. Ammo axborot tarqatadigan kanallar ham turli xatolardan xoli emas. Mana bittasi:

2023-yilning yanvar-iyul oylarida Toshkent shahri boʻyicha 45 473 ta yangi chaqaloq tugʻilgan.

Tugʻilgan chaqaloq eski yoki yangi boʻlmaydi. Hozirgina tugʻilgan yoki tugʻilganiga koʻp boʻlmagan chaqaloqni ifodalash kerak boʻlsa, yangi tugʻilgan chaqaloq iborasini ishlatish mumkin. Ammo yuqoridagi jumlada yangi soʻzi mutlaqo ortiqcha.

📌 Demak, yuqoridagi jumlani shunday berish zarur:

2023-yilning yanvar-iyul oylarida Toshkent shahri boʻyicha 45 473 ta chaqaloq tugʻilgan.

🔄 Mavzuga aloqador:
🔹 Chaqaloq va goʻdak
🔹 Nafar va -ta

@oriftolib
👍42💯4🔥3😢2🤨1
​​Tanob nega tortiladi?

Tanobini tortib qoʻydi, tanobingni tortaman kabi iboralar qulogʻingizga chalingan boʻlsa kerak-a? Xoʻsh, tanob nima? U nima uchun tortiladi?

Tanob – eski oʻlchov birligi. U uzunlik va maydonni oʻlchashda ishlatilgan. Milliy ensiklopediyaga koʻra, Oʻrta Osiyo, xususan, Oʻzbekiston hududida XVII asrda 39,9 metrga teng uzunlik oʻlchov birligi sifatida qoʻllangan. Tanobdan yuza oʻlchov birligi sifatida ham foydalanilgan. Oʻrta Osiyo xonliklarida u tomonlari 60 gazdan iborat maydonga teng boʻlgan. Hozirgi hisobda 900 kvadrat metrga teng ekin maydoni 1 tanob sanalgan. 12 tanob 1 gektar boʻlgan.

Shoir Muqimiy qalamiga mansub “Tanobchilar” satirasida aynan ana shu maydon oʻlchovi – tanob nazarda tutilgan. Unda odamlarning yerini oʻlchab, soliq hisoblovchi tanobchilarning jabr-zulmi, poraxoʻrligi, bugungi til bilan aytganda “mansabini suiisteʼmol qilishi” tasvirlangan. Shoir asar qahramonlari tilidan shunday deydi:

Manki tanobinggʻa chiqibman kelib,
Xizmatimi yaxshi qilinglar bilib.
Oʻt qoʻyubon kuyduradurgʻon oʻzim,
Hokiming-u oʻlduradurgʻon oʻzim.

Tanobini tortmoq iborasi xuddi shu asosda paydo boʻlgan. Amaldorlar oʻzi yoqtirmagan yoki qasd qilgan kishiga tegishli yerning tanobini oshirib yoki kamaytirib, unga taʼzir bergan. Keyinchalik bu holat iboraga aylanib, maʼnosi oʻzgarib ketgan va boʻlmagʻur, nomaqbul ish-harakatga chek qoʻyish, shunday xatti-harakatdan tiyib qoʻyish maʼnosida qoʻllana boshlagan:

Xoʻjaliklarning badaniga zulukday yopishib olgan mana shunaqa odamlarning tanobini tortish kerak. (A. Qahhor, “Qoʻshchinor chiroqlari”).

@oriftolib
👍19
Dekabr oʻninchi oy emas-ku?!

Bu oy lotinchada December, Decembris deb atalgan. Uning oʻzagi xuddi dekan kabi decemoʻn soʻziga borib taqaladi.

Dekabr oʻninchi oy emas-ku, nega bunday nomlashgan degan savol tugʻilishi mumkin. Qadimgi Rimda yangi yil 1-martdan boshlangan. Shunga koʻra, dekabr yilning oʻninchi oyi sanalgan. Yilboshi yanvarga koʻchirilgach, dekabr yilning oxirgi – oʻn ikkinchi oyiga aylanib qolgan.

Dekabr janubiy yarimsharda yozning, shimoliy yarimsharda esa qishning birinchi oyidir.

@oriftolib
👍30🔥1
Unvonlar qanday yoziladi?

“Ibrat farzandlari” loyihasida savodxonlik boʻyicha navbatdagi dars eʼlon qilindi. Lavhada turli unvonlar, medal va nishonlar nomi qanday yozilishi tushuntirilgan.

👉 https://youtu.be/raX5Wp7w0FI

@oriftolib
👍10