Orif Tolib
11.3K subscribers
1.13K photos
104 videos
8 files
1.94K links
Soʻz. Tahrir. Savodxonlik.

Reklama boʻyicha:
👉 https://is.gd/elonlar

Boshqa sahifalarimiz:
👉 https://taplink.cc/oriftolib

Muallif haqida:
👉 https://oriftolib.uz/?p=575

Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
Download Telegram
Ingliz tilidan tarjima qilingan matnlar tahriridagi oʻziga xosliklar: til iyerarxiyasi va ekvivalentlik

Soʻnggi vaqtlarda asliyatdan, jumladan, ingliz tilidan tarjimalar soni oshdi. Biroq ularning sifati, tahrir darajasi turlicha. Tahrir tarjima matnlar darajasini belgilaydigan, unga bevosita taʼsir qiladigan muhim jarayon boʻlsa-da, bu boʻyicha oʻzbek tilida tadqiqotlar olib borilmagan.

Ingliz tilidan tarjima qilingan matnlar tahriri boʻyicha ilmiy ish olib boryapman. “Oʻzbekistonda xorijiy tillar” jurnalida chop etilgan maqolamda ingliz tilidan oʻgirilgan matn tahririning oʻziga xosliklari, tarjimada til iyerarxiyasining xususiyatlari, ekvivalentlikni taʼminlash masalalari tadqiq qilingan.

Qiziqqanlar tanishib chiqishi mumkin:

👉 https://journal.fledu.uz/uz/ingliz-tilidan-tarjima-qilingan-matnlar-tahriridagi-o%CA%BBziga-xosliklar-til-iyerarxiyasi-va-ekvivalentlik

@oriftolib
👍16🔥9💯1
Noqonuniy brakonyerlar qoʻlga olindi

Izohli lugʻatga koʻra, brakonyerlik – yovvoyi hayvonlarni man qilingan joyda va davrlarda yoki man qilingan qurollar bilan, muayyan ruxsatsiz ovlash yoki yoʻq qilish, noqonuniy ovdir. Oʻzi noqonuniy narsaga yana bu sifatni berish xato, axir brakonyerlikning qonuniysi boʻlmaydi-ku. Ammo amaliyotda bu kabi xatolar uchrab turadi:

Choʻl hududida kiyiklarni noqonuniy ovlagan brakonyerlar qoʻlga olindi.

Nazorat tadbirlari doirasida noqonuniy ov qilgan brakonyerlar qoʻlga olindi.

Yuqoridagi gaplarda noqonuniy soʻzi mutlaqo ortiqcha.

📌 Demak:

Choʻl hududida kiyik ovlagan brakonyerlar qoʻlga olindi.

Nazorat tadbirlari doirasida brakonyerlar qoʻlga olindi.

@oriftolib
👍58
👍41💯12🤨4😱3🔥1
Behi – ayva

Behi
soʻzi fors tilidan kirgan. Asliyatda beh – yaxshi, yoqimli soʻzidan hosil boʻlgan, hidli, yoqimli hidli meva maʼnosiga ega. Izofa orqali yangi maʼno kasb etib, olmalar turkumiga kiruvchi xushboʻy mevani anglatishni boshlagan. Oʻzbekchada raʼnodoshlar oilasiga mansub mevali daraxt va uning yoqimli isli mevasini bildiradi.

Behi soʻzi tilimizga XIV – XV asrlarda kirib kelgan. Bundan oldin turkiy xalqlar bu mevani ayva, avya deb atagan. Mahmud Koshgʻariy “Achigʻ avya tishigʻ qamatti” jumlasini “Nordon behi tishni qamashtirdi” deb izohlaydi. Ayva soʻzi tilimizni Navoiy davridayoq tark etib ulgurgan. Chunki shoir asarlarida undan foydalanmagan, forscha behi soʻzini ishlatgan.

Hozir turk, qozoq, qirgʻiz, ozar, chuvash, yoqut kabi turkiy tillarda, ukrain, rus, belorus kabi slavyan tillarida ayva soʻzi ishlatiladi va behi maʼnosini anglatadi.

@oriftolib
👍50🔥2🤨2
Ortga chekindi: oldga chekinish mumkinmi?

Ortga chekinmoq, orqaga chekinmoq iboralarini qoʻllash juda urfga kirgan. Chekinish orqaga tisarilishni, dushman hujumi natijasida ilgarigi pozitsiyalarni tashlab, orqaga ketishga majbur boʻlishni anglatadi. Soʻzning oʻzida orqaga harakat maʼnosi bor. Shunday ekan, yana ortga, orqaga kabi soʻzlarni tirkash oʻrinsiz. Axir oldinga qarab chekinilmaydi.

Demak:

Dushman qoʻshini Xersondan ortga chekindi.

Dushman qoʻshini Xersondan chekindi.

@oriftolib
👍51🔥9
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
20%
Vos kechmoq
71%
Voz kechmoq
9%
Ikkovi ham toʻgʻri.
🔥15👍11💯4
​​Oʻz, oʻz, oʻz...

Ortiqcha soʻzlarni qoʻllash tarjima tiliga ergashish, kalka tarjima qilish natijasida ham kelib chiqadi. Tarjimon hatto tinish belgilarini qoʻllashda ham asliyatga taqlid qilib qoʻyishi hech gap emas.

Oʻzingizga tasavvur qiling jumlasi ruscha predstavte sebe iborasining kalka tarjimasidir. Oʻzbek tilida oʻzingizga soʻzi mutlaqo ortiqcha. Odam oʻziga tasavvur qilmaydi, toʻgʻridan toʻgʻri tasavvur qiladi. Uning tasavvuri oʻzi uchun, boshqaga emas:

Zarar koʻlamini oʻzingizga tasavvur qiling.

Zarar koʻlamini tasavvur qiling.

Oʻz soʻzi koʻpincha ruschadan tarjima qilingan va shu qolipdagi matnlarda haddan ziyod uchraydi. Hatto oʻzbekcha yozganda ham hamma yoqni “oʻz”lashtirib tashlash odatiy holga aylangan. Bunday oʻrinlarning aksariyatida oʻz soʻzidan bemalol voz kechib yuborish mumkin:

Oʻz fikrini bildirdi, oʻz oilasi bagʻriga qaytdi, oʻz ijodiy ishlarimdan namunalar, oʻz atrofingga nazar tashla, oʻz manzilimizga yetdik – fikrini bildirdi, oilasi bagʻriga qaytdi, ijodiy ishlarimdan namunalar, atrofingga nazar tashla, manzilimizga yetdik.

@oriftolib
👍49💯6🔥1😱1
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
54%
I oʻrin
46%
I-oʻrin
👍34🤨18💯8🔥2
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
24%
Oʻz boshimchalik qildi.
76%
Oʻzboshimchalik qildi.
👍41💯9😱2😢1
​​Kaptar – koʻkarchin

Kaptar
soʻzi – kabutarning tovush oʻzgarishiga uchragan shakli. Manbalarga koʻra, oʻzbek tilida kabutar soʻzi dastlab XIV asr Xorazm yozma manbalarida va Navoiy asarlarida qoʻllangan. U fors tilidan oʻzlashgan, oʻzagi – kabud soʻzi koʻk rangni anglatadi.

Qadimgi turkiy tilda bu qush koʻgurchgun deb atalgan. Keyinchalik koʻkarchin, koʻkbarchin shakllari paydo boʻlgan. Bu soʻz Navoiy asarlarida uchramadi. Demak, u tilimizni juda erta tark etgan.

Koʻkarchin soʻzi hozir turk, tatar, ozarbayjon, boshqird tillarida turli tovush oʻzgarishlari bilan ishlatiladi. Qirgʻiz, qozoq, turkman tillarida ham kaptar, ham koʻkarchin variantlaridan foydalaniladi. Oʻzbek, uygʻur, qoraqalpoq tillarida esa forscha kaptar afzal koʻrilgan.

Oʻzbek tilida bu soʻz Koʻkarchin ismida saqlanib qolgan. Biroq bu nom bugun urfda emas. Baʼzan adabiy asarlarda, koʻproq sheʼriyatda koʻkarchin soʻzi uchrab qoladi. Lekin bu oʻquvchini koʻpincha lugʻat va manba qidirishga majbur qiladi. Chunki uning maʼnosi bugungi kitobxonga tanish emas.

-chin qoʻshimchali boshqa qush nomi – lochin bugungi tilimizda ham ishlatiladi.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, forschada ham, oʻzbekchada ham soʻzning oʻzagida koʻk maʼnosi ifodalangan. Qiziq tomoni, ruscha голубь soʻzining ildizi ham shu maʼnoga ega.

@oriftolib
👍38🤨3😢1
“Bir kallaqand, uch soʻm pul” – filmlardagi nodir soʻzlar, ularning maʼnosi nima?

Baʼzi kamyob soʻz va iboralar kinofilm va multfilmlar sabab xotiramizga muhrlangan. Ularni eshitgan zahotimiz qadrdon kadrlar koʻz oldimizda jonlanadi. “Daryo” nashrining “Tilimizni bilamizmi?” ruknida ana shunday soʻzlarning baʼzilarini izohladim.

✳️ Dandon sopli pichogʻingiz...
✳️ Uyida chaksa uni yoʻgʻ-u...
✳️ Murabbo-chi, qoʻlbola murabbo!...
✳️ Kiroyi kuyaving shundogʻ boʻlsa!
✳️ Bir kallaqand, uch soʻm pul
✳️ Hey, bola, obakidandondan yeb...
✳️ Haftafahm, paytavaquloq, qarol!

👉 https://dy.uz/cHxv0

@oriftolib
👍40💯5🔥4
​​Hamyon – yonchiq

Hamyon forschadan oʻzlashgan. Asliyatda pul solinadigan xaltacha; pul qopchigʻi degan maʼnoni anglatadi. Oʻzbekchada karmon va choʻntak maʼnosida ishlatiladi. Uning sinonimi karmon soʻzi aslida oʻzbekcha ekani haqida oldinroq aytgan edim. Hamyonning unutilgan boshqa bir oʻzbekcha varianti ham bor: yonchiq.

Yonchiq soʻzi ikki xil maʼnoga ega: toʻn, chakmon va shu kabilarning ichki yon tomoniga tikilgan choʻntak; pul solish uchun yonda olib yuriladigan xaltacha, hamyon. Minglab yillar naridan eson-omon kelgan, XX asrda ham qoʻllangan soʻzni bugun ishlatmay qoʻydik hisob:

Hademay elga qahatchilik boʻlgʻay, – dedi qalamtaroshini yonchigʻiga solar ekan. (M. Osim, “Oʻtror”).

Homid yonchigʻini chiqarib, bir qoʻlidan ikkinchi qoʻliga oltinlarni sanab tushira berdi. (A. Qodiriy, “Oʻtgan kunlar”).

Bu soʻz qadimgi turkiy tilda gavdaning oʻng yoki chap tomoni maʼnosini anglatgan yan oti va kichraytirish maʼnosini ifodalovchi -chuq qoʻshimchasi qoʻshilishidan hosil qilingan. “Devonu lugʻatit-turk”da yanchuq soʻzi hamyon; pul solinadigan hamyon deb izohlangan.

@oriftolib
👍30
👍41💯13😱4😢2😎1
Dandon sopli pichogʻingiz...

Shum bola boy otani boplab laqillatgan sahna yodingizdadir-a? Qoravoy boyni yigʻlatgan dahshatli hikoyasini shunday boshlaydi: “Eee, haligi, anuvi... Dandon sopli pichogʻiz bor-u, oʻsha sinib qoldi, oʻshani aytgani keluvdim...”

Xoʻsh, Shum bola qanaqa pichoqni aytyapti? Nima uchun bu pichoq ahamiyatli? Nega bu gapni eshitgan boy ota: “Roʻzgʻorda mening pichogʻimdan boshqa pichoq qurib ketgan ekanmi?” deya asabiylashish tomon qadam tashlaydi?

Dandon soʻzi asli forscha, tish maʼnosiga ega. Biroq bu oʻrinda fil suyagidan yasalgan degan maʼnoni anglatadi. Gap sopi fil suyagidan yasalgan, yaʼni qimmatbaho pichoq haqida ketyapti. Shum bola ana shu qimmatbaho pichoq bilan boyning suyukli tozi iti soʻyilib, terisi shilinganini aytadi va boyning ham asablarini shilishga kirishadi...

@oriftolib
👍67🔥1
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
22%
Tushingan tushindi.
78%
Tushungan tushundi.
👍37💯11😢6😱1🤨1
​​Rassomlar diqqatiga!

Xabaringiz bor, “Daryo” internet nashrida “Tilimizni bilamizmi?” ruknini yuritaman. Shu rukn uchun illyustratsiyalar chizuvchi rassom kerak. Bu ayniqsa shaxsiy brendimni yarataman, koʻzga koʻrinaman degan yosh rassomlar uchun ayni muddao. Chunki ijodiy ishlaringiz katta auditoriyaga ega yirik internet nashrda eʼlon qilinadi.

Talablar

✳️ Masʼuliyat
✳️ Ijodkorlik
✳️ Topqirlik

Illyustratsiyalar “gapiradigan”, maqolaning mazmun-mohiyatini yanada ochib berishga xizmat qiladigan boʻlishi kerak.

Oldin chizilgan illyustratsiyalarni koʻrish uchun baʼzi maqolalarni varaqlashingiz mumkin: 1️⃣-misol, 2️⃣-misol, 3️⃣-misol, 4️⃣-misol.

💵 Eng muhimi haqida

✳️ Ish haqi kelishuv asosida

Agar ishingiz va ish tarzingiz maʼqul tushsa, boshqa ruknlar uchun ham buyurtma berishlari mumkin.

Shartlar toʻgʻri kelgan boʻlsa, mana bu sahifadagi 3️⃣ ta foto oʻrniga illyustratsiya chizing. Soʻng ularni @oriftolib_xatlar_bot manziliga joʻnating. Qoʻshimchasiga ijodiy ishlaringizdan namunalar yoki portfolio kanalingiz manzilini ham ilova qilishingiz mumkin. Maʼqul kelgan variantlarni “Daryo” nashri masʼullariga joʻnataman. Nomzodni oʻzlari tanlab, suhbatga chaqirishadi.

@oriftolib
👍17💯1
Uyida chaksa uni yoʻq: chaksa nima?

“Mahallada duv-duv gap” filmi qahramoni Oyposhsha syurpriz haqida eshitgandan keyin biroz alam, biroz maqtanchoqlik bilan aytgan gap yodingizdadir-a? “Uyida chaksa uni yoʻgʻ-u, tom boshida qoʻsh tandir”.

Bu filmning ssenariysini Abdulla Qahhor tarjima qilib, baʼzi oʻrinlarini deyarli boshqatdan yozib bergan. Shu sababli ham unda xalqona iboralar, tesha tegmagan topildiqlarga koʻp duch kelasiz.

Xoʻsh, chaksa soʻzi nimani anglatadi? Chaksa – qadimgi oʻlchov birligi, u pudning uchdan bir qismiga teng boʻlgan. Bugungi oʻlchovga oʻgirsak, besh yarim kilogrammga toʻgʻri keladi. Demak, Oyposhsha aytgan maqol uyida besh-besh yarim kilo ham uni yoʻq, lekin hovlisiga ikkitadan tandir qurib olgan odamni tasvirlaydi. Gap imkonidan ortiq narsaga urinadigan, holiga yarasha ish qilmaydigan, yaʼni koʻrpasiga qarab oyoq uzatmaydigan kishilar haqida.

@oriftolib
👍81
Xatoni toping

Xabar sarlavhasi:

Toshkentda Salor kanalining oʻzani toshgani sabab mahallalardan birini suv bosdi

Sarlavhada qanday xato bor? Fikringizni izohlarda qoldiring. Xatolik yoʻq boʻlsa, uni ham dalillash mumkin.

@oriftolib
👍20💯4🔥1
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
44%
Salor kanali
56%
“Salor” kanali
👍37💯6🤨4
Murabbo-chi, qoʻlbola murabbo!..

“Uchrashuv” teleminiatyuralarini koʻrmagan oʻzbek tomoshabini topilmasa kerak. Ushbu asardagi ayrim soʻz va iboralar hayotimizga singib ulgurgan.

Filmning bir qismi sarlavhadagi soʻzlar bilan yakuniga yetadi. Unda tomogʻi taqillab, ichkilik dardida yuradigan kishilar va maqtanchoq mezbon kulgiga olingan.

Jumlada qoʻllangan qoʻlbola soʻzi qulogʻimizga tez-tez eshitilib turadi. U bu oʻrinda hafsala qilib, kishining oʻz qoʻli bilan tayyorlangan, pishirilgan degan maʼnolarni anglatadi. Demak, gap konserva zavodida tayyorlangan emas, qoʻlda pishirilgan, asil murabbo haqida.

Qoʻlbola iborasi soʻzlashuvda ham, badiiy adabiyotda ham faol ishlatiladi:

Bugun stipendiya olishgani uchun ikki oʻrtoq qoʻlbola osh qilishmoqchi boʻldi. (Oʻ. Hoshimov, “Qalbingga quloq sol”)

@oriftolib
👍44🔥6
👍27😢10💯7