Hujjat topshirish jarayonlari
22.8K subscribers
159 photos
25 videos
114 files
871 links
🌍 Chet el oliygohlariga hujjat topshirgan o'zbekistonliklardan maslahat, ma'lumot va hujjat namunalari

Murojaat uchun: @GN_Murojaat_bot

👉 Hamkor kanal: @grantlar

Reklama: @gn_work
Download Telegram
Bloklangan hisob raqamni qanday ochaman (Germaniya)?

Germaniya
– koʻplab xalqaro talabalar uchun optimal taʼlim manzillaridan biri. Chunki bu mamlakatning aksariyat davlat universitetlarida oʻqish bepul, talabalar uchun ish topish ham oson va talaba ishlagan holda bemalol barcha xarajatlarini qoplay oladi.

Lekin Germaniyaga talaba vizasi olish uchun qatʼiy bir talab bor – hisobingizda 1 kishi Germaniyada 1 yil yashashi uchun yetarli boʻlgan mablagʻ boʻlishi shart (2021-yil mart oyi holatiga koʻra, bu summa 10 322 yevro).

Va bu mablagʻli bloklangan hisobga oʻtkazishingiz kerak.

Bugun Germaniyaga talaba vizasini olish uchun Fintiba bloklangan hisob raqamni qanday ochish haqida maʼlumot beramiz.

Fintiba nima?

Fintiba Sutor banki bilan hamkorlikda talabalarga bloklangan hisob raqami ochish xizmatini koʻrsatuvchi xizmat.

Nega aynan Fintiba?

Chunki Fintiba orqali bloklangan hisob raqamni onlayn tarzda ochish mumkin. Bu talabalarni qogʻozbozlikdan qutqaradi va vaqtini tejaydi.

Qanday ochiladi?

Demak, Fintiba orqali bloklangan hisob raqam quyidagi tartibda ochiladi:

1. Fintiba saytida bloklangan hisob raqami ochasiz. Bu uchun yaroqli pasportingiz boʻlishi kerak. Saytda hisob raqam boʻyicha barcha tafsilotlar bor. Agar savollaringiz boʻlsa, sayt maʼmuriyati onlayn chat orqali bepul konsultatsiya beradi.

2. Ariza toʻldirish. Bloklangan hisob raqam ochish jarayonini boshlaganda onlayn arizani toʻldirish kerak. Bunda arizaga shaxsiy maʼlumotlarni kiritasiz va pasportingizning skanerlangan nusxasi bilan shaxsingizni tasdiqlaysiz.

Tasdiqlash tugagach, bloklangan hisob raqamingiz ochiladi. Boʻldi, bloklangan hisob raqamga egasiz. Bu jarayon taxminan 10 daqiqa vaqt oladi.

3. Depozit mablagʻ. Endi talab etilgan mablagʻni bank oʻtkazmasi orqali (oʻzbek banklaridan foydalanib oʻtkazsa boʻladi) bloklangan hisobingizga oʻtkazishingiz kerak. Mablagʻning bloklangan hisob raqamingizga kelib tushishi qaysi bankdan oʻtkazganingizga qarab 5 kungacha, baʼzida bundan ham koʻproq vaqt olishi mumkin.

4. Tasdiq xabarini olish. Mablagʻ tushishi bilan Fintiba mablagʻ bloklangan hisob raqamga tushganini tasdiqlovchi email yuboradi va bloklangan hisob raqamingiz faollashadi.

5. Germaniya elchixonasida uchrashuv belgilash. Tasdiq xabarini olgach (yoki undan oldinroq), vizaga hujjatlarni topshirish uchun Germaniya elchixonasida uchrashuv belgilaysiz. Bunda Fintiba yuborgan tasdiq emailini printerdan chiqarib olasiz va boshqa hujjatlar bilan birga elchixonaga topshirasiz. Va boshqa hujjatlaringizda kamchilik boʻlmasa, talaba vizasini qoʻlga kiritasiz!

6. Mablagʻingizdan foydalanish. Germaniyaga borgach, istagan bankingizdan oʻzingiz uchun boshqa bir hisob raqam ochasiz va shu hisob raqamga Fintiba bloklangan hisob raqamidan har oy oʻtkazilib turadigan summani belgilab qoʻyasiz. Bu ham Fintiba veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Fintibaʼning xizmat haqi qancha?

2021-yilning mart oyi holatiga koʻra, Fintiba xizmatidan foydalanishda 89 yevro dastlabki badal toʻlaysiz va keyinchalik har bir oy uchun sizdan 4,9 yevro toʻlov undiriladi.

Qisqa qilib aytganda, kerakli summangiz boʻlsa, bloklangan hisob raqam masalasini hal qilish qiyin emas. ;)

@grantlar_namuna
Mana, Global UGRAD dasturiga qabul ham tugadi. Kimlar bu dasturga topshirdi?
Final Results
15%
Men topshirdim
10%
Tanishim topshirdi
43%
Men ham, tanishim ham topshirmadi
32%
Dasturning qabul talablariga mos emas ekanman
Germaniyada bakalavriat bosqichida oʻqimoqchiman, nimalarni bilishim lozim?

1. Bilishingiz shart boʻlgan eng muhim narsa – Oʻzbekistonda kollej yoki maktabni bitirib, birdan Germaniyada bakalavriatga kira olmaysiz.

Oʻzbekistonda litseyni bitirib, aynan litseydagi mutaxassisligingiz boʻyicha topshirsangiz va litseyda oʻtilgan fanlar Germaniyadagi bakalavriatga mos kelsa, birdan bakalavriatga qabul qilishlari mumkin. Boʻlmasa, litseyni bitirib ham birdan Germaniyada bakalavriatga oʻqishga kira olmaysiz.

Quyida har bir oʻquv yurti boʻyicha alohida toʻxtalamiz. Barcha maʼlumotlar Germaniyaning anabin tizimi maʼlumotlari asosida keltiriladi.

2. Maktab va kollej. 11-yillik maktabni yoki kollejni bitirgach, Germaniyada bakalavriat bosqichiga kirish uchun oldingizda 2 ta variant boʻladi:

A. 2 yil Oʻzbekiston universitetida oʻqib, keyin Germaniya universiteti bakalavriatiga hujjat topshirish.

B. 1 yil oʻzbek universitetida oʻqib, soʻng 1 yil Germaniyada tayyorlov maktabida (Studienkolleg) oʻqib, keyin bakalavriatga topshirish.

Shu 2 variantdan birini qilsangizgina Germaniya oliygohida bakalavriatga hujjat topshira olasiz va 1-kursdan oʻqishni boshlaysiz.

Ayrim tayyorlov maktablari maktab yoki kollejni bitirganlarni ham qabul qiladi (1 yil oʻzbek universitetida bakalavriatni oʻqimasa ham). Lekin bunday holat kam uchraydi va bunaqa variantni topish uchun tayyorlov maktablariga bu haqida soʻrab yozib chiqishingiz kerak boʻladi.

3. Litsey. Litseyni bitirgach, oldingizda 2 ta variant boʻladi:

A. Aynan litseydagi mutaxassisligingiz boʻyicha birdan Germaniyaga bakalavriatga topshirish. Bu qiyin jarayon. Bunda litseyda oʻqigan fanlaringiz Germaniyadagi topshirayotgan bakalavriat kursingizga mos boʻlishi kerak. Agar fanlari toʻgʻri kelmasa, birdan qabul qilmaydi.

B. 1 yil tayyorlov maktabida yoki O'zbekistondagi universitetning bakalavriat bosqichida oʻqib, keyin bakalavriatga topshirishingiz mumkin. Bu variantni topshirmoqchi boʻlgan bakalavriatingizdagi fanlar toʻgʻri kelmaganda yoki litseydagi mutaxassislikdan boshqa mutaxassislikka topshirayotganingizda qoʻllashingiz mumkin.

4. Tayyorlov maktabi (Studienkolleg). Germaniyada taxminan 30 tacha davlatga qarashli tayyorlov maktablari bor. Ularda oʻqish bepul. Lekin har semestrda 100 yevrodan 400 yevrogacha semestr badali toʻlashingiz kerak boʻladi.

Xususiy tayyorlov maktablarida oʻqish uchun 1 yilga 5-10 ming yevro kontrakt toʻlanadi.

Biroq tayyorlov maktablarining deyarli barchasida faqat NEMIS TILIDA oʻqish mumkin. Shu sababli sizdan nemis tilini B1 yoki B2 darajada bilish talab qilinadi.

Ayrim tayyorlov maktablari (xususiylari) ingliz tilida ham oʻqitishi mumkin.

Va davlatga qarashli tayyorlov maktablariga talab katta. 1 ta oʻrin uchun 8-10 kishi bilan raqobat qilishingizga toʻgʻri kelishi mumkin.

Tayyorlov maktablariga ariza topshirish, ularning roʻyxati va ular haqidagi boshqa maʼlumotlar bilan BU YERDA tanishing (nemis tilida).

Va yana bilishingiz lozim boʻlgan narsa – tayyorlov maktabida oʻqish uchun sizga viza berilishi uchun maʼlum mablagʻingiz boʻlishi va uni bloklangan hisob raqamga oʻtkazishingiz kerak. Bu haqida BU YERDA oʻqing.

Tayyorlov maktablar haqida batafsil maqolani BU YERDA (ingliz tilida).

@grantlar_namuna
Stipendium Hungaricum grant dasturi Vengriyada to'liq grant asosida o'qish imkonini beradi. Dasturga hujjatlar joriy yilning yanvar oyigacha qabul qilingan edi.

Grantga hujjat topshirgan nomzodlar ikki bosqichda saralanadi.

1-bosqich. Topshirilgan arizalar O'zbekistondagi Oliy va o'rta-maxsus ta'lim vazirligi tomonidan saralanadi va eng munosiblari grantga nomzodlikka tavsiya etiladi. Bu bosqichda saralash nomzod topshirgan hujjatlar, jumladan, insho, baholari, tavsiyanoma va boshqa natijalari asosida bo'ladi.

2-bosqich. O'zbekistondan tavsiya etilgan nomzodlarning hujjatlari nomzod arizasida tanlangan universitetlarga yuboriladi. Bu bosqichda nomzodlar universitet tomonidan belgilangan test sinovi yoki suhbatdan o'tadi. Natijalar suhbat yoki imtihon javoblari asosida bo'ladi.

Shu dasturga hujjat topshirishda @grantlar_namuna jamoasidan bevosita maslahat va ko'mak olgan nomzodlarning (5 nafardan) 4 nafari 1-bosqichdan muvaffaqiyatli o'tdi. Bugun ulardan biri topshirgan insho bilan tanishasiz. Nomzod tibbiyot yo'nalishida magistratura kursiga hujjat topshirgan edi.

@grantlar_namuna
stipendium_hungaricum_essay.pdf
107.5 KB
Stipendium Hungaricum grantiga hujjat topshirib, saralashning birinchi bosqichidan o'tgan nomzodning inshosi (Personal Statement).

Eslatma: Inshodan o'rganish maqsadida foydalaning. Inshoni o'ziniki sifatida topshirish arizaning rad etilishiga olib keladi!


@grantlar_namuna
Hozirda dunyoning eng nufuzli grantlaridan biri – AQSHda toʻliq grant asosida magistraturada oʻqish uchun moʻljallangan Fulbright dasturiga arizalar qabul qilinmoqda.

Bugun shu dastur boʻyicha eng koʻp beriladigan savollarning baʼzilari javob berib oʻtamiz.

1. Yosh chegarasi bormi?
Yoʻq, yosh chegarasi belgilanmagan. Talablarga javob bersangiz, necha yosh boʻlsangiz ham hujjat topshirishingiz mumkin.

2. Hozir Oʻzbekistondan boshqa davlatda oʻqiyapman/ishlayapman. Men ham topshira olamanmi?
Yoʻq. topshira olmaysiz. Topshira olishingiz uchun qabul va saralash jarayonida Oʻzbekistonda istiqomat qilishingiz kerak.

3. Yiliga nechta nomzod topshiradi va nechta nomzodga grant beriladi?
Har yili Oʻzbekistondan oʻrtacha 130-150 nafar nomzod ariza topshiradi va shulardan 2-4 nafariga grant beriladi.

4. Men bu yil bakalavrlik bosqichini tugataman. Qabul tugaguncha diplomimni ololmas ekanman. Shunda ham topshira olamanmi?
Yoʻq, topshira olmaysiz. Nomzod bakalavriatni tugatgan va diplomni olib boʻlgan boʻlishi lozim.

5. Oʻzim Oʻzbekiston fuqarosiman, lekin bakalavrlik diplomini boshqa davlatda joylashgan universitetda oʻqib, olganman. Shunda ham topshira olamanmi?
Ha, topshira olasiz. 4 yillik taʼlim orqali beriladigan bakalavrlik diplomi yoki unga ekvivalent diplomingiz boʻlsa, shu yetarli.

6. Hozir magistraturada oʻqiyapman. Men ham topshira olamanmi?
Ha, topshira olasiz. Boshqa shartlarga javob bersangiz boʻldi.

7. Men magistraturani tugatganman, topshira olamanmi?
Ha, topshira olasiz.

8. Topshirish uchun minimal GPA (baholarning oʻrtachasi) belgilanganmi?
Yoʻq, belgilanmagan. Baholaringiz qanday boʻlishidan qatʼi nazar, dasturga topshira olasiz. Boshqa talablarga mos boʻlsangiz boʻldi.

9. Litsey/kollejdagi baholarimni ham topshirishim kerakmi?
Yoʻq, topshirmaysiz. Litsey/kollejdan keyingi diplom(lar) va baholaringizni topshirasiz, xolos.

10. Ariza va hujjatlarimni qogʻoz shaklida pochtadan yuborsam boʻladimi?
Yoʻq, faqat onlayn tarzda topshirish mumkin.

11. Topshirayotgan paytim TOEFL yoki boshqa xalqaro sertifikatim boʻlishi shartmi?
Yoʻq, shart emas (lekin bor boʻlsa, topshirasiz). Keyingi bosqichlarda bunday testlarni topshirsangiz ham boʻladi. Keyingi bosqichlarga oʻtsangiz, bunday testlarni topshirish xarajatlari ham qoplab beriladi.

12. IELTS sertifikatim bor, shuni topshirsam boʻladimi?
Yoʻq, boʻlmaydi. Aynan TOEFL sertifikat kerak.

MUHIM: Fulbright dasturga topshira olishi uchun nomzod 2 yillik ish tajribasiga ega boʻlishi lozim.

Qolgan savollar va ularning javoblari bilan BU YERDA tanishsangiz boʻladi.

Shuningdek, savollaringizni kommentda qoldirsangiz ham bo'ladi, bilsak, albatta, javob beramiz.

Fulbright dasturi haqida BU YERDA batafsil tanishing.

@grantlar_namuna
top-1000-2021.pdf
3.2 MB
2021-yil uchun diplomlari toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadigan xorijiy OTMlar roʻyxati tasdiqlandi

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining qoʻshma qarori bilan xalqaro tan olingan QS, THE, ARWU tashkilotlari tomonidan eʼlon qilingan OTMlar reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatiga kiritilgan oliy taʼlim muassasalarining 2021-yil uchun roʻyxati tasdiqlandi.

Mazkur roʻyxatga kiritilgan xorijiy OTMlarda olingan diplomlar toʻgʻridan-toʻgʻri (maxsus sinovlarsiz) tan olinadi.

Ushbu universitetlarning toʻliq roʻyxati yuqoridagi PDF faylni yuklab olish orqali tanishishingiz mumkin.

@grantlar_namuna
2021-yilda qoʻshni davlatlar va Rossiya universitetlaridan qaysilarining diplomlari toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi?

Bu savolga har bir davlat kesimida javob berib oʻtamiz.

Rossiya

2019-yilda Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi va O‘zbekiston o‘rtasida diplomlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Va bu kelishuv hamon kuchda.

Demak, tegishli akkreditatsiyaga ega Rossiya OTMlarining diplomlari, mazkur OTMLarning dunyodagi top universitetlari roʻyxatidagi oʻrnidan qatʼi nazar, Oʻzbekistonda toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi.

Qozogʻiston

2021-yil uchun diplomlari toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadigan xorijiy OTMlarning tasdiqlangan roʻyxatiga koʻra, Oʻzbekiston diplomi toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadigan 10 ta OTM bor. Bular

1. Al-Farabi Kazakh National University
2. L.N. Gumilyov Eurasian National University (ENU)
3. Auezov South Kazakhstan University (SKU)
4. Satbayev University
5. Kazakh National Agrarian University KazNAU
6. Abai Kazakh National Pedagogical University
7. Kazakh-British Technical University
8. NJSC KIMEP University
9. Karaganda State Technical University
10. Kazakh Ablai Khan University of International Relations
and World Languages

Eslatma: Bu roʻyxat faqat 2021-yil uchun amal qiladi. Keyingi yillarda oʻzgarishi mumkin.

Boshqa qoʻshni davlatlar

Yuqorida tilga olingan roʻyxatda birorta ham Tojikiston, Qirgʻiziston yoki Turkmaniston universitetlari joy olmagan.

Demak, bu davlatlardagi universitetlardan olingan diplomlar Oʻzbekistonda toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinmaydi va bu diplomlar tan olinishi uchun diplom egasi tegishli tartibda test topshirishi hamda undan muvaffaqiyatli oʻtishi kerak boʻladi.

2021-yilda diplomlari toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadigan barcha xorijiy OTMlarning toʻliq roʻyxati bilan BU YERDA tanishing.

@grantlar_namuna
1 hafta oldin bu yil kimlarning Global UGRAD dasturga hujjat topshirgani boʻyicha soʻrovnoma joylagandik. Soʻrovnoma bugun yopildi.

Soʻrovnoma natijasiga koʻra, soʻrovnoma ishtirokchilarining 502 nafari dasturga ariza topshirgan, 352 nafarining esa tanishi ushbu dasturga hujjat topshirgan.

Demak, soʻrovnomada qatnashganlarning taxminan 600-650 nafari UGRAD dasturiga hujjat topshirgan, deb xulosa qilsak boʻladi (post oxiridagi izohga qarang).

Bu yil ham dasturga 6-7 kishi qabul qilinsa, 1 ta oʻrin uchun o'rtacha 100 kishi kurash olib borarkan – raqobat juda kuchli.

Hujjat topshirganlarga omad tilaymiz!

Izoh: 502+352=854 boʻladi-ku, deyapsizmi? Toʻgʻri, raqamlar shunday boʻladi. Lekin, tanishim topshirdi degan 352 kishining maʼlum qismi oʻzi topshirdim degan 502 kishining muayyan qismini nazarda tutgan boʻlishi mumkin. Shuni hisobiga 600-650 kishi deb olindi. :)

@grantlar_namuna
Kecha Grantlar.uz saytiga Au Pair (Germaniya) dasturi haqida shu dasturda ishtirok etgan hamyurtimiz bilan batafsil suhbat joylangandi.

Bugun mazkur dasturga topshiriladigan ayrim hujjatlarning namunalarini eʼtiboringizga havola qilamiz.

Quyida ushbu hujjatlar bilan tanishishingiz mumkin:

👉 Au Pair dasturi ishtirokchisining mezbon oilaga yozgan xati

👉 Dasturga topshiriladigan ariza namunasi

👉 Dasturga topshiriladigan tavsiyanoma shakli

👉 Dasturga topshirilgan tibbiy maʼlumotnoma shakli

👉 Dasturga topshirilgan til bilish darajasi haqidagi anketa

Eslatma: Au Pair shartnomasi qaysi nemis agentligi orqali tuzilayotganiga qarab, hujjatlar tarkibi va shakli biroz farq qilishi mumkin.

Au Pair dasturida qatnashgan hamyurtimiz Au Pair shartnomasini Germaniyaning VIJ agentligi orqali tuzgan va yuqorida sanalgan hujjat shakllari VIJ agentligiga tegishli.

OGOHLANTIRISH: hujjatlardan faqat namuna sifatida foydalaning. Ularni ko’chirib, o’z hujjatlari sifatida topshirish plagiarizm hisoblanadi va arizaning rad etilishiga olib keladi!

Au Pair dasturi haqida BU YERDA batafsil maʼlumot olishingiz mumkin.

@grantlar_namuna
Germaniyada Au Pair dasturini oʻtagan hamyurtimizning dasturga qabul qilinishidan oldin oilaga yozgan xati.

👉 XATNI KOʻRISH 👈

@grantlar_namuna
bewerbung_incoming.pdf
122.6 KB
Au Pair dasturiga qatnashish uchun nemis agentligiga topshiriladigan ariza shakli

ESLATMA:
Au Pair shartnomasi qaysi nemis agentligi orqali tuzilayotganiga qarab, ariza shakli biroz farq qilishi mumkin.

Mazkur ariza shakli Germaniyaning VIJ agentligiga tegishli va ariza toʻldirilmagan holda keltirilgan. Koʻrib, ariza qanday boʻlishi haqida tasavvurga ega boʻlishingiz mumkin.

@grantlar_namuna
referenz_kinderbetreuung.pdf
108.4 KB
Au Pair dasturiga qatnashish uchun topshirilgan tavsiyanoma shakli

ESLATMA:
Au Pair shartnomasi qaysi nemis agentligi orqali tuzilayotganiga qarab, hujjat shakli biroz farq qilishi mumkin.

Mazkur tavsiyanoma shakli Germaniyaning VIJ agentligiga tegishli va ariza toʻldirilmagan holda keltirilgan. Koʻrib, ariza qanday boʻlishi haqida tasavvurga ega boʻlishingiz mumkin.

@grantlar_namuna
aerztliches_attest.pdf
128 KB
Au Pair dasturiga qatnashish uchun topshirilgan tibbiy maʼlumotnoma shakli

ESLATMA:
Au Pair shartnomasi qaysi nemis agentligi orqali tuzilayotganiga qarab, hujjat shakli biroz farq qilishi mumkin.

Mazkur tibbiy maʼlumotnoma shakli Germaniyaning VIJ agentligiga tegishli va ariza toʻldirilmagan holda keltirilgan. Koʻrib, ariza qanday boʻlishi haqida tasavvurga ega boʻlishingiz mumkin.

@grantlar_namuna
sprachnachweis.pdf
86.9 KB
Au Pair dasturiga qatnashish uchun topshirilgan til bilish darajasi haqidagi anketa

ESLATMA:
Au Pair shartnomasi qaysi nemis agentligi orqali tuzilayotganiga qarab, hujjat shakli biroz farq qilishi mumkin.

Mazkur anketa Germaniyaning VIJ agentligiga tegishli va ariza toʻldirilmagan holda keltirilgan. Koʻrib, ariza qanday boʻlishi haqida tasavvurga ega boʻlishingiz mumkin.

@grantlar_namuna
Hozirga qadar dunyoning turli davlatlaridagi oʻqish bepul boʻlgan 20 ga yaqin universitetlar haqida postlar tayyorlaganmiz.

Baʼzi mushtariylar “Bu universitetlarga chindan kirsa boʻladimi oʻzi?” deb ham soʻrashyapti.

Ha, albatta kirsa boʻladi. Oʻqish bepul boʻlgan universitetlarda koʻplab oʻzbek talabalar tahsil olgan va olmoqda.

Ularning baʼzilari bilan Grantlar.uz jamoasi suhbat ham qilgan.

Quyida oʻqish bepul universitetlarda tahsil olgan/olayotgan hamyurtlarimiz bilan boʻlgan suhbatlarni oʻqishingiz mumkin:

👉 Berea kollejida (AQSH) oʻqiyotgan talaba bilan suhbat
👉 Berea kolleji haqida

👉 NTNU universitetida (Norvegiya) oʻqiyotgan talaba bilan suhbat
👉 NTNU universiteti haqida

👉 Erlangen-Nyurenberg universitetida (Germaniya) oʻqiyotgan talaba bilan suhbat
👉 Erlangen-Nyurenberg universiteti haqida

👉 Bamberg universitetida (Germaniya) oʻqiyotgan talaba bilan suhbat
👉 Bamberg universiteti haqida

👉
Zigen universitetida (Germaniya) tahsil olayotgan hamyurtimiz bilan suhbat
👉 Zigen universiteti haqida

Hozirda oʻqish bepul universitetlarning baʼzilariga arizalar qabul qilinmoqda, baʼzilariga esa qabul endi boshlanadi. Talablarga mos boʻlsangiz, siz ham topshirishingiz mumkin.

@grantlar_namuna
Bugun Vengriyada doktorantura (PhD) kursida o'qish uchun to'liq grant yutib olgan o'zbekistonlik talabaning hujjatlari bilan tanishasiz.

👉 Talaba inshosi (Motivation Letter)

👉 Talabaga berilgan tavsiyanoma (Letter of Recommendation)

Talaba Stipendium Hungaricum grantini yutib, Vengriyaning University of Szeged universitetida tahsil olmoqda.

@grantlar_namuna
Vengriyada PhD kursida o'qiyotgan talabaning inshosi (motivation letter).

Eslatma: inshodan faqat o'rganish maqsadida foydalaning. Inshoni o'ziniki sifatida dasturlarga topshirish plagiarizm hisoblanadi, maxsus dastur orqali aniqlanadi va arizaning rad etilishiga olib keladi.

@grantlar_namuna
Vengriyada PhD kursida o'qiyotgan talabaning o'qituvchisi tomonidan yozilgan tavsiyanoma (letter of recommendation).

@grantlar_namuna
​​Oʻqishimni xorijiy universitetga koʻchirsam boʻladimi?

Oʻzbekistonda bakalavriatda oʻqiyotgan koʻplab talabalarni oʻqishimni xorijiy universitetga koʻchirsam boʻladimi degan savol qiynaydi. Bugun shu masalaga toʻxtalamiz.

Umumiy javob: Ha, koʻchirsangiz boʻladi. Deyarli barcha davlatlardagi koʻplab universitetlar boshqa davlat talabalarini “transfer student” (oʻqishni koʻchirgan talaba) sifatida qabul qiladi. Albatta, bunda nomzod oʻqishni koʻchirish talablariga mos boʻlishi kerak.

Lekin:

1. Ayrim universitetlar transfer talaba qabul qilmasligi mumkin.

2. Har bir davlat (universitet)da oʻqishni koʻchirish talablari bor. Oʻzbekistonlik talabalar bu talablarga baʼzida javob bermasligi mumkin.

Oʻqishni koʻchirish masalasini kim hal qiladi?

Buni oʻqishingizni koʻchirmoqchi boʻlgan xorijiy universitet hal qiladi (davlatda belgilangan taʼlimga oid qonun-qoidalar asosida). Shu sababli oʻqishingizni xorij oliygohiga koʻchirmoqchi boʻlsangiz, avvalo oʻsha universitetning oʻziga murojaat qilishingiz kerak.

Oʻqishni koʻchirish shartlarini qanday bilsam boʻladi?

Aksariyat universitetlar veb-saytida oʻqishni koʻchirish haqida maʼlumot boʻladi. Shu maʼlumotni topib, oʻqib chiqish kerak.

Maʼlumotlarni oʻqigandan keyin ham savollaringiz boʻlsa, universitetga email yozish orqali soʻrab olsangiz boʻladi.

Agar universitet saytidan oʻqishni koʻchirish haqida maʼlumot topa olmasangiz, universitet emailiga oʻqishingizni shu universitetga koʻchirmoqchi ekaningizni aytib, buning tartib-qoidalari qanday boʻlishi soʻrab yozib yuborishingiz mumkin.

Misol bilan tushuntiring?

AQSHda joylashgan Clark universitetini misol sifatida olamiz (nufuzli universitet, THE roʻyxatida 401-500-oʻrin).

Avval saytiga kiramiz. Saytdan “Admissions” boʻlimiga sichqonchani olib boramiz. Oʻngda qoʻshimcha boʻlimlar ochiladi (quyidagi suratda koʻrsatilgan). Ulardan “Transfer Student Admissions” boʻlimini tanlaymiz.

Boʻlimda xalqaro talabalar ham Clark universitetiga oʻqishini koʻchira olishi aytilgan. Va boshqa kerakli maʼlumotlar berilgan.

Shu maʼlumotlarni oʻqib chiqib, tushunmagan yerlarimiz boʻlsa, sahifa ostdagi emailga xabar yozib soʻrab olsak boʻladi. Soʻng kerakli hujjatlarni topshirish harakati boshlay olamiz.

Maʼlumot topish har doim ham oson emas

Clark universitetida oʻqishni koʻchirish maʼlumotlarini osongina topdik. Lekin ayrim universitet saytlarida bunday maʼlumotni topish oson kechmasligi mumkin.

Oʻqishni koʻchirish haqidagi maʼlumotni topish uchun boʻlimlarni sabr bilan qarab chiqishga toʻgʻri kelishi mumkin.

Agar tezroq topmoqchi boʻlsangiz, universitet saytidagi qidiruv (Search) maydoniga “Transfer”, “Transfer student” yoki shunga oʻxshash jumlalarni kiritib, qidirib koʻrishingiz mumkin.

Oʻqishni koʻchirish uchun grantlar bormi?

Ha, bor.
Lekin oʻqishni koʻchirayotganlar uchun barcha universitet ham grant taklif qilavermaydi.

Shuningdek, oʻqishni koʻchirish uchun mavjud grantlarning koʻpchiligi qisman grant boʻladi. Toʻliq grant nisbatan kam uchraydi.

Oʻqishni koʻchirish uchun grantlar mavjud yoki yoʻqligini universitetning “Financial Aid and Scholarships” yoki shunga oʻxshash nomdagi boʻlimidan yoxud oʻqishni koʻchirishga oid sahifasidan topish mumkin.

Masalan, Clark universiteti ham oʻqishni koʻchirish uchun grantlar taklif qiladi. Bu haqida transfer sahifasida ham, “Cost and Financial Aid” boʻlimida ham maʼlumot berilgan (Admissions > Cost and Financial Aid > International Students).

Lekin Clark universitetida grantlarning aniq miqdorlari koʻrsatilmagan ekan. Buni email yozish orqali aniqlab olishingiz mumkin.

Oʻqishni koʻchirish uchun toʻliq grant ajratadigan oliygohlarga Tokio universitetini misol qilib keltirish mumkin. Bu haqida batafsil BU YERDA oʻqing.

Demak, talablarga javob bersangiz, oʻqishingizni xorijiy davlat universitetlariga koʻchirishingiz mumkin.

Eslatma: Ayrim davlatlar yoki universitetlar xalqaro talabalarni “Transfer Student” sifatida qabul qilmasligi mumkin.

@grantlar_namuna