Vashington kundaligi
4.04K subscribers
542 photos
184 videos
4 files
800 links
Amerikada yashovchi jurnalist, yozuvchi va dasturchi Behzod Mamadievning kundaligi
Download Telegram
Bugundan boshlab O'zbekistonga borish uchun koronavirusga qarshi test topshirish yoki vaksina kartasiga ega bo'lish shart emas.

AQSh ham 12-iyundan boshlab AQShga kirish uchun manfiy test natijasini ko'rsatish majburiyati bekor qilinganini e'lon qildi.

O'zbekiston AQShdan oldinda. 🙂

@bmamadiev
"M1" chipli "MacBook Air" laptopim yetib keldi. Yangi chipga asoslangan laptoplar ilk bor (2020) taqdim etilganda, kompyuter muhandislari ishlatadigan ba'zi dasturlar bilan bog'liq muammolar mavjudligi o'rtaga chiqqan edi.

Ya'ni, ayrim dasturlar yangi chipga hali moslashmagani bilinib qoldi. Oradan ikki yil o'tdi, bu kamchiliklarning aksariyati tuzatildi. Menimcha, endi bu muammolar mavjud bo'lmasa kerak.

Men ham bu kompyuterni, asosan, dasturlash uchun ishlataman. "Java" dasturlash tilini o'rganayotganim haqida avvalroq yozgan edim.

Ekrani sal kichikroq ekanini hisobga olmasam, hozircha shikoyatlar yo'q.

@bmamadiev
Muhtojlarga shakar qanday yetkazilishi kerak?

O'zbekistonda shakar yetishmovchiligi tufayli arzon shakar ustida ur-yiqitlar bo'layotgani haqida videolar chiqibdi.

Davlat kam ta'minlangan aholi uchun arzon shakar, go'sht, yog' kabi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishga harakat qilayotgani ijobiy holat. Ammo buni amalga oshirish uslubi xato.

Tadbirkorlarni majburlash yoki subsidiya orqali tovarlar narxini arzonlashtirish hech qachon ko'zlangan natijani bermaydi. Bunday arzon tovarlar tez tugab ketadi yoki haqiqatda unga muhtoj bo'lmaganlar qo'liga o'tadi. Natijada haqiqiy ehtiyojmandlar ulardan foydalana olmaydi.

AQShda bu masala qanday yo'lga qo'yilgan?

Bu yerda ham qashshoqlar bor. Davlat federal qashshoqlik darajasida yoki undan past daromadga ega oilalar uchun "Food Stamps" degan dastur joriy etgan. Buni oziq-ovqat taloni desa ham bo'ladi.

Oilalar qo'liga oddiy plastik kartochkaga o'xshagan maxsus kartochka beriladi va har oy unga ma'lum miqdorda pul tushib turadi. Bu pulni faqat ma'lum bir turdagi oziq-ovqat uchungina ishlatish mumkin, ya'ni boshqa maqsadlar uchun ishlata olmaysiz.

Shu yo'l bilan ular bu dasturda qatnashuvchi istalgan do'kondan yoki bozordan o'zlariga kerakli oziq-ovqatni sotib olishlari mumkin. Davlat narxlarni arzonlashtirib, yoki subsidiya berib tadbirkorni qiynab o'tirmaydi.

Xullas, davlat bozordagi narxlarga hech qanday yo'l bilan aralashmaydi, balki odamlarning qo'liga pul beradi. Ular shu pulga xohlagan payt, xohlagan narsasini sotib olishi mumkin.

@bmamadiev
AQSh Markaziy banki inflyatsiyaga qarshi kurash maqsadida moliyalash stavkasini 0,75 foiz darajasida oshirdi. Bu oxirgi 28 yil ichida yuz bergan eng katta o’sish ekani aytilmoqda.

Shu bilan AQShda Markaziy bankning moliyalash stavkasi 1,5 - 1,75 foizga yetdi.

@bmamadiev
Uydagi yangi ish stolim. $1796 dollarga tushdi.

MacBook Air - $1549;
32" monitor - $211;
Klaviatura - $22;
Klaviatura va sichqoncha uchun gilamcha - $14.

Bu narxga laptopni monitorga ulovchi USB-C Multiport Adaptor va sichqoncha (avvalroq olingan) qo'shilmagan.

@bmamadiev
AQShda qora tanli amerikaliklarning o'ziga xos madaniyati bor. Bu yerda yashayotganimga 10 yildan oshibdiki, ba'zan ularni haligacha yaxshi tushunmayman. 🙂

Velosipediga yoki yelkasiga katta magnitafonni qo'ndirib olgancha jamoat joyida baland ovozda musiqa tinglab yurishadi. Metro yoki avtobusga ham shunday kirib ketishaveradi. 5-6 o'rindiq naridagi yana bir qoravoy bu musiqaga jo'r bo'lib, o'rnidan turib o'ynab ketsa, ajablanmang. Ya'ni ular buni normal qabul qilishadi. Jamoat tartibini buzyapsan, boshqalarni bezovta qilyapsan, degan fikr, menimcha, ularda yo'q.

Kiyinish madaniyati ham alohida mavzu. Shim, sal mubolag'a bilan aytganda, tizzaga yaqin joyda osilib turadi. U qanday ilinib turganiga hayron qolaman.

Bo'yinda, albatta, katta va qalin sariq rangli zanjir; boshda, odatda qanaqadir stikerlar yopishtirilgan soyabonli shapka bo'ladi.

Metroga kirish va chiqishda bilet olmasdan, bir sakrab turniketdan o'tib ketadiganlarni ko'p ko'raman. Negadir, o'sha yerda o'tiradigan metro xodimi ham indamaydi. Ular ham, odatda, qoralardan bo'ladi.

Ularning tilida o'ziga xos kuchli aksent va jargon so'zlar bor. Bir eshitishda kimligini bilasiz.

Bu yozganlarim bilan Amerikadagi qora tanlilarni salbiy obrazda tasvirlash fikridan yiroqman. Rangini hisobga olmasa, na kiyinishida, na tilida va na madaniyatida oq tanlilardan umuman farq qilmaydigan qoralar ham juda ko'p.

Lekin men yuqorida tilgan olgan holatlarga mansub alohida toifa ham bor. Bu, menimcha, ularning o'ziga xos madaniyatidan. Ikki-uch asr o'tgan bo'lsa ham, oq tanlilar bilan aralashmagan, ularning madaniyat va hayot tarzini qabul qilmagan qoralar Amerikada juda ko'p.

@bmamadiev
Kecha AQShda otalar kuni nishonlandi. Kichkina qizimdan olgan sovg’am. 🙂

@bmamadiev
AQSh, Tramp va demokratiya

AQSh Kongressi Vakillar palatasida o'tgan yili 6-yanvarda yuz bergan g'alayonga oid tinglov ketyapti. Maqsad g'alayonga o'sha paytdagi prezident Donald Trampning qanchalik aloqadorligini aniqlash.

Yodingizda bo'lsa, 2021-yil 6-yanvar kuni Kongress AQSh prezidentlik saylovida g'olib chiqqan Jo Baydan g'alabasini rasman tasdiqlash uchun yig'ilganda Donald Trampning ashaddiy tarafdorlari Kongress binosiga hujum qilib, hamma yoqni ostin-ustun qilgan edi.

Keyinroq ma'lum bo'ldiki, Tramp dalillar yo'qligini bilaturib saylovda firibgarliklar yuz berganini da'vo qilgan va tarafdorlarini Kongress binosiga qarab yurishga undagan.

Tinglovlardan yana shuni bildikki, Tramp o'z qo'li ostidagi vazirlari va bir necha shtatning gubernatorlari hamda qonunchilari yordamida saylov natijalarini bekor qilishga, prezidentlikni o'zida saqlab qolishga uringan. Sodda qilib aytganda, avtoritar va diktatura rejimlarida yuz beradigan holatga yaqin uslubda hokimiyatda noqonuniy qolishga uringan.

Eng qizig'i va mening diqqatimni tortgan jihat shuki, saylov natijasini bekor qilish masalasiga kelganda Trampga uning qo'li ostidagilar itoat qilmagan. Masalan, Trampning ashaddiy tarafdori bo'lgan va Tramp tomonidan Adliya vaziri etib tayinlagan Uilyam Bar saylovda firibgarliklar bo'lgani haqidagi da'voni rad etgan va Trampga o'zi xohlagandek hisobot bermagan. Natijada Tramp g'azablanib, uni ishdan bo'shatgan. Tramp o'zining o'ng qo'li, vitse-prezident Mayk Pensdan ham saylov natijalarini bekor qilishni so'ragan; chunki Kongressdagi saylov natijalarini tasdiqlash jarayoniga Pens boshchilik qilishi kerak bo'lgan. Pens bunday qila olmasligini, bunga vakolati yo'qligini aytib, Tramp talabini rad etgan va u ham Trampning qahriga uchragan.

Trampning boshqa yaqin maslahatchilari va huquqshunoslari ham saylovda u yutqazganini, firibgarliklarga oid dalillar yo'qligini aytishiga qaramay, Tramp o'z yolg'onlarini yoyishda davom etgan va bu 6-yanvar kuni zo'ravon qozg'olonning yuz berishiga sabab bo'lgan.

Tramp Arizona va Jorjiya shtatlarining respublikachi gubernatorlari va qonunchilariga ham bosim o'tkazib, bu shtatlardagi saylov natijalarini bekor qilishga chaqirgan. Lekin ular firibgarliklar yuz berganiga oid dalillar yo'qligini aytib, uning buyrug'ini bajarmagan.

Xullas, aytmoqchi bo'lgan xulosam shuki, yuqorida tilga olingan rasmiylar qanchalik Trampning tarafdori bo'lishiga qaramay yoki uning partiyasiga mansub bo'lsa ham, noqonuniy ish buyurilganda, prezidentga bo'ysunishdan bosh tortgan. Ehtimol shuning uchun ham bu mamlakatda demokratiya mavjud va hanuz saqlanib qolgandir.

Tasavvur qiling, agar prezident qo'li ostidagilar yuqoridan kelgan buyruqni so'zsiz bajarganda va ma'lumotlarni soxtalashtirganda nimalar yuz berishi mumkin edi? Yoki armiya Tramp buyrug'i bilan Kongressni qo'lga olganda; favqulodda holat e'lon qilinib, saylov natijalari bekor qilinganda, natija qanday tugashi mumkin edi? Hatto AQShdek qudratli demokratik davlatda ham voqealar kutilmagan tus olishi mumkinligiga guvoh bo'ldik.

Ammo Tramp ma'muriyatida ishlagan va Trampga sadoqatli sifatida ko'rilgan ko'plab rasmiylar Trampning noqonuniy buyrug'ini bajarishdan bosh tortdi. Ular Bayden g'alabasini qanchalik yomon ko'rmasin, Trampning g'olib chiqishini qanchalik xohlagan bo'lmasin, oxirida prezident Trampga emas, qonunga itoat qilishni lozim topdi.

Xullas, qonun ustuvor davlatlarda sadoqat prezidentga yoki hukumat rahbariga emas, balki Konstitusiyaga, qonunlarga bo'ladi. Vazirlar prezident siyosatini, u oldinga qo'ygan vazifalarni bajarishga mas'ul, ammo prezident noqonuniy ish qilishni buyursa, unga bo'ysunishmaydi.

Haqiqiy demokratiya va haqiqiy qonun ustuvor jamiyat shunday bo'ladi. Shunda bir shaxsning talab va takliflari bilan butun boshli konstitutsiyalar o'zgarib ketmaydi; yagona shaxsda paydo bo'lgan noqonuniy istakni amalga oshirish uchun qandaydir huquqiy innovatsiyalar o'ylab topilmaydi.

P.S.: Aytgancha, tinglov ortidan Donald Trampga qarshi jinoiy ish ochilishi ehtimoli yo'q emas.

@bmamadiev
AQSh Oliy sudi ayollarning abort qilish huquqini himoya qiluvchi 1973-yilgi Oliy sud qarorini bekor qildi. Oliy sudning yangi qaroriga ko'ra, ayollarning abort huquqi konstitutsiyada tilga olinmagan va shu bois bu masalani hal qilish shtatlarning ixtiyoriga havola qilinadi.

AQShda avvalgi sud qarorlarini bekor qilish juda kamdan-kam hollarda yuz beradi. Sud qarorlari pretsedent sifatida qonun bilan deyarli bir xil kuchda bo'ladi.

Shu paytgacha amalda bo'lgan tartibga ko'ra, shtatlar abortni taqiqlovchi qonun qabul qilishi mumkin emas edi. Yangi qaror ortidan respublikachilar hukmronlik qiluvchi kamida 26 shtatda abortni taqiqlovchi qonunlar kuchga kirishi kutilyapti.

@bmamadiev
Каримов вафотидан кейин 2017 ва 2018 йилларда жамиятда қандайдир бошқача кўтаринки кайфият пайдо бўлганди. Нимадир яхшиланишига умид, эйфория ва эркинлик ҳисси. Бу эйфориянинг шу қадар бўлгани сабаби ҳокимиятда 25 йил ўтирган одам кетгани, турғун жамиятга ўзгаришлар эпкини келиши эҳтимоли ортганидандир.

Агар президентлар ҳеч қурса ҳар 8-10 йилда ўзгариб турса, ана шунақа кайфият маълум даражада қайта пайдо бўлаверди. Одамлардаги умид ҳар 8 йилда бир тирилиб туради.

Конституцияга киритилажак ҳеч бир ўзгариш президентнинг ҳар 8 йилда ўзгаришини таъминлайдиган тизимчалик самарали бўлмайди. Конституцияга киритилган барча ижобий ўзгаришларни тарозининг бир палласига қўйиб, иккинчи палласига президентларнинг муддати тугаганида кетишини таъминлайдиган тизимни қўйсак, иккинчиси босиб кетади.

Президентларнинг муайян белгиланган муддатда алмашиб туриши, биринчидан, элитар коррупцион схемаларни ҳар саккиз йилда бир кучли силкитиб ташлайди, унинг айрим қисмлари узилиб кетади, заифлашади. Схема ичидагиларнинг бир-бирларига ишончи пастроқ бўлади.

Иккинчидан, муддат қисқа бўлгани ва биринчи раҳбар тез-тез алмашиб тургани боис айрим оилаларнинг кучайиб, бутун мамлакатнинг иқтисодий қувватини сўриб ётишига етадиган даражада палак ёзиши қийин бўлиб қолади.

Учинчидан, халқ президентларнинг келиб кетаверишига ўргангач, улар ҳам оддий одамлиги, эртага лавозимдан кетишини билади ва лаганбардорлик камаяди.

Тўртинчидан, президентлар оилалари ҳаддидан ошишда эҳтиёткор бўлиб қолади, чунки оталарининг ҳокимияти муддати чекланганини билишади.

Бешинчидан, қуйи ҳокимиятдагилар президентга орқа қилиб, халқни эзишни камайтиради, чунки валенеъматининг лавозимдаги умри озлигини билади. Натижада, пастдагиларнинг юқорига ёқишга қизиқиши камаяди. Жорий раҳбарга ёқаман деб, эртага янгиси келганда қамалиб кетишни ким ҳам истарди?

Коррупцияга бериладиган энг катта зарба биринчи раҳбарларнинг ўз вақтида алмашиб туришидир. Агарки шу тизимни йўлга қўя олмасак, коррупцияга қарши курашиш ҳақидаги баландпарвоз тадбирларимиз шоудан бошқа нарса бўлмай қолади.

Тўғри, ҳокимиятга доим ҳам яхши одам келавермаслиги мумкин, ҳатто эҳтимоли юқори. Аммо яхши одамнинг чорак аср ҳокимиятда бўлганидан кўра ёмон одамларнинг ҳар саккиз йилда алмашиб туриши зарари камроқ.

Биз ҳаммаси яхши бўлсин деган баҳона билан Конституцияни ислоҳ қиляпмиз, аммо бу ислоҳот асл кўзланган мақсадга (биз, оддий халқ ишонган мақсадга) хизмат қилишдан кўра, ана шу мақсадни йўққа чиқарадиган бошқа бир таг мақсадга хизмат қилишидан қўрқаман.
Мен конституциямиз мукаммал бўлишини истайман, аммо бу мукаммаллик президентлик муддатини ноллаштириш ҳисобига бўлмаслиги керак, акс ҳолда, бундай мукаммалликнинг боридан йўғи яхши.

Хуршид Йўлдошев

@bmamadiev
26-iyundan 27-iyunga o'tar kechasi Rossiya xorijiy valyutadagi obligatsiyalar uchun to'lovlarni amalga oshira olmagani bois defoltga uchradi. Aslida bu to'lovlar 27-mayda amalga oshirilishi kerak edi, ammo qoidaga ko'ra, Rossiyaga qo'shimcha bir oy muhlat berilgan va bu muddat kecha nihoyasiga yetdi.

Mamlakat so'nggi 100 yilda ilk bor shunday defoltga uchragani aytilmoqda. Rosiyaning xorijliklar oldidagi qarzini to'lay olmasligi so'nggi bor 1918-yilda yuz bergan. O'shanda mamlakatda Oktabr inqilobi yuz berib, chor hukumati qulagan, hokimiyat bolsheviklar qo'liga o'tgan edi. Lenin hukumati sobiq rejimning xorijiy qarzlarini to'lashdan bosh tortgan.

Kremlning aytishicha, qarzlarni uzish uchun Moskva ixtiyorida yetarli mablag' bor, faqat AQSh qo'ygan sanksiyalar tufayli ular dollarda qarzlarni uza olmagan. Shu bois Rossiya defolt yuz berganini tan olmayapti.

@bmamadiev
Kongressda 6-yanvar g'alayoni bo'yicha davom etayotgan tinglovda bugun ma'lum bo'lgan yangi bir epizod:

6-yanvar kuni Tramp Oq uy oldida tarafdorlari oldida nutq so'zlagach, ularni Kongressga qarab yurishga chaqiradi va o'zi ham Kapitoliy binosiga borishga qaror qiladi. U limuziniga o'tirib, haydovchiga Kongressga qarab hayda, deydi. Shunda Prezident xavfsizlik xizmati rahbari, "Kapitoliyga bormaymiz. Odamlar orasida qurollanganlar bor, xavfli. G'arbiy qanotga (Oq uydagi prezident idorasi) qaytamiz", deydi.

Tramp g'azablanib, unga itoat qilmayotgan haydovchini so'kadi va qo'lini oldinga cho'zib, mashina rulini burishga urinadi.

"Qo'lingizni ruldan oling, janob prezident. Biz Oq uyga qaytamiz", - deya takrorlaydi Xavfsizlik xizmati rahbari.

Tramp unga ham tashlanib, itarishga urinadi.

Baribir, xavfsizlik xizmati prezidentning talabiga bo'ysunmaydi va uni Kongress binosi oldiga olib borishmaydi.

Boshqa bir paytda Tramp adliya vaziri saylovda firibgarliklar bo'lmagani haqida bayonot berganini eshitib, g'azabdan ovqatini devorga otgan ekan. Devorda ketchup izlari qoldi, deya xotirlaydi bu voqea guvohi. Uning qo'shimcha qilishicha, bunday holatlar Tramp bilan ko'p bo'lgan.

Xullar, erkin dunyoning eng qudratli rahbari deb hisoblanadigan AQSh prezidentining kuchi aslida bitta haydovchisiga ham yetmaydi. 😃

@bmamadiev
O'zbekistonda joylashgan kompaniya AQSh sanksiyasiga uchradi

AQSh Tijorat vazirligi 28-iyun kuni Rossiya harbiy sanoati bilan hamkorlik qilgan 36 xorijiy kompaniyani sanksiyalar ro'yxatiga kiritdi. Ular orasida O'zbekistonda joylashgan kompaniya ham bor.

O'zbekistondagi kompaniyaning nomi "Promcomplektlogistic" bo'lib, u Toshkent shahrida ro'yxatdan o'tgan va texnologik vositalar savdosi bilan shug'ullanadi.

AQSh Davlat departamentining tasdiqlashicha, "Promcomplektlogistic" shu yilning 3-martida sanksiya qo'yilgan va Rossiya mudofaa sanoati ta'minotchilaridan biri bo'lgan "Radioavtomatika" kompaniyasi bilan ishlaydi.

Departamentning xulosa qilishicha, "Promcomplektlogistic" mart oyidan beri "Radioavtomatika"ga sanksiyalarni chetlab o'tishda yordamlashib kelmoqda. Firma Rossiyaga elektron qismlar, xususan, mikrosxemalar yetkazib bergan.

Ochiq manbalarga ko'ra, "Promcomplektlogistic"ni Oleg Grabilin ismli shaxs boshqaradi.

Qora ro'yxatga tushgan kompaniyaning Amerika bilan oldi-berdisi cheklanadi hamda u bilan boshqa kompaniyalarning hamkorlik qilishi taqiqlanadi.

@bmamadiev
Nyu-Yorkda 43 yashar o’zbekistonlik qidirilmoqda

Nyu-York shahrining Bruklin tumanida istiqomat qilgan 43 yashar o’zbekistonlik Shehroz Tohirov 26-iyun kuni uyidan chiqib ketib, qaytmagan.

Xavotirga tushgan oila a’zolari politsiyasiga murojaat qilgan. Tohirov oxirgi marta ko'ringanida qizil futbolka va ko’k jinsi shimda bo'lgan. Yaqinlarining aytishicha, uning ruhiy holatida muammolar yo'q.

Ammo Tohirov qand kasali bilan kurashgani bois muntazam tabletka va ukol olib kelgan.

Dastlabki qidiruv-surishtiruv natijalariga ko'ra, Tohirovga tegishli mobil telefon sim-kartasi Bruklindagi “Best Buy” savdo majmuasi yonidan topilgan. Uning avtomobili esa Long-Aylend tumanida birovning nomiga ishonchnoma orqali rasmiylashtirilgani aniqlangan.

Ayni paytda o’nlab ko’ngilli o'zbekistonliklar guruhlarga bo’linib, Bruklin va Long-Aylend tumanlarida qidiruv ishlarini olib bormoqda.

@bmamadiev
AQShda nasha biznesi

AQShning 20 ta shtatida nasha ekish, sotish va iste'mol qilishga ruxsat berilgan. Tibbiy marixuanaga ruxsat berilgan shtatlar soni esa 38 ta. Albatta, nasha biznesi bilan shug'ullanish uchun maxsus litsenziya kerak va aynan qanday turdagi o'simlikni ekish bo'yicha ham cheklovlar bor.

Lekin federal qonun darajasida marixuana hanuz noqonuniy modda hisoblanadi. Ya'ni, federal hukumat uchun ishlovchi amerikaliklar, qaysi shtatda yashashidan qat'i nazar, nasha iste'mol qilishi mumkin emas.

Nyu-Jersi shtatida nasha biznesi uchun litsenziya berishda marixuana bilan bog'liq jinoyatlar bilan ayblangan sobiq mahkumlarga ustunlik beriladi. Ya'ni, litsenziya birinchi navbatda ularga berilyapti.

Nyu-York shtatida 200 million dollarlik ijtimoiy tenglik jamg’armasi ochilgan. Mablag’ning bir qismi sobiq mahkumlarga nasha biznesini boshlashda yordamlashish uchun ishlatiladi.

P.S.: Chekishni qoralayman va tavsiya qilmayman.

@bmamadiev
Shu hafta o'tgan ikki xalqaro anjuman: G'arb dunyosining "Katta Yettilik" yig'ini va Putin yetakchiligidagi Kaspiy davlatlari anjumani

Suratlarga izoh bering. 🙂

@bmamadiev
2022-yilning dastlabki olti oyi AQSh moliya bozori uchun og'ir keldi. Yo'qotishlar yilning ilk yarmi uchun so'nggi yarim asr ichida eng kattasi ekani aytilmoqda. "Nasdaq" 30 foiz, "S&P500" birjasi esa 20 foiz qiymatini boy berdi.

Bu muddat boylar uchun ham jiddiy yo'qotishlar davri bo'ldi. O'tgan olti oy ichida dunyoning eng boy odami Ilon Mask qariyb 62 milliard dollarga qashshoqlashgan. Jef Bezos 63 milliard, Mark Zukerberg esa bor-budining yarmidan ko'pini boy bergan. Dunyoning eng boy 500 odami olti oy ichida jami 1,4 trillion dollar yo'qotgan.

Inflyatsiya, iqtisodiy turg'unlik boshlanayotgani haqidagi xavotirlar hamda pandemiya va Ukraina urushi bilan bog'liq ta'minotdagi uzilishlar fond bozorining tarixiy darajada pastga sho'ng'ishiga sabab bo'ldi. Bu nafaqat AQShda, balki dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida kuzatilmoqda.

Yilning qolgan olti oyi haqida ham prognozlar u qadar umidli emas. Ammo shu davrgacha mavjud statistikaga ishonadigan bo'lsak, turg'unlik, bozordagi cho'kishlar vaqtincha va baribir fond bozoridagi narxlar o'sish bo'yicha yana yangi rekordlarni qayd etadi. Agar risklarga tayyor bo'lsangiz va uzoq muddatni ko'zlab investitsiya qilsangiz, hozir aksiyalarni sotib olishning ayni payti.

@bmamadiev