Vashington kundaligi
4.09K subscribers
560 photos
198 videos
4 files
813 links
Amerikada yashovchi jurnalist, yozuvchi va dasturchi Behzod Mamadievning kundaligi
Download Telegram
AQSh Oliy sudi ayollarning abort qilish huquqini himoya qiluvchi 1973-yilgi Oliy sud qarorini bekor qildi. Oliy sudning yangi qaroriga ko'ra, ayollarning abort huquqi konstitutsiyada tilga olinmagan va shu bois bu masalani hal qilish shtatlarning ixtiyoriga havola qilinadi.

AQShda avvalgi sud qarorlarini bekor qilish juda kamdan-kam hollarda yuz beradi. Sud qarorlari pretsedent sifatida qonun bilan deyarli bir xil kuchda bo'ladi.

Shu paytgacha amalda bo'lgan tartibga ko'ra, shtatlar abortni taqiqlovchi qonun qabul qilishi mumkin emas edi. Yangi qaror ortidan respublikachilar hukmronlik qiluvchi kamida 26 shtatda abortni taqiqlovchi qonunlar kuchga kirishi kutilyapti.

@bmamadiev
Каримов вафотидан кейин 2017 ва 2018 йилларда жамиятда қандайдир бошқача кўтаринки кайфият пайдо бўлганди. Нимадир яхшиланишига умид, эйфория ва эркинлик ҳисси. Бу эйфориянинг шу қадар бўлгани сабаби ҳокимиятда 25 йил ўтирган одам кетгани, турғун жамиятга ўзгаришлар эпкини келиши эҳтимоли ортганидандир.

Агар президентлар ҳеч қурса ҳар 8-10 йилда ўзгариб турса, ана шунақа кайфият маълум даражада қайта пайдо бўлаверди. Одамлардаги умид ҳар 8 йилда бир тирилиб туради.

Конституцияга киритилажак ҳеч бир ўзгариш президентнинг ҳар 8 йилда ўзгаришини таъминлайдиган тизимчалик самарали бўлмайди. Конституцияга киритилган барча ижобий ўзгаришларни тарозининг бир палласига қўйиб, иккинчи палласига президентларнинг муддати тугаганида кетишини таъминлайдиган тизимни қўйсак, иккинчиси босиб кетади.

Президентларнинг муайян белгиланган муддатда алмашиб туриши, биринчидан, элитар коррупцион схемаларни ҳар саккиз йилда бир кучли силкитиб ташлайди, унинг айрим қисмлари узилиб кетади, заифлашади. Схема ичидагиларнинг бир-бирларига ишончи пастроқ бўлади.

Иккинчидан, муддат қисқа бўлгани ва биринчи раҳбар тез-тез алмашиб тургани боис айрим оилаларнинг кучайиб, бутун мамлакатнинг иқтисодий қувватини сўриб ётишига етадиган даражада палак ёзиши қийин бўлиб қолади.

Учинчидан, халқ президентларнинг келиб кетаверишига ўргангач, улар ҳам оддий одамлиги, эртага лавозимдан кетишини билади ва лаганбардорлик камаяди.

Тўртинчидан, президентлар оилалари ҳаддидан ошишда эҳтиёткор бўлиб қолади, чунки оталарининг ҳокимияти муддати чекланганини билишади.

Бешинчидан, қуйи ҳокимиятдагилар президентга орқа қилиб, халқни эзишни камайтиради, чунки валенеъматининг лавозимдаги умри озлигини билади. Натижада, пастдагиларнинг юқорига ёқишга қизиқиши камаяди. Жорий раҳбарга ёқаман деб, эртага янгиси келганда қамалиб кетишни ким ҳам истарди?

Коррупцияга бериладиган энг катта зарба биринчи раҳбарларнинг ўз вақтида алмашиб туришидир. Агарки шу тизимни йўлга қўя олмасак, коррупцияга қарши курашиш ҳақидаги баландпарвоз тадбирларимиз шоудан бошқа нарса бўлмай қолади.

Тўғри, ҳокимиятга доим ҳам яхши одам келавермаслиги мумкин, ҳатто эҳтимоли юқори. Аммо яхши одамнинг чорак аср ҳокимиятда бўлганидан кўра ёмон одамларнинг ҳар саккиз йилда алмашиб туриши зарари камроқ.

Биз ҳаммаси яхши бўлсин деган баҳона билан Конституцияни ислоҳ қиляпмиз, аммо бу ислоҳот асл кўзланган мақсадга (биз, оддий халқ ишонган мақсадга) хизмат қилишдан кўра, ана шу мақсадни йўққа чиқарадиган бошқа бир таг мақсадга хизмат қилишидан қўрқаман.
Мен конституциямиз мукаммал бўлишини истайман, аммо бу мукаммаллик президентлик муддатини ноллаштириш ҳисобига бўлмаслиги керак, акс ҳолда, бундай мукаммалликнинг боридан йўғи яхши.

Хуршид Йўлдошев

@bmamadiev
26-iyundan 27-iyunga o'tar kechasi Rossiya xorijiy valyutadagi obligatsiyalar uchun to'lovlarni amalga oshira olmagani bois defoltga uchradi. Aslida bu to'lovlar 27-mayda amalga oshirilishi kerak edi, ammo qoidaga ko'ra, Rossiyaga qo'shimcha bir oy muhlat berilgan va bu muddat kecha nihoyasiga yetdi.

Mamlakat so'nggi 100 yilda ilk bor shunday defoltga uchragani aytilmoqda. Rosiyaning xorijliklar oldidagi qarzini to'lay olmasligi so'nggi bor 1918-yilda yuz bergan. O'shanda mamlakatda Oktabr inqilobi yuz berib, chor hukumati qulagan, hokimiyat bolsheviklar qo'liga o'tgan edi. Lenin hukumati sobiq rejimning xorijiy qarzlarini to'lashdan bosh tortgan.

Kremlning aytishicha, qarzlarni uzish uchun Moskva ixtiyorida yetarli mablag' bor, faqat AQSh qo'ygan sanksiyalar tufayli ular dollarda qarzlarni uza olmagan. Shu bois Rossiya defolt yuz berganini tan olmayapti.

@bmamadiev
Kongressda 6-yanvar g'alayoni bo'yicha davom etayotgan tinglovda bugun ma'lum bo'lgan yangi bir epizod:

6-yanvar kuni Tramp Oq uy oldida tarafdorlari oldida nutq so'zlagach, ularni Kongressga qarab yurishga chaqiradi va o'zi ham Kapitoliy binosiga borishga qaror qiladi. U limuziniga o'tirib, haydovchiga Kongressga qarab hayda, deydi. Shunda Prezident xavfsizlik xizmati rahbari, "Kapitoliyga bormaymiz. Odamlar orasida qurollanganlar bor, xavfli. G'arbiy qanotga (Oq uydagi prezident idorasi) qaytamiz", deydi.

Tramp g'azablanib, unga itoat qilmayotgan haydovchini so'kadi va qo'lini oldinga cho'zib, mashina rulini burishga urinadi.

"Qo'lingizni ruldan oling, janob prezident. Biz Oq uyga qaytamiz", - deya takrorlaydi Xavfsizlik xizmati rahbari.

Tramp unga ham tashlanib, itarishga urinadi.

Baribir, xavfsizlik xizmati prezidentning talabiga bo'ysunmaydi va uni Kongress binosi oldiga olib borishmaydi.

Boshqa bir paytda Tramp adliya vaziri saylovda firibgarliklar bo'lmagani haqida bayonot berganini eshitib, g'azabdan ovqatini devorga otgan ekan. Devorda ketchup izlari qoldi, deya xotirlaydi bu voqea guvohi. Uning qo'shimcha qilishicha, bunday holatlar Tramp bilan ko'p bo'lgan.

Xullar, erkin dunyoning eng qudratli rahbari deb hisoblanadigan AQSh prezidentining kuchi aslida bitta haydovchisiga ham yetmaydi. 😃

@bmamadiev
O'zbekistonda joylashgan kompaniya AQSh sanksiyasiga uchradi

AQSh Tijorat vazirligi 28-iyun kuni Rossiya harbiy sanoati bilan hamkorlik qilgan 36 xorijiy kompaniyani sanksiyalar ro'yxatiga kiritdi. Ular orasida O'zbekistonda joylashgan kompaniya ham bor.

O'zbekistondagi kompaniyaning nomi "Promcomplektlogistic" bo'lib, u Toshkent shahrida ro'yxatdan o'tgan va texnologik vositalar savdosi bilan shug'ullanadi.

AQSh Davlat departamentining tasdiqlashicha, "Promcomplektlogistic" shu yilning 3-martida sanksiya qo'yilgan va Rossiya mudofaa sanoati ta'minotchilaridan biri bo'lgan "Radioavtomatika" kompaniyasi bilan ishlaydi.

Departamentning xulosa qilishicha, "Promcomplektlogistic" mart oyidan beri "Radioavtomatika"ga sanksiyalarni chetlab o'tishda yordamlashib kelmoqda. Firma Rossiyaga elektron qismlar, xususan, mikrosxemalar yetkazib bergan.

Ochiq manbalarga ko'ra, "Promcomplektlogistic"ni Oleg Grabilin ismli shaxs boshqaradi.

Qora ro'yxatga tushgan kompaniyaning Amerika bilan oldi-berdisi cheklanadi hamda u bilan boshqa kompaniyalarning hamkorlik qilishi taqiqlanadi.

@bmamadiev
Nyu-Yorkda 43 yashar o’zbekistonlik qidirilmoqda

Nyu-York shahrining Bruklin tumanida istiqomat qilgan 43 yashar o’zbekistonlik Shehroz Tohirov 26-iyun kuni uyidan chiqib ketib, qaytmagan.

Xavotirga tushgan oila a’zolari politsiyasiga murojaat qilgan. Tohirov oxirgi marta ko'ringanida qizil futbolka va ko’k jinsi shimda bo'lgan. Yaqinlarining aytishicha, uning ruhiy holatida muammolar yo'q.

Ammo Tohirov qand kasali bilan kurashgani bois muntazam tabletka va ukol olib kelgan.

Dastlabki qidiruv-surishtiruv natijalariga ko'ra, Tohirovga tegishli mobil telefon sim-kartasi Bruklindagi “Best Buy” savdo majmuasi yonidan topilgan. Uning avtomobili esa Long-Aylend tumanida birovning nomiga ishonchnoma orqali rasmiylashtirilgani aniqlangan.

Ayni paytda o’nlab ko’ngilli o'zbekistonliklar guruhlarga bo’linib, Bruklin va Long-Aylend tumanlarida qidiruv ishlarini olib bormoqda.

@bmamadiev
AQShda nasha biznesi

AQShning 20 ta shtatida nasha ekish, sotish va iste'mol qilishga ruxsat berilgan. Tibbiy marixuanaga ruxsat berilgan shtatlar soni esa 38 ta. Albatta, nasha biznesi bilan shug'ullanish uchun maxsus litsenziya kerak va aynan qanday turdagi o'simlikni ekish bo'yicha ham cheklovlar bor.

Lekin federal qonun darajasida marixuana hanuz noqonuniy modda hisoblanadi. Ya'ni, federal hukumat uchun ishlovchi amerikaliklar, qaysi shtatda yashashidan qat'i nazar, nasha iste'mol qilishi mumkin emas.

Nyu-Jersi shtatida nasha biznesi uchun litsenziya berishda marixuana bilan bog'liq jinoyatlar bilan ayblangan sobiq mahkumlarga ustunlik beriladi. Ya'ni, litsenziya birinchi navbatda ularga berilyapti.

Nyu-York shtatida 200 million dollarlik ijtimoiy tenglik jamg’armasi ochilgan. Mablag’ning bir qismi sobiq mahkumlarga nasha biznesini boshlashda yordamlashish uchun ishlatiladi.

P.S.: Chekishni qoralayman va tavsiya qilmayman.

@bmamadiev
Shu hafta o'tgan ikki xalqaro anjuman: G'arb dunyosining "Katta Yettilik" yig'ini va Putin yetakchiligidagi Kaspiy davlatlari anjumani

Suratlarga izoh bering. 🙂

@bmamadiev
2022-yilning dastlabki olti oyi AQSh moliya bozori uchun og'ir keldi. Yo'qotishlar yilning ilk yarmi uchun so'nggi yarim asr ichida eng kattasi ekani aytilmoqda. "Nasdaq" 30 foiz, "S&P500" birjasi esa 20 foiz qiymatini boy berdi.

Bu muddat boylar uchun ham jiddiy yo'qotishlar davri bo'ldi. O'tgan olti oy ichida dunyoning eng boy odami Ilon Mask qariyb 62 milliard dollarga qashshoqlashgan. Jef Bezos 63 milliard, Mark Zukerberg esa bor-budining yarmidan ko'pini boy bergan. Dunyoning eng boy 500 odami olti oy ichida jami 1,4 trillion dollar yo'qotgan.

Inflyatsiya, iqtisodiy turg'unlik boshlanayotgani haqidagi xavotirlar hamda pandemiya va Ukraina urushi bilan bog'liq ta'minotdagi uzilishlar fond bozorining tarixiy darajada pastga sho'ng'ishiga sabab bo'ldi. Bu nafaqat AQShda, balki dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida kuzatilmoqda.

Yilning qolgan olti oyi haqida ham prognozlar u qadar umidli emas. Ammo shu davrgacha mavjud statistikaga ishonadigan bo'lsak, turg'unlik, bozordagi cho'kishlar vaqtincha va baribir fond bozoridagi narxlar o'sish bo'yicha yana yangi rekordlarni qayd etadi. Agar risklarga tayyor bo'lsangiz va uzoq muddatni ko'zlab investitsiya qilsangiz, hozir aksiyalarni sotib olishning ayni payti.

@bmamadiev
Qoraqalpog’iston: fakt, fikr va kelajak haqidagi taxminlar

Qoraqalpog’istonda yuz bergan voqealar ko’pchilik qatori meni ham tashvishga soldi. Quyida ba’zi ma’lumotlar va fikrlarimni bildirmoqchiman.

Fakt

Rasman Qoraqalpog’iston respublikasi deb ataladigan bu hudud O’zbekiston tarkibidagi suveren respublika hisoblanadi. Respublikaning jami maydoni butun O’zbekiston hududining qariyb 40 foiziga teng (166 600 kv. km.), lekin aholi soni O’zbekiston aholisining bor-yo’g’i 5-6 foizini tashkil qiladi (2 millionga yaqin).

Fikr

Avvalo, Qoraqalpog’istonning O’zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan maqomini o’zgartirish haqidagi takliflar mutlaqo keraksiz edi. Tashabbuskorlar O’zbekiston uchun yo’q joydan muammo paydo qildi.

Bu takliflar amalga oshirilmaydigan bo’ldi; ammo arining uyasiga tiqilgan cho’p quyidagi ikkita katta muammoni paydo qildi.

Birinchidan, Qoraqalpog’iston va O’zbekiston aholisi hududning mustaqil bo’lishi mumkinligini tushunib yetdi va ichkaridagi hamda tashqaridagi ba’zi manfaatdor toifalar endi bu masalani kelajakda tez-tez eslatib turadi.

Ikkinchidan, yuz bergan voqealar qardosh o’zbek va qoraqalpoq xalqlari orasiga jiddiy raxna soldi. Tartibsizliklar bostirilgan taqdirda ham, hayot avvalgi holatga to’liq qaytsa ham, darz ketgan ishonchni tiklash oson bo’lmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham o’zbeklar, ham qoraqalpoqlar tomonidan millatchilikka asoslangan fikrlar yangrayotganini ko’ryapmiz. Go’yoki Qoraqalpog’istondagi namoyishchilar huquqini himoya qilayotgan ba’zi onlayn guruhlar va kanallar O’zbekiston hukumatini emas, ochiqdan ochiq o’zbek millatini haqorat qilishga o’tib ketdi.

Albatta, bu gaplar qoraqalpoq xalqi aksariyatning fikrini ifodalamaydi. Ammo yuz bergan zo’ravonliklar haqidagi ma’lumotlarning urchishi o’zbeklarda ham, qoraqalpoqlarda ham bir-biriga nisbatan nafratni kuchaytiradi. Bundan manfaatdor tomonlar bor va ularning maqsadi ham aslida shu. Ya’ni, ikki qardosh xalq bir-biridan nafratlanishni boshlagan taqdirdagina qoraqalpoqlar mustaqillik uchun haqiqiy kurashni boshlashi mumkin. Voqealarning eng katta zarari mana shunda.

Qoraqalpog’iston kelajakda mustaqil bo’lishi muminmi?

Menimcha, yo’q. Agar hukumat qoraqalpoqlarga qarshi diskriminatsion siyosat yuritmasa, hududni ajratmasdan, uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha to’g’ri siyosat olib borsa, Qoraqalpog’iston eli O’zbekistondan ajralib chiqishni istamaydi. Nima uchun?

Avvalo,
Qoraqalpog’iston demografik va geografik jihatdan mustaqil davlat sifatida rivojlana oladigan hudud emas.

Ikki millionga yaqin aholining bor-yo’g’i 400 mingini qoraqalpoqlar tashkil qiladi. Yana kamida shuncha o’zbek bor. Qolganlar qozoqlar va boshqa millat vakillaridan iborat.

Hudud iqtisodiy jihatdan Toshkentga qaram. Agar Qozog’iston yordam bermasa, O’zbekistonsiz ular rivojlana olmaydi. Demak, Qoraqalpog’iston masalasida Qozog’iston bilan umumiy va nizolardan xoli pozitsiyaga ega bo’lish muhim.

Hudud ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan yaxshi rivojlansa, kelajakda bu yerdagi o’zbeklar nisbati qoraqalpoqlardan oshib ketishi aniq. Shunda haqiqiy demokratik referendum o’tkazilgan taqdirda ham, aholining aksariyati O’zbekiston tarkibida qolish uchun ovoz beradi. Demak, hukumat o’z siyosatini hududni iqtisodiy va demografik jihatdan qo’llab-quvvatlashga qaratishi zarur.

Endi nima qilish kerak?

Bo’lar ish bo’ldi. Zarar yetkazildi. Endi bu zararning oqibatlarini minimallashtirish ustida ishlash kerak. Hukumat xatosini tan olishi va o’zbek-qoraqalpoq qardosh xalqari orasidagi ishonchni qayta mustahkamlashga harakat qilishi lozim. Har ikki tomondagi millatchilar birdek jazolanishi va ularning ovozi o'chirilishi kerak. Qoraqalpoqlar o’zini aynan qoraqalpoq bo’lgani uchun jazolanayotgandek his qilmasin.

Dunyoda mustaqillik uchun kurashayotgan hududlar ko’p. Aksariyati markaziy hukumat olib borgan diskriminatsion siyosat natijasida yuz bergan. Kuch bilan hududni nazorat ostida ushlab turish mumkin, lekin bunday boshqaruv qachondir baribir barbod bo’ladi.

@bmamadiev
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Bugun Amerikaning 246-mustaqillik kuni nishonlandi.

Vashington yodgorligi oldiga chiqib, mushakbozlikni tomosha qildik.

@bmamadiev
"SpaceX" raketasi uchun dvigatel yasagan o'zbekistonlik

Tanishing: "SpaceX" va "Blue Origin" kosmik kompaniyalarining samoga parvoz qilayotgan raketalari uchun birinchi dvigatelni qurishda ishtirok etgan o'zbekistonlik Maqsud Ismoilov.

U AQShga kelganida dastlab avtomobil ustaxonasida balon almashtiruvchi bo'lib ishlagan. Keyin AQShning eng nufuzli oliy o'quv yurtlaridan birida raketa dvigatellari bo'yicha doktorlik ishini yoqladi. Uzoq yillar "SpaceX", "Blue Origin" kabi AQShning eng yirik xususiy fazo kompaniyalarida ishladi.

Bugun u "Rocket Propulsion Systems" deb nomlangan o'z kompaniyasiga ega. NASA bilan hamkorlikda yangi turdagi raketa dvigatellarini yaratish ustida ishlamoqda.

Orzuim Sietldan Toshkentgacha yetib borish uchun ketadigan 24 soatlik sayohat vaqtini 45 daqiqaga tushirish, deydi u. Uning kompaniyasi shu imkoniyatni taqdim etuvchi yangi avlod dvigatellarni oddiy samolyotlarga o'rnatish ustida ishlamoqda.

To'liq lavhani quyida tomosha qiling.

@bmamadiev
Rossiya Qora dengizdagi portdan Qozog'iston neftining xorijga eksport qilinishini taqiqlabdi. Bu ishni amalga oshiruvchi kompaniya portdagi xavfsizlik qoidalariga rioya qilmagani bahona qilib ko'rsatilgan.

Qozog'iston xorijga sotadigan neftining 80 foizini quvur orqali shu portdan jo'natadi va bu miqdor bir kunda 1-1,5 million barrelni tashkil qiladi.

So'nggi paytlarda Kremlga xush yoqmaydigan bayonotlarni berib kelayotgan Qozog'iston Rossiyadan shu tariqa javob oldi. Bu faqat boshlanishi, ya'ni ogohlantiruvchi signal bo'lsa, ajab emas.

Ayni paytda bu ish G'arbning neft ta'minotidagi beqarorlikni yanada oshiradi.

Bu siyosiy qaror ekani aniq va bu chora orqali Putin bir o'q bilan ikkita quyonni urmoqchi:

1) Shundoq ham neft narxi qimmat va beqaror bo'lgan bir paytda xalqaro bozordagi qora oltin hajmini yanada kamaytirib, G'arbni jazolash;

2) Qozog'istonni jazolash.

@bmamadiev
Yaponiya sobiq bosh vaziri Shinzo Abening otib o'ldirilishi katta shov-shuvlarga sabab bo'ldi. Nafaqat sobiq hukumat rahbarining o'ldirilishi, umuman, qurol zo'ravonligi Yaponiyadek jamiyatda deyarli umuman uchramaydigan holat.

Bu voqea fonida AQShda yana qurol zo'ravonligi masalasi muhokama markaziga chiqyapti.

AQShdagi kabi Yaponiyada ham oddiy fuqarolarga qurol sotib olish va saqlashga ruxsat berilgan, ammo cheklovlar ancha keskin. Balki shu boisdir, qurol sotib oladigan fuqarolar soni Yaponiyada AQShga qaraganda ancha kam.

Solishtirish uchun: AQShda aholi orasidagi qurollar soni har 100 ta odamga 120 ta to'g'ri keladi. Bu degani, ba'zi odamlar bir emas, bir nechta qurolga egalik qiladi. Yaponiyada esa bu ko'rsatkich bor-yo'g'i 0,25. Boshqacha aytganda, Yaponiyada har 400 ta odamga bitta qurol to'g'ri keladi.

Qurol zo'ravonligi bo'yicha raqamlar bundan ham dahshatli. 2021-yil AQShda kamida 45 ming odam (!) qurol zo'ravonligi qurboni bo'lgan. Shu yili Yaponiyada faqat bitta odam qurol qo'llanishi oqibatida o'lgan.

@bmamadiev
Bolaligimda men eng ko'p yaxshi ko'rgan ikkita bayram bo'lardi: yangi yil va hayit kunlari.

Yangi yil, asosan, kechqurun bo'ladigan ziyofati bilan biz bolalar uchun sevimli edi. Hayitning gashti esa baribir boshqacha bo'lgan...

Har ikki hayitda, erta tongda onam sandiqdan yangi kiyim olib, biz uchta aka-ukani kiyintirar edi. Har hayitda, albatta, nimadir yangi kiyim kiyar edik.

Bir kun avval, arafa kuni kechqurun bundan ham yoqimliroq edi. Dadam uchalamizga hayitlik uchun pul berardi. Ertasiga yangi kiyim va hamyonda 10-15 so'm pul bilan saylga borardik: katta bozor, shirinliklar, o'yin-kulgi. Dadamdan olgan pulni shu yerga borib ishlatar edik.

Sayldan chiqib birin-ketin qarindoshlarni ziyorat qilishga o'tardik. Tog'a va amakilarimizdan yana hayitlik puli olardik.

Hozir ham bu odatlar bormi-yo'qmi, bilmayman. Lekin o'sha kunlarni sog'inaman...

Qurbon hayitingiz muborak bo'lsin, azizlar!

@bmamadiev
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Shri-Lankada hokimiyat ag’darildi. Olomon prezident saroyini egallab oldi. Bosh vazir qarorgohiga o’t qo’yilgan.

Mamlakat tashqi qarzi ko’payib, belgilangan to’lovlarni o’z vaqtida to’lay olmagani bois defoltga uchragan edi.

Mamlakatda inflyatsiya kuchaygan, oziq-ovqat, energiya tanqisligi odatiy holga aylangan. Natijada aholi g’alayon boshlagan.

Prezident mamlakatdan qochib ketgani aytilmoqda.

@bmamadiev
Shri-Lanka bu holatga qanday tushib qoldi?

Shri-Lankada to'polonlar ortidan bosh vazir Ranil Vikramasingxe va prezident Gotabaya Rajapaksa shanba kuni iste'foga chiqishga rozi bo'ldi. Mamlakat bu kunlarga qanday kelib qoldi?

Bu savolga ikkita so'z bilan javob berish mumkin: korrupsiya va layoqatsiz boshqaruv.

Rajapaksa 2019-yilda prezident etib saylanganidan so‘ng mamlalat tarixidagi eng katta soliq imtiyozlarini e'lon qildi. Natijada mamlakat g'aznasi yiliga kamida 1,4 milliard dollar yo'qotishga uchradi. Tashqi qarzlar miqdori esa oshib bordi.

Xalqaro reyting agentliklari mamlakat reytingini pasaytirgandan so'ng hukumat soliq imtiyozlarini bekor qilishga majbur bo'ldi, ammo chetdan qarz olish allaqachon qimmatroq bo'lib ulgurgan edi.

Noto'g'ri siyosat faqat bu bilan tugamaydi.

O'tgan yili prezident Rajapaksa ximikatlardan xoli organik mahsulotlar yetishtirish da'vosi bilan kutilmaganda kimyoviy o'g'itlar importini taqiqlab qo'ydi. Bu esa qishloq xo'jaligi sektorini deyarli ishdan chiqardi va sholi ekish keskin kamaydi. Keyinroq bu qaror ham bekor qilindi. Ammo endi ancha kech edi. Dehqonchilikni qayta rivojlantirish uchun yana xorijdan qarz olindi.

Global pandemiya muhim daromad manbai bo'lgan turizmni ham to'xtatib, mamlakat yillik 3 milliard dollarlik tushumdan ayrildi.

Mahalliy valyuta 80 foiz qadrini yo'qotdi. Hozir mamlakatda oziq-ovqat, gaz, sut va hatto hojatxona qog'ozini import qilish uchun ham deyarli pul yo'q. BMT ma'lumotiga ko'ra, oziq-ovqat inflyatsiyasi Shri-Lankada 57 foizdan oshgan.

Davlatning qancha qarzi bor?

Shri-Lankaning 51 milliard dollar tashqi qarzi bor va bu qarzlar uchun foizlarni to'lash uchun hukumatda pul yo'q. Mamlakat hozirda Hindistondan olingan 4 milliard dollarlik kredit liniyasi bilan kun ko'ryapti. Yana defoltga uchramaslik uchun bu yil faqat qarz foizlarining o'ziga 7 milliard dollar to'lash kerak. Hukumat Xalqaro Valyuta Jamg'armasidan (XVJ) 3 milliard dollar favqulodda kredit so'ragan. XVJ buning uchun soliq va foiz stavkalari oshirilishini talab qilmoqda. Shri-Lanka, shuningdek, "Katta yettilik" va Xitoy bilan qarzlarni qaytarish shartlarini yumshatish choralarini muhokama qilmoqda.

Iqtisodiy halokat xavfi bilan yuzlashayotgan faqat Shri-Lanka emas

Tashqi qarz yuki ostida defolt xavfi bilan yuzlashayotgan mamlakatlar soni ortib bormoqda. Salvador, Gana, Misr, Tunis, Pokiston kabi bir qator mamlakatlarda shunday xavf yuqori ekani aytilmoqda.

Kelayotgan oylar va yillarda pandemiya, Ukraina urushi bilan bog'liq iqtisodiy muammolar, inflyatsiya, iqtisodiy turg'unlik xavfi ko'plab rivojlanayotgan davlatlar uchun iqtisodiy vaziyatni yanada og'irlashtiradi.

Bunday sharoitda hukumatlar imkon qadar imtiyozlarni, davlat xarajatlarini kamaytirishi kerak. Qarz olishda yetti o'lchab bir kesish va olingan qarz optimal tarzda ko'zlangan maqsadlar uchun ishlatilishi juda muhim. Xalqqa yoqadigan populistik, qisqa muddatli siyosatlardan, imtiyozlardan tiyilib, uzoq muddatda iqtisodiyotni rivojlantiradigan rejalar ustida ishlash kerak. Davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki maksimal darajada qisqartirilishi lozim.

@bmamadiev
AQShda inflyatsiya keskin o'sishda davom etmoqda. O'tgan yilning shu davriga nisbatan iyun oyida Amerikada iste'mol tovarlari narxi 9,1 foizga oshgan. Bu 1981-yil noyabrdan beri kuzatilgan eng katta o'sish.

Oyma-oy hisoblaganda, may oyiga qaraganda iyunda inflyatsiya 1,3 foizga oshgan. Bu 2005-yildan beri yuz bergan eng katta oylik o'sish.

Shu oy oxirida AQSh Markaziy banki inflyatsiyani jilovlash uchun moliyalash stavkasini yana 0,75 miqdor foiz darajasida oshirishi kutilyapti.

@bmamdiev