Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurovning tuman yoshlariga bayram tabrigi
SERGELILIK YOSHLAR, AZIZ UKALARIM VA SINGILLARIM!
Bilaman, ayni damda yuragingiz shijoatga, kuch-g'ayratga to'la, oldingizda ulkan maqsad va marralarni ko'zlagan, ularga erishish uchun tinmay harakat qilayotgan palladasiz.
Ayniqsa, yurtimizdagi imkoniyatlar, imtiyozlar, Sizlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan e'tibor har qachongidan-da ko'proq. Men Sizlarni ko'rib, yutuqlaringizga guvoh bo'lib, bir narsani aniq ayta olaman, yurtimiz kelajagi bundan-da buyuk, dunyo hamjamiyatidagi o'rni bundan-da yuqori bo'ladi.
Hozirgi davrda tumanimizda 45 000 ga yaqin 14-30 yoshdagi yoshlarimiz mavjud bo'lsa, ularning ta'lim olishi, bo'sh paytlarini mazmunli o'tkazishi va hunar o'rganishi, mehnat qilishi uchun barcha imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratilgan. Zero, bizning bugungi harakatlarimiz zaminida Sizlarning jamiyatda munosib o'rin egallab, yurtimiz kelajagi va taraqqiyotiga o'z hissangizni qo'sha olishingiz uchun kerakli imkoniyatlarni yarata olishdir.
Aziz Yoshlar, barchangizni ishontirib ayta olamanki, Sizning bugungi mehnatingiz, bugun erishayotgan har qanday yutug'ingiz oilangiz, yaqinlaringiz, qolaversa xalqimizning yutug'i. Biz Sizlarga ishonamiz, yuragingizdagi shijoat, ilhom va kuch-g'ayrat bundan-da yuksalaversin.
Barchangizga sihat-salomatlik, omad va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!
Sergeli tumani hokimi
Elbek Shukurov
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM